“Xalq so‘zi“ bir necha bor kutargan o‘tkir muammo ijobiy hal bo‘lmoqda. Bo‘zsuv kanali atrofidagi noqonuniy qurilgan obe’ktlar buzilmoqda

13:23 27 Iyul 2018 Jamiyat
500 0
Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Bo‘zsuv kanali suvining tozaligini ta’minlash bilan bog‘liq qator muammolar “Xalq so‘zi” gazetasining joriy yil 19 aprel sonidagi “Suvning uvoli yomon” sarlavhali tahliliy maqolada ko‘tarilgan edi. Tegishli vazirlik, idora va tashkilot mutasaddilari ekologik vaziyatni og‘ir ahvolga olib kelayotgan mazkur omillarni bartaraf etishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganliklari esa gazetamizning 25 aprelda "Toshkent viloyati hokimi gazeta o‘qiydi. Tumanlarning hokimlarichi?" sarlavhali, 17 iyul sonida esa “Eski hammom, eski tos” sarlavhali maqolalarda tanqid qilindi.

Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Bo‘zsuv kanali muammolari tahririyat nazoratiga olinganligi bois so‘nggi kunlarda uning sohillarida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilayotganligi, qirg‘oqdagi noqonuniy obyektlar buzilayotganligi haqidagi xabarlar kelib turibdi.

“Haqiqatan ham kanal muhofaza mintaqasida katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda. Jumladan, kanalning Qibray tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismida sektor rahbarlari boshchiligida to‘rtta ishchi guruhi tuzilgan. Amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida viloyat shtabi faoliyat ko‘rsatmoqda“, - deydi vaziyat bilan joyiga chiqib tanishgan “Xalq so‘zi” gazetasining Toshkent viloyati bo‘yicha Raxmatilla Sheraliyev.

Viloyat shtabining sa’y-harakatlari bilan kanal muhofaza mintaqasidagi 455 ta turli bino va inshootlar xatlovdan o‘tkazildi. Ularning 242 tasi turarjoy, 23 tasi noturarjoy obyekti, 190 tasi dala hovli ekanligi aniqlandi. Bu obyektlar o‘z egalari tomonidan 2 hafta davomida ixtiyoriy ravishda buzib tashlanadi. Ayni vaqtda ularga yordam ham ko‘rsatilmoqda. Jalb qilingan 315 nafar ishchi-xizmatchilar dastlabki uch kunda kanal sohilidagi 35 ta noqonuniy qurilgan obyektni buzib tashladilar. Ularga 26 ta maxsus texnika, jumladan, 4 ta ekskavator, 2 ta avtokran, 2 ta yuklovchi texnika, 16 ta yuk mashinasi yordam bermoqda.

Mutaxassislar kanal sohilini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va uning atrofida maxsus yo‘laklar tashkil etish bo‘yicha innovatsion ruhdagi loyihalar ustida ishlashmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?