“Taraqqiyot” respublika tanlovini o‘tkazishdan ko‘zlangan asl maqsad nima?

13:30 05 Iyun 2018 Jamiyat
485 0

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev keyingi paytlarda ayrim jabhadagi islohotlarda oqsashlar kuzatilayotgani haqida fikr yuritar ekan, albatta, o‘sha sohada kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Kuyunib gapirmoqda. Darhaqiqat, kabinetdan chiqmasdan, yumshoq kursidan tushmasdan ishlab kelayotgan, beparvolik, loqaydlik botqog‘iga botgan, eskicha fikrlaydigan rahbarlar hozirgi sharoitda aravani tortolmaydi.

Prezidentimiz bunday rahbarlar o‘rniga g‘ayrat-shijoatli, kechayu kunduz yurt ravnaqi, mamlakat taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi haqida o‘ylab qayg‘uradigan, tashabbuskor kadrlarga tayanmoqda. Ularga mas’uliyatli lavozimlarni ishonib topshiryapti. Bu, shubhasiz, o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Sababi, bugun zamon shiddati, muammolar ko‘lami kengayib borayotgani, davlatning, rahbarlarning oldiga murakkab muammolarni qo‘yayotgani bor gap. Ularni esa eskicha fikrlar, eskicha ish tartib-taomillari bilan yechib bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bugungi kundagi eng dolzarb, muhim masalaga yechim topishda katta qadam bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Boisi, hozirgi kunda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ilg‘or, tashabbuskor, innovatsiyalarni yaxshi tushunadigan, yangiliklarni hayotga tatbiq eta oladigan rahbar kadrlarning o‘rni beqiyosdir. Boshqaruv kadrlarini tayyorlash, ularni tanlab olish va tarbiyalash, joy-joyiga qo‘yishning zamonaviy tizimini yaratish vaqti kelgan edi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bugungi rahbar kadrlardan katta mas’uliyat, mahorat hamda odamlar qalbiga yo‘l topishdek yuqori malakani talab qilmoqda.

Xo‘sh, bunday yuqori malakali kadrlarni qayerdan olish mumkin?

To‘g‘ri, qarorda ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq hamda boshqa sohalarda boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha ko‘p ish qilindi. Yuqori malakali boshqaruv kadrlari zaxirasini shakllantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi faoliyati isloh etildi, shuningdek, Akademiya huzurida mamlakatimizning istiqbolli yosh mutaxassislarini qayta tayyorlaydigan va malakasini oshiradigan Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil qilindi.

Endilikda kadrlar tayyorlashning zaxirasini shakllantirishning yanada samarali tizimini o‘zimiz yaratishimiz, bu borada eng zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etishimiz lozim. Shu ma’noda, Prezidentimizning mazkur hujjati bilan istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilayotgani ayni muddaodir. Mazkur ko‘rik-tanlovda respublikamizning barcha hududidan kelgan iqtidorli kadrlar, ya’ni tayanch oliy ma’lumotga hamda tegishli sohada rahbarlik lavozimida kamida uch yil ish tajribasiga ega, 30 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar qatnashishi belgilab qo‘yilgani ham oqilona tutilgan yo‘ldir. Albatta, bu yoshdagi shaxs har tomonlama shakllangan, o‘z dunyoqarashi va fikriga ega bo‘lgan kadr bo‘ladi.

Qolaversa, tanlov g‘oliblariga eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida, final bosqichining qolgan ishtirokchilariga esa eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanishi, bunda tanlov final bosqichining qolgan ishtirokchilari tegishli sohaning boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritilishi ham yosh avlod rahbar kadrlari uchun katta imkoniyatdir.

Tanlov g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi bazasida tegishli sohaga oid vazirliklar, idoralar, yirik kompaniyalar rahbarlari, mahalliy hamda xorijiy yuqori malakali mutaxassislar va olimlar ishtirokida o‘tkaziladigan, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tanlovning tegishli nominatsiyalari yuzasidan stajirovka o‘tashni o‘z ichiga oladigan “Boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Prezident dasturi”ga muvofiq, uch oylik kurslarda o‘qishi belgilandi. Mazkur kurslarni o‘tagandan keyin tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi.

Nazarimda, bu yangilik ko‘p narsani o‘zgartiradi. Shunday ekan, avvalo, har bir soha bo‘yicha istiqbolli kadrlar tizimini hududlardagi hokimliklar qat’iy ravishda oshkoralik hamda hech qanday tanish-bilishlik, mahalliychilikka yo‘l qo‘ymasdan yuritishi muhim ahamiyatga ega. Bunda yosh rahbarning tashkilotchilik qobiliyatiga, uning uquvi, odob-axloqi, odamlarni o‘z ortidan ergashtira bilish qobiliyati va ma’naviy xislatlariga ham e’tiborni kuchaytirish lozim.

Joriy yilga “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb bejiz nom berilgani yo‘q. Zero, har bir rahbar davr talabidan kelib chiqib, sohani, vazifalar mohiyatini, avvalo, o‘zi chuqur tushunib yetishi, yangiliklarni, innovatsiyalarni korxonaga joriy etish mexanizmlarini o‘ylab topishi kerak bo‘ladi.

Prezidentimizning ushbu qarori ijrosini ta’minlashdagi yana bir muhim jihat, ularni o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yishdir. Chunki hozirgi kunda rahbarlik lavozimlarida ishlab kelayotgan yoshlarning ko‘pchiligida uquv, mahorat, odamlarning dardi-hasratini tinglab, uning yechimini topish salohiyati yetishmaydi. Shu bois har bir soha bo‘yicha rahbar kadrlarni o‘qitish tizimini nafaqat respublika, balki viloyat miqyosida ham ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Rahbar kadrlarni o‘qitish tizimi muntazamlik kasb etsa, kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirishda sifat ko‘rsatkichlari yanada oshgan bo‘lur edi.

Avazbek ERGASHЕV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Senati a’zosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?