Kerolin Lemm: Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo va iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanib bormoqda

18:34 23 Oktyabr 2018 Siyosat
257 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda huquq, investitsiya va savdo sohalarida hamkorlik boʻyicha Amerika — Oʻzbekiston savdo palatasi qoʻshma qoʻmitasining uchinchi majlisida ishtirok etgan Amerika — Oʻzbekiston savdo palatasi raisi, “Doʻstlik” ordeni sohibasi Kerolin Lemm davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarining amaliy ifodalari va istiqboldagi rejalar xususida muxbirimizga gapirib berdi:

— Bugun Oʻzbekistonda biznes va tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, aholini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida koʻplab saʼy-harakatlar olib borilyapti. Ayni shu jihatlar mamlakatga chet el investitsiyasini jalb etishda muhim oʻrin tutadi.

Mamlakatingiz mustaqilligining dastlabki yillarida Amerikaning uchta kompaniyasi tashabbusi bilan ikki davlat ishtirokidagi ilk savdo tashkiloti ochilgandi. Oʻtgan vaqt mobaynida palatamiz aʼzolari Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli biznes olib bordi va men Oʻzbekiston iqtisodiyotida koʻplab oʻzgarishlarga guvoh boʻldim. 25 yillik faoliyati davomida palatamiz ikki tomonlama tijorat va biznes aloqalarini yaxshilash borasida koʻplab yutuqlarga erishdi. Bugun biz Oʻzbekiston tomonidan olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholaymiz.

Oʻzbekiston Prezidentining tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash siyosatini olqishlaymiz. Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat fuqarolari uchun biznes sektori keltirishi mumkin boʻlgan foydani tushunib turibdi. Prezident biznesni himoya qilyapti, biznesga yordam beryapti va Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan hamkorlik qilishga intilmoqda. Bundan mamnunmiz.

Toshkentda boshlanadigan AQSH — Oʻzbekiston yillik biznes forumi ham ikki tomonlama hamkorlikdagi muvaffaqiyatlarni yangi bosqichga olib chiqadi, degan umiddamiz. AQSHdan Oʻzbekistonga kelgan yirik kompaniyalar vakillarining maqsadlari mushtarak: yurtingizda samarali biznesni yoʻlga qoʻyishdan iborat. Oʻzbekistonni aynan biznes uchun yanada kengroq kashf etish maqsadida biz uchrashuvlarni muntazam tashkil qilib kelmoqdamiz.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo va iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanib bormoqda, deb bemalol ayta olaman. Boisi, oʻtgan yillarga nisbatan 2017-2018 yillarda oʻzaro savdo aloqalarimiz juda oʻsdi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmlarining 2017 yildagi 210,2 mln. dollardan joriy yilning birinchi yarim yilligida 256,8 mln. dollargacha oshgani ana shundan dalolat beradi.

Oʻzbekistonda amerikalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan 160 dan ortiq korxona va AQSHning koʻplab vakolatxonalari faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi savdo munosabatlarida koʻproq qulaylik yaratish rejimi amal qilyapti. Bunda Amerika — Oʻzbekiston savdo palatasi iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga katta hissa qoʻshmoqda.

“Jeneral Motors”, “Jeneral Elektrik”, “Ekson Mobayl”, “Koka- Kola” kabi AQSH kompaniyalari Oʻzbekiston iqtisodiyotini tarkibiy diversifikatsiyalash va texnologik modernizatsiyalash jarayonlarida muhim rol oʻynamoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyida AQSHga rasmiy tashrifi davomida umumiy qiymati qariyb 5 mlrd. dollarga teng 20 dan ortiq yirik shartnomalar imzolandi. Ishonchim komilki, AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar bundan keyin ham jadal yuksalib boraveradi.

Munisxon KARIMOVA yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?