Keramik plita eksporti oshmoqda

14:40 19 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
107 0

Maʼlumki, keyingi yillarda mamlakatimizda qurilish materiallari sanoati rivojlandi. Sohaga xorijiy investorlar jalb etildi, yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi, mahsulot sifatiga alohida eʼtibor qaratildi, mavjud quvvatlar modernizatsiya qilindi. Natijada nafaqat mahalliy balki, jahon bozorida “Oʻzbekiston ishlab chiqarilgan” yorligʻi ostidagi qurilish materiallariga boʻlgan talab ortdi.

«Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, hozirgi kunda Oʻzbekiston mahalliy keramik plitkalar bilan dunyoda oʻz oʻrniga ega. Boisi, ushbu mahsulotlarga nafaqat mahalliy balki, jahon bozorida talab oʻsib bormoqda. Shu bois korxonalar tomonidan yangi texnologiyalar oʻrnatilib, ishlab chiqarish hajmi kengaytirilyapti.

Tahlillarga koʻra, yanvar-oktyabr oylarida respublikada mavjud sanoat korxonalarida jami 12 mln 151 ming metr kvadrat keramik plitkalar ishlab chiqarilgan. Eng koʻp mahsulot Fargʻona viloyatida joylashgan yillik quvvati 4,3 mln metr kvadrat boʻlgan “MODERNA CERAMIC INDUSTRIES FERGHANA” MCHJ HK tomonidan tayyorlangan. Oʻtgan davra mobaynida korxonada 3,164 mln metr kvadrat mahsulot ishlab chiqarilgan. Samarqand viloyatida faoliyat olib borayotgan eksportyor korxonalardan biri “Prime ceramics” MCHJda shu kungacha 1,929 mln metr kvadrat keramik plitkalar tayyorlangan. Shuningdek, “NATIONAL CERAMICS” MCHJ QK (2,358 mln metr kvadrat), “Great wall ceramic industries” MCHJ (1,349 mln metr kvadrat), “Orient-ceramic” MCHJ (859 ming metr kvadrat), “Premium elegant ceramics” MCHJ (649 ming metr kvadrat), “Lyux Granit” MCHJ (875 ming metr kvadrat) kabi korxonalar tomonidan mahalliy keramik plitkalar xaridorlarga yetkazilgan.

Eʼtiborlisi, oʻtgan davrda korxonalar tomonidan 12,036 mln dollarlik keramik plitkalar eksport qilingan. Bu borada “Prime ceramics” MCHJ, “Orient-ceramic” MCHJ va “Moderna ceramic industries Fergana” MCHJ larida koʻrsatkichlar yuqori hisoblanadi. Milliy mahsulotlarimizni eksport qilishda Qozogʻiston Respublikasi peshqadam hisoblanadi. Qoʻshni davlatga 1 mln 464 ming metr kvadrat keramik plitkalar yetkazib berilgan. Shuningdek, Tojikiston Respublikasi 4,169 mln dollarlik, Qirgʻiziston esa 2,338 mln dollarlik mahsulot xarid qilgan. Eʼtiborlisi, yurtimizda ishlab chiqarilgan keramik plitkalar Yevropa davlatlari Rossiya Federatsiyasi (254,6 ming metr kvadrat) va Ozarbayjon (42,255 metr kvadrat)ga ham eksport qilingan. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?