Xalq dardini tinglab

17:31 09 Aprel 2019 Jamiyat
382 0

Aholi bilan bevosita va ochiq muloqot qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi tomonidan joylarda sektor rahbarlarining sayyor qabullari yoʻlga qoʻyildi.

Xususan, Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyevning Doʻstlik tumani aholisi bilan sayyor uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi Marat Ishbekov, viloyat sektor rahbarlari, viloyat va tuman Xalq qabulxonasi mudirlari, davlat idoralari rahbarlari ishtirok etishdi.

Sayyor qabulda viloyat rahbariga aholi oʻrtasida toʻplanib qolgan 159 ta masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushdi.

Masalan, Doʻstlik shahri “Gʻ.Gʻulom” mahallasida yashovchi Akrom Almanov shahar hududidagi drenajlarning ishlamasligi yillar davomida xalqni qiynab kelayotganini, yerlarning shoʻrlanishi va zahlanishi borasida shikoyat qilib kelib kelgan edi. Ushbu murojaat boʻyicha “Obod mahalla” Davlat dasturi asosida pul mablagʻlari ajratilib, shahardagi barcha mahallalardagi drenajlarni ishga tushirish borasida ham tegishli ishlar olib borilishi belgilanib, masalaga yechim topildi.

Shuningdek, uchrashuvda tumanning “Bunyodkor” qishlogʻida yashovchi fuqaro Ahmadjon Yoʻldoshev nogironligi tufayli aravachaga muhtojligi boʻyicha uzoq vaqt davomida koʻplab idoralarga murojaat qilganligi, ammo hech kim yordam bera olmaganligi haqida murojaat qildi. A.Yoʻldoshevga oʻsha yerning oʻzidayoq aravacha taqdim etildi.

Uchrashuvda murojaatlarning asosiy qismi “Obod mahalla” Davlat dasturi doirasida aholining turar-joylari buzilishi bilan bogʻliq boʻlib, yer maydoni ajratish, yashash uchun shart-sharoitlar yaratish kabi muammoli holatlarni bartaraf etishga qaratildi.

Ommaviy qabulda fuqarolik pasportini olish, yoʻl va inshootlar qurilishi, sogʻliqni saqlash, tadbirkorlik faoliyati rivojlantirish, bank kredit mablagʻlari ajratish, elektr energiyasi taʼminoti, aholini ish bilan taʼminlash, pensiya hamda nafaqa masalasi bilan bogʻliq savollar 1-sektor rahbarining diqqat markazida boʻldi.

Uchrashuvda koʻtarilgan muammo va bildirilgan takliflarning har biri boʻyicha alohida roʻyxat yuritildi. Ular boʻyicha masʼullar biriktirilib, mutasaddilarga qatʼiy bajarish muddatlari belgilandi.

Aholi murojaatlari viloyat hokimligi tomonidan nazoratga olindi.

Bu kabi qabullar fuqarolarning adolat izlab idorama-idora yurishi, viloyat markazlariga yoki poytaxtga ovora boʻlib kelib-ketishining oldini olib, muammoni joyida hal qilish imkonini bermoqda. Eng muhimi, respublika va viloyat darajasidagi rahbarlarning xalq huzuriga borayotgani quyi tizimlardan hal boʻlmayotgan masalalarning hal qilinishiga yordam bermoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?