Xalq davlatdan, avvalo, nimani istaydi? Ijtimoiy adolatni! Bu — har bir davrga, har bir jamiyatga xos

14:20 19 Avgust 2019 Jamiyat
127 0

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”

Oʻzimiz oʻzimizga xiyonat qilmasak, oʻzimiz oʻzimizni aldamasak, halol-pok boʻlib mehnat qilsak, men aminman, koʻzlagan barcha marralarimizga albatta yetamiz. Bu borada men avvalo koʻp sinovlardan yorugʻ yuz bilan oʻtgan olijanob xalqimizning mustahkam irodasi va bunyodkorlik salohiyatiga ishonaman.

Shavkat MIRZIYOYEV

Xalq davlatdan, avvalo, nimani istaydi? Ijtimoiy adolatni! Bu — har bir davrga, har bir jamiyatga xos. Aks holda, odamlarda loqaydlik, umidsizlik, ishonchsizlik kuchayadi. Byurokratiya, korrupsiya, boshboshdoqlik kabi illatlar urchib, mamlakat taraqqiyotdan ortda qola boshlaydi. Bunga uzoq va yaqin tarixdan misollar koʻp.

Shu bois Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyat boshlashi bilan maqsadni qatʼiy qoʻydi: Oʻzbekistonda xalq hokimiyati nomiga emas, amalda joriy etilishi kerak! Bizga kabinetda shunchaki savlat toʻkib oʻtiradigan gʻoʻddayganlar emas, yuragida oʻti bor fidoyi va jonkuyar rahbarlar zarur!

Ilgari vazir, hokim va katta-kichik mutasaddilar “Sizning qanday muammoingiz bor, bizdan nima yordam zarur?” deya uyma-uy yurib, odamlardan hol soʻraganini hech koʻrganmizmi? Afsuski, yoʻq! Bugun-chi? Mansabdorlar xalq huzuriga boryapti. Aholining dardiga quloq tutmoqda. Yillab oʻz yechimini topmagan qanchadan-qancha muammolar bir telefon qoʻngʻirogʻi yoki ozgina hafsala bilan hal etilayotganini koʻrib, bir xulosaga kelyapmiz: mana, boʻlarkan-ku!

Ammo hali oldinda qilinadigan ishlar koʻp. Taraqqiyot strategiyamizni oʻz vaqtida va ogʻishmay amalga oshirishda esa sizu bizdan talab etiladigani — hamjihatlik, vatanparvarlik, elu yurt taqdiri uchun yonib yashash! Zero, shoir yozganidek, “Men yonmasam, sen yonmasang, biz yonmasak, qanday qilib qorongʻuliklar yorugʻlikka chiqar”.

Bu haqda gap ketar ekan, har qanday ezgu ish — eng yaxshi ibrat ekanligini yodga olgimiz keldi. Chunki bugun oramizda shunday insonlar borki, ular oʻz aql-zakovati, bilim va tajribasi, farzandlik mehri va sadoqatini jonajon Vatanimizning taqdiri va kelajagi, jondan aziz bolalarimizning baxtu kamoli yoʻlida safarbar etmoqda. Buni ana shu yurtdoshlarimizning ibratli hayot yoʻli va samimiyatga yoʻgʻrilgan fikr-mulohazalaridan ham anglash qiyin emas.

“BIZGA SHUNDAY BINOLAR KERAK”

Oʻz jismidan bir necha ming marotaba ogʻir texnikani boshqarish insondan katta salohiyat talab etadi. Ayniqsa, uni yuz metrdan ziyod balandlikdan turib, oʻz izmiga solish uchun jasorat, matonat, fidoyilik va albatta, vatanparvarlik kerak.

Toshkentlik Nargiza Arslanova ayol kishi boʻla turib, ana shunday masʼuliyatli kasbning etagidan tutgan. U poytaxtimizdagi “Tashkent City” ishbilarmonlik markazi qurilishi jarayonida ishtirok etmoqda — kran mashinisti boʻlib! Pastga qarasa, odamning oyogʻi qaltirib, boshi aylanadigan balandlikdan turib Nargiza deyarli har kuni ulkan qurilish ashyolarini oʻzi boshqarayotgan zamonaviy texnika yordamida qurilish maydoniga yetkazib beradi. Mamlakatimiz tarixidagi yirik bunyodkorlik obyektida ish qishning qorli qirovli kunlarida ham, yoz jaziramasida ham uzluksiz davom etayotganini hisobga olsak, bu jasur qizni chinakam qahramon, deyishga hech ikkilanmaymiz. Binobarin, Prezidentimiz Nargiza Arslanovani munosib xizmatlari uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirladi. Qolaversa, u “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni hamda “Oʻzbegim ayoli” Milliy mukofoti sovrindoridir.

Nargiza ARSLANOVA,

kran mashinisti:

— “Tashkent City”ning tashabbuskori — Prezidentimiz! Bu loyiha hayotimni butkul oʻzgartirib yubordi. Kollejni tugatib, ish topolmay qiynalib yurgan paytlarim ham boʻlgan. Oilada yolgʻiz farzandman. Buning ustiga, qiz bola boshim bilan hayotda nimagadir erishish men uchun imkonsizday edi goʻyo. Lekin sabr qildim. Davlatimiz rahbari boshlab bergan keng koʻlamli islohotlar tufayli jamiyatda oʻz yoʻlimni, oʻz oʻrnimni topdim.

Har tong katta ishtiyoq bilan qurilish maydoni tomon oshiqaman. Osmonoʻpar kranga koʻtarilib olgach, atrofga bir qur nazar tashlayman. Shunda yuragim gʻurur-iftixorga toʻlib-toshadi. Bilasizmi, nega? Chunki kun sayin koʻkka boʻy choʻzayotgan binolar xuddi xalqimizning orzu-umidlari roʻyobiga oʻxshaydi. Axir bu — bizning ertamiz-ku!

Baʼzan turli saytlarda va ijtimoiy tarmoqlarda “Tashkent City” loyihasi haqida har xil boʻlmagʻur gaplarni, uydirmalarni yozayotganlar qani endi bu yerga kelib, amalga oshirilayotgan ishlarni oʻz koʻzlari bilan koʻrishsa, deyman. Ishonch bilan ayta olamanki, uyalib qolishadi. Ha-ha, uyalib qolishadi! Mard boʻlsa kelib, hech boʻlmasa, bir gʻisht qoʻysa qaniydi! Axir bu — Oʻzbekistonimizning obroʻ-eʼtiborini yanada oshiradigan noyob loyiha. Ertaga bundan iqtisodiyotimiz yutadi, xalq manfaat koʻradi. Bizga shunday zamonaviy binolar, inshootlar kerak! Ana shularni oʻylaganimda oʻz ishimdan yanayam gʻururlanib ketaman, kuchimga-kuch, gʻayratimga-gʻayrat qoʻshiladi.

“ISHLAGANGA TOSH OTMA!”

Yangiboy Boliqulov — yuz bilan yuzlashgan piru badavlat otaxon. Samarqand viloyatining Payariq tumanidan. Juda shirinsuxan. Shundan boʻlsa kerak, uyidan doimo odam arimaydi. Birda qoʻni-qoʻshni, birda mahalla-koʻy yoʻqlab kelsa, boshqa safar davlat yoki jamoat tashkilotlari vakillari “otaxonning duosini olib ketaylik”, deb sovgʻa-salom bilan tashrif buyurishadi.

Yangiboy boboni yaqindan bilganlar uni juda mulohazakor, deyisharkan. Sababi, u kishi yurtimizda va dunyoda boʻlayotgan yangiliklardan imkoni boricha xabardor boʻlib borarkan.

Yangiboy BOLIQULOV,

Urush va mehnat faxriysi:

— Nabiram tushmagur, planshet degan matohidan har xil yangiliklarni oʻqib berib turadi. Baʼzilaridan dilim yayrasa, ayrimlaridan xafa boʻlib ketaman. Odamlarga nima boʻlyapti oʻzi? Usti-boshingiz but, qorningiz toʻq boʻlsa... Toʻgʻri, kamchiliklar, muammolar bordir, bundan koʻz yumib boʻlmaydi. Lekin hamma narsa vaqti-soati bilan-da. Darrov olam guliston boʻlib qolmaydi-ku, axir. Nahotki, sabr-toqat, shukronalik degan tushunchalar anqoning urugʻiga aylangan boʻlsa. Axir shu xalq emasmi ogʻir yillarda matonat koʻrsatgan, shu xalq emasmi bir burda nonga shukrona keltirib, bir mayizni qirq boʻlishib yegan?! Urush koʻrgan, ne-ne azoblarni boshdan kechirgan odam sifatida aytishim mumkinki, noshukrlik bizga yarashmaydi.

Yaqinda nabiram bir suratni koʻrsatdi. Hayhotdek bino. Qurilishi bitmagani koʻrinib turibdi. Suratga nimani olishibdi, deng? Shu bino burchagidagi bir uyum qurilish chiqindisini! Jahlim chiqib ketdi! Agar shu suratkash yonimda boʻlganida: “Ey bola, nimalar qilyapsan? Suratga olishga olipsan, endi mard boʻlib, bajarilgan ishlarni ham bor boʻyi bilan koʻrsat. Qurilish boʻlayotgan joydan chiqindi chiqmaydimi? Erta-indin olib ketiladigan narsaga shuncha ayyuhannos solasanmi, nomard!, Ishlaganga tosh otma. Aksincha, ularning qanotiga kirib, qoʻlingdan kelsa, koʻmaklash! Buyam qoʻlingdan kelmasa, jim tur...” degan boʻlardim!

Bizning goʻzal fazilatlarimiz bor. Keling, ularni asrab-avaylaylik.

“VUJUDIMNI AJIB BIR TITROQ BOSDI...”

Kecha yurtimizdagi deyarli barcha ommaviy axborot vositalari, internet saytlari xalqimizga ajoyib bir xushxabarni yetkazishdi. Gap shundaki, Moskva viloyatida joylashgan “Alabino” dala-oʻquv maydonida Xalqaro armiya oʻyinlarining “Tank biatloni” yoʻnalishi boʻyicha II divizion final bahslari yakunlanib, unda Oʻzbekiston vakillari gʻalabaga erishdi. Vatanimizning mard oʻgʻlonlari qoʻlga kiritgan ushbu muvaffaqiyat tarixiy ahamiyatga ega. Chunki harbiy xizmatchilarimiz bunday musobaqada ilk bor qatnashishdi va yuksak bilim hamda salohiyatga ega ekanliklarini amalda yaqqol namoyish etishdi.

Jamoa aʼzolarining oʻsha unutilmas onlari muhrlangan suratga ham koʻzingiz tushgandir? “Xalq soʻzi” sahifasida ham eʼlon qilindi. Qarang, ular qoʻllarida yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarib, gʻurur bilan turishibdi. Qanday taʼsirli manzara, shunday emasmi?

Ana shu tarixiy natijaga munosib hissa qoʻshgan mardlarimizdan biri — ekipaj komandiri, katta leytenant Muhiddin Nuriddinovdir.

Muhiddin NURIDDINOV,

Xalqaro armiya oʻyinlarining “Tank biatloni” yoʻnalishi boʻyicha II divizion gʻolibi:

— Finalda Uganda, Kuba va Vyetnam jamoalari bilan kurashdik. Barcha shartlarni munosib uddalab, eng yaxshi natijani qayd etdik. Bundan hammamiz xursandmiz.

Ushbu musobaqada tezlik, uni nazorat qila bilish eng muhim jihatlardan hisoblanadi. Tayyorgarlik jarayonida shuni puxta oʻzlashtirishga intilganimiz oʻz mevasini berdi. Lekin muvaffaqiyatimizning asosiy omili boshqa. Yaʼni asosiy gap bizga yaratib berilayotgan imkoniyatlarda. Mamlakatimizda koʻplab sohalar qatori mudofaa salohiyatini oshirish yoʻlida ham juda katta ishlar qilinyapti. Eng yangi, zamonaviy, bugungi kun talablariga javob beradigan qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan taʼminlanyapmiz. Turli tayyorgarlik bosqichlarida chiniqmoqdamiz. Xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, oʻzaro tajriba almashyapmiz. Natijalar esa birma-bir koʻrinyapti. Bularning barchasi nima uchun? Shubhasiz, jonajon Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi uchun!

“Tank biatloni” musobaqasining taqdirlash marosimi ham hayajonli kechdi. Kubokni jamoamiz sardori, podpolkovnik Jumaboy Atashev qabul qilib oldi. Davlatimiz madhiyasi yangrab, bayrogʻimiz baland koʻtarildi. Qoʻlimizni koʻksimizga qoʻyib, madhiyamizga joʻr boʻldik. Bilasizmi, ushbu onda butun vujudimni ajib bir titroq bosdi, koʻzimga yosh keldi... Bu, albatta, Vatanimizni jondan ortiq yaxshi koʻrganimizdan, unga mehrimiz cheksiz ekanidan.

Bu gʻalaba — xalqimizniki, Oʻzbekistonimizniki! Uni mustaqilligimizning 28 yilligiga tuhfamiz, deb qabul qilgaysiz, azizlar.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?