Xalq bilan muloqot: sayyor qabulda 600 dan ortiq murojaatlar koʻrib chiqildi

10:49 25 Mart 2019 Jamiyat
365 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyatidagi Xalq qabulxonasida Prezident Administratsiyasi tomonidan sayyor qabul oʻtkazildi.

Ommaviy sayyor qabulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya, Ichki ishlar vazirligi viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari, viloyat sudlari raislari, murojaatchi fuqarolar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Barcha darajadagi rahbarlarning aholi bilan bevosita muloqotga kirishi, ayniqsa, sayyor qabullar orqali murojaatchilar huzuriga borishi xalqimizning adolatga, davlatga, ertangi kunga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, ochiq muloqotlarda aholiga munosib ish va turmush sharoiti yaratish borasida bor kuch hamda imkoniyatlar ishga solinayotir.

Bunday saʼy-harakatlar ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini yuksaltirib, dunyoqarashini tubdan oʻzgartirish, yaratuvchanlik va tashabbuskorligini oshirishga zamin yaratayotir.

Toshkent viloyatida ham murojaatlar bilan ishlash tizimi sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonalari, turli vazirlik hamda idoralar rahbarlari tomonidan oʻtkazilayotgan sayyor qabullar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning dastlabki 2 oyida 5 ming 600 ta jismoniy va yuridik shaxs viloyat, tuman hamda shaharlardagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga murojaat qilgan. Murojaatlarning 3 ming 500 dan ortigʻi, yaʼni 63 foizi qanoatlantirilgan.

Shu davrda viloyat hududida 530 dan ortiq sayyor qabullar oʻtkazilib, 4 ming 500 dan ortiq murojaatlar qabul qilingan. Ularning qariyb 2 mingtasi qanoatlantirilgan.

Sayyor qabulda aholi murojaati mazmunidan kelib chiqib, ularni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Muhammadiyev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov, Bosh prokuror Otabek Murodov, adliya vaziri Ruslanbek Davletov, ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov, Toshkent viloyati hokimi Gʻulomjon Ibragimov, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari qabul qildi.

— Turmush oʻrtogʻim Mirzo Ulugʻbek tumanida non mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanar edi, — deydi Mukarram Nuraliyeva. — 2007 yili bevaqt qazo qildi. Shundan soʻng davlat notariusi tomonidan turmush oʻrtogʻim boshqaruvida boʻlgan “Don-non” masʼuliyati cheklangan jamiyati ustav fondining 87 foizdan ortiq qismi oilaning merosxoʻrlari sifatida qizim ikkalamizga ajratilishi belgilandi. Lekin turmush oʻrtogʻim oʻrnini egallagan sobiq oʻrinbosari oilamizga tegishli boʻlgan mazkur ulushni oʻz foydasiga oʻzlashtirib oldi. 10 yillik chop-choplardan soʻng nihoyat adolat qaror topdi. Unga nisbatan oʻtgan yili Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi ochildi. Bosh prokurorga mana shu masala yuzasidan murojaat qilib, qoʻzgʻatilgan mazkur jinoyat ishini oʻz nazoratiga olishini va adolat toʻliq qaror topishida amaliy yordam berishini soʻradim.

Sayyor qabulda har bir murojaatchining arzi-holi tinglanib, ularning eʼtiroziga sabab boʻlgan holatlar chuqur tahlil qilingan holda, bartaraf etish choralari koʻrildi. Aksariyat murojaatlarda keltirilgan qonun buzilishi holatlari va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolar joyida hal etildi.

— 2000 yildan buyon oilam bilan Haqiqat koʻchasi, 86-uyda yashayman, — deydi chirchiqlik Baxtiyor Hasanov. — Oʻsha yili shu uyni sotib olib, hujjatlarini rasmiylashtirishni boshladik. Koʻchamizning buzilishi mumkinligi vaji bilan bu jarayon paysalga solindi. Oqibatda uyning elektr, gaz, suv va bir qator hujjatlari mening nomimga oʻtgani holda, uyga egalik huquqi berilmadi. Hozir uyimiz egasiz. Chunki sobiq egasi uni menga sotgan va unda uyga egalik huquqi yoʻq. Qizigʻi, 19 yildirki, oʻz uyimga bunday huquq oʻzimda ham yoʻq. Shu masala boʻyicha murojaat qilib, amaliy yordam soʻrab keldim.

Aholi bilan ochiq muloqot mobaynida aholining 600 dan ortiq murojaatlari tinglanib, maʼlum qismi joyida bartaraf qilindi. Maʼlum muddat, yaʼni atroflicha oʻrganish yoki vaqt taqozo etiladigan murojaatlar boʻyicha tegishli mutasaddilarga vazifalar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

 

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?