“Kemalar qabristoni”da 300 ga yaqin sanʼatkorlar ishtirokida musiqa festivali oʻtkaziladi

15:20 10 Sentyabr 2018 Jamiyat
205 0
Foto: Livejournal

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanidagi “Kemalar qabristoni”da “Stixiya” nomli elektron abstrakt musiqa festivali boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Bu haqda tadbir tashkilotchilari maʼlum qilgan.

Manba bergan xabarda aytilishicha, tadbirga 300 ga yaqin sanʼatkorning tashrif buyurishi kutilmoqda. AQSH, Isroil, Turkiya, Germaniya, Rossiya, Ukraina, Xitoy singari davlatlarning sanʼat vakillari mazkur elektron abstrakt musiqasi festivalida ishtirok etishadi.

“Stixiya” elektron abstrakt musiqasi festivaliga National Geographic, Calvert, Mixmag Russia, Birinchi kanal (Rossiya) hamda Tablet kabi dunyoning nufuzli media tashkilot vakillari tashrif buyurishi kutilmoqda.

14-15 sentyabr kunlari boʻlib oʻtadigan mazkur festival “Centil Law Film”, “TrendSetter”, “Peopletravel” tashkilotlari tashabbusi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, BMTning Taraqqiyot Dasturi koʻmagi bilan tashkil etilmoqda.

Dastur doirasida ishtirokchilar uchun “Kemalar qabristoni” uzra sayil, shuningdek, Moʻynoqda yangidan tashkil qilingan muzeyga va Nukus shahridagi I.V.Saviskiy nomidagi davlat muzeyiga sayohat rejalashtirilgan.

Festivalni oʻtkazishdan maqsad – jahon hamjamiyatining Orol dengizi muammolari toʻgʻrisida xabardorligini hamda suvdan oqilona foydalanishga masʼuliyatni va Orol dengizini qayta tiklashga munosabatini oshirishdir. Shuningdek, festivalda yuqori sifatli elektron musiqasini targʻib qilishga eʼtibor qaratilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?