Xayrli ishlar samarasi

11:15 13 Mart 2018 Jamiyat
704 0

Bugun diyorimizda har bir fuqaro diniy bag’rikenglik, vijdon erkinligi tamoyillariga amal qilgan holda emin-erkin yashamoqda.

Masjidlarimizda yaratilgan sharoitlar, diniy o’quv muassasalaridagi ta’lim sifatidan ko’ngillar charog’on. Yurtdoshlarimizning har yili Haj va Umra ibodatini ado etishlari uchun keng imkoniyat eshiklari ochilgan. Joylarda bo’lib o’tayotgan  Qur’on musobaqasi esa bu boradagi xayrli ishlarning yana bir misolidir. Ayni paytda tanlovning viloyatlar bosqichlari davom etmoqda. 

Joriy yilning 1 — 3 fevral kunlari Andijon viloyatining barcha shahar va tumanidagi masjidlarda Qur’on musobaqalarining hududiy bosqichlari o’tkazilgan bo’lib, unda 1200 ga yaqin qori va qoriyalar qatnashdi. Hifz hamda Tilovat yo’nalishlarida o’z bilim va iqtidorlarini namoyon etib, bellashuv g’olibiga aylangan 44 nafar qatnashchining viloyat bosqichidagi ishtiroki ham ko’tarinki ruhda kechdi. 

— Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilayotgan ushbu tadbirdan ko’zlangan maqsad Qur’on oyatlarini yurtdoshlarimizga eshittirish, uning mazmun-mohiyatini tushuntirishdan iborat, — deydi musobaqa tashkiliy qo’mitasi raisi Abdulhakim Matqulov. — Uning yakuniy bosqichida faxrli o’rinlarni qo’lga kiritganlarni ota-onalari bilan birgalikda Umra ziyoratlariga yuborish ko’zda tutilgan. Bularning barchasi ezgulik, xayrli amallar ifodasidir.

18 yoshdan 40 yoshgacha bo’lgan qatnashchilar musobaqa jarayonida shartlarga amal qilgan holda, Qur’on tilovati orqali diniy bilim va tushunchalarini ifoda etdilar. Hakamlar hay’ati tomonidan g’olib, deb topilgan ishtirokchilar musobaqaning viloyat bosqichiga yo’llanma oldi. Shu bilan birga, birinchi o’rin sohiblariga Andijondagi o’rta maxsus islom bilim yurtiga imtihonsiz qabul qilish imtiyozi berildi.

Saminjon HUSANOV,
«Xalq so’zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?