Kembrij universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

11:01 04 Iyul 2018 Jamiyat
965 0
Foto: Grantist.com

2018 yil 2 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti professori, Kembrij Markaziy Osiyo forumi raisi Sidxart Saksena bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqida idora rasmiy sayti xabar berdi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minavarov joriy yil mart oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga safari g‘oyat samarali kechgani, ilmiy-ma’rifiy sohada ko‘plab kelishuvlarga erishilganini ta’kidladi. Kembrij Markaziy Osiyo forumi bilan ilmiy-tadqiqot va madaniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik ikki mamlakat uchun ham birdek manfaatli bo‘lishini qayd etdi.

Uchrashuvda o‘zaro tadqiqotchilar almashish, Kembrij universitetida “O‘zbek tili” kurslarini tashkil etish, o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning ilmiy maqolalarini Buyuk Britaniyaning nufuzli ilmiy jurnallarida chop etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Kembrij universitetidagi “O‘zbek tili” kurslari tinglovchilari uchun o‘quv qo‘llanmalari tayyorlanayotgani ma’lum qilindi.

Sh.Ziyodov Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan muzokaralar asosida “Samarqand va Buxoro madrasalari tarixi” va “Maxdumi A’zam majmuasi qabrtoshlaridagi bitiklar katalogi” mavzularida ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Ushbu ilmiy loyihalarni Kembrij universiteti hisobidan moliyalashtirish masalasi muhokama qilindi.

S.Saksena kelishilgan barcha tadbirlar bo‘yicha aniq reja ishlab chiqilgani va uning ijrosi bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi bilan Kembrij Markaziy Osiyo forumi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?