Kelmayotgan tez yordam, yoʻq statistika haqidagi dolzarb savollarga aniq javoblar qaytarildi

12:59 24 Avgust 2020 Jamiyat
179 0

Bugun AOKA huzuridagi shtabda boʻlib oʻtgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Nargiza Nurullayeva muhim savollarga javob qaytardi:

Savol: Koronavirusga chalinganimga 7 kun boʻldi, tez yordamga telefon qilsam kelmayapti, dorixona va doʻkonlarga oʻzim chiqib kelishimga toʻgʻri kelyapti. Bunaqada boshqalarga virus yuqtirishim mumkin, tez yordam kelishini qattiqroq nazorat qilish imkoni bormi?

Javob: Agar sizda test orqali koronavirus aniqlangan boʻlsa, aniqlangan tashkilotdan tuman sanitariya-epidemiologiya stansiyasi UASHga xabar beradi va poliklinikadagi vrachingiz uyingizga keladi.

Shifokor sizning holatingizni baholaydi va koʻrsatma boʻlsa, tez tibbiy yordamni uyingizga chaqiradi.

Siz turar-joyingizga qarashli oilaviy poliklinikaga xabar bering va sizga malakali yordam koʻrsatiladi.

Savol: Shahar tibbiyot birlashmasi kardiologiya boʻlimida hamshira boʻlib ishlayman. Ish jarayonimda koronavirus yuqtirib oldim. Shifoxona maʼmuriyati tomonidan birorta imtiyoz bormi?

Javob: Agar sizda faoliyat koʻrsatadigan muassasaning qizil zonasida ishlash paytida PZR testi orqali koronavirus aniqlangan boʻlsa, ushbu muammoingiz boʻyicha Moliya vazirligining ishonchli telefon raqamiga savol berib, imtiyozlar boʻyicha javob olishingiz mumkin.

Savol: Sovid-19 boʻyicha eʼlon qilinadigan statistika qanchalik toʻgʻri? Masalan, Surxondaryo viloyati boʻyicha statistika umuman yoʻq. Infeksiya yuqtirganlar koʻp, lekin eʼlon qilinmaydi. Buni qanday tushunsa boʻladi?

Javob: Koronavirusga chalingan bemorlarning soni har kuni ommaviy axborot vositalarda va SSV saytida viloyatlar kesimida eʼlon qilinadi.

Bularning soni yashirilmaydi, faqat PZR testi orqali aniqlangan bemorlarning soni statistik maʼlumotlarga kiradi.

Savol: Tonzilit ham surunkali kasallikmi? Yoshligida 10 yillar oldin shu tashxis qoʻyilgan odam uchun koronavirusga chalinishi qanchalik xavfli?

Javob: Surunkali tonzillit — yuqori nafas yoʻlining kasalligi hisoblanib, tanglay murtaklarining uzoq vaqt davomida yalligʻlanishi bilan kechadi.

Surunkali tonzillit rivojlanishiga oʻtkir tonzillitni samarasiz yoki oxirigacha davolanmasligi sabab boʻladi. Kasallik qoʻzgʻatuvchilari — asosan bakteriya va viruslar.

Ular pasaygan immunitet fonida tanglayda koʻpayadi.

Surunkali tonzillitning yana bir koʻp uchrovchi sabablaridan biri — tish va milk kasalliklaridir. Shuning uchun tish tozaligi gigiyenasiga amal qilish, oʻz vaqtida kariyesga chalingan tishlarni davolash lozim.

Bundan tashqari, surunkali tonzillit paydo boʻlishiga burun va burun oldi boʻshliqlaridagi infeksiya oʻchoqlari — surunkali rinitlar, sinusitlar, poliplar va hatto vaqti-vaqti bilan yuzaga keluvchi allergik tumov ham sabab boʻlishi mumkin.

Surunkali tonzillit mavjud boʻlganda koronavirus bilan kasallanish xavfi yuqori. Shu sababli ushbu kasallik mavjud boʻlgan kishilarga niqob taqish, ogʻiz boʻshligʻini chayqash va infeksiya oʻchoqlarini sanatsiya qilish maqsadida oʻz vaqtida shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?