Sobiq mahbus qanday qilib “Oltin toʻp”ni qoʻlga kiritgandi?

14:56 16 Sentyabr 2020 Sport
269 0

1982-yilgi jahon chempionati dunyo futboli tarixida yangi sahifa ochib bergani bilan esda qolarli kechgandi. Oʻshanda mundialda ilk bor 24 ta terma jamoa ishtirok etdi. Unga Ispaniya juda ajoyib hozirlik koʻrgan, oʻyinlar va teletranslyatsiyalar soni va tabiiyki, daromad ham oshgandi. Faqatgina ispan muxlislarining taʼblari xira tortgandi. Negaki, mezbonlar magʻlubiyatga uchrab turnirni erta tark etishdi.

Braziliya terma jamoasi haqida esa alohida soʻz yuritish kerak. Tarkibida Sokrates, Kareka va Ziko boʻlgan oʻsha terma jamoani hali-hanuz ushbu mamlakat tarixidagi eng kuchli komanda sanashadi. Braziliyaliklar aql bovar qilmas gollar kiritib, fantastik futbol namoyish etishgandi. Bu gollar ham jamoaviy, ham individual harakatlar samarasi edi. Biroq birgina magʻlubiyat ularning jahon chempionligini qoʻlga kiritish yoʻlidagi barcha umidlarini puchga chiqardi. Qolaversa, ushbu mundialda gʻolibni aniqlash maqsadida ilk marta penaltilar seriyasi joriy qilindi.

Ammo boʻlgʻusi chempionlar uchun hammasi murakkab kechdi. Gap Italiya terma jamoasi haqida bormoqda. Mundial arafasida Italiya chempionatidagi kelishilgan oʻyinlar bilan bogʻliq koʻngilxiraliklar hali yoddan koʻtarilmagandi. Boz ustiga tarkibda jarohatlar tufayli yoʻqotishlar bor edi. Jamoa oʻyini ham qovushmayotgandi. Turnirning guruh bosqichi Enso Bearzot shogirdlari uchun chinakam “mina maydoni”ni eslatdi. Axir oʻzingiz oʻylang: ular Polsha bilan nursiz durang (0:0), Peru va Kamerun bilan esa 1:1 hisobida durang qayd etishdi. Natijada terma jamoa Afrika vakiliga qaraganda koʻproq gol kiritgani evazigagina keyingi bosqichga chiqdi.

Italiyaliklarning oldingi chizigʻida Paolo Rossi harakat qilayotgandi. U mundial arafasida jurnalistlarga bergan intervyusida «Meni italyan futboli xaloskori boʻladi, deb oʻylamang. Faqat Pele darajasidagi futbolchigina butun boshli jamoa oʻyinini oʻzgartirib yuborishga qodir. Men esa Pele emasman», degandi.

Chindan ham avvaliga uning ishi yurishmadi. Rossining oʻyinidan muxlislarning ham koʻngli toʻlmadi. Chunki hujumchi guruh bahslarida gol kirita olmadi. Mamlakat jamoatchiligi murabbiydan Rossini zaxira oʻrindigʻi tugul, birinchi samolyot bilanoq Rimga qaytarib yuborishni talab qildi. Lekin kutilmaganda terma jamoaning ishi oʻngidan kela boshladi. Keyingi bosqichda yosh Diyego Maradona tarkibida boʻlgan Argentina terma jamoasi italyanlardan 2:1 hisobida yengildi. Biroq Rossi yana maydonni golsiz tark etdi. Ziko va uning kompaniyasiga qarshi bahsda esa u nihoyat oʻzining nimalarga qodirligini koʻrsatib qoʻydi. Bu uchrashuvda italiyaliklarni faqat gʻalaba qanoatlantirardi. Aks holda yarim finalga braziliyaliklar chiqishardi. Qahramonimiz dramatik tarzda kechgan bu oʻyinda bir emas, uchta gol kiritdi. Raqib himoyachilari chaqqon, abjir, maydonning har bir yerida hoziru nozir Rossiga qarshi biror bir chora topa olishmadi. Natijada Italiya terma jamoasi 3:2 hisobida gʻolib chiqdi. Braziliyaliklarga chiqish eshiklari koʻrsatib qoʻyildi.

Yarim finalda Bearzot shogirdlari polyaklarga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi: 2:0. Har ikkala gol muallifi Paolo Rossi boʻldi. 90 ming tomoshabin qarshisida kechgan final bahsida esa Germaniya Federativ Respublikasi terma komandasi (3:1) magʻlub etildi. Bu uchrashuvda ham Rossi oʻz hisobiga gol yozib qoʻydi. Shu tariqa «Skuadra adzurra» oʻz tarixida uchinchi marta jahon chempionligini qoʻlga kiritdi.

Biz esa Paolo Rossiga qaytamiz. Aslida u Ispaniyaga bormasligi kerak edi. Lekin murabbiy unga ishonch bildirdi. Qahramonimiz bu ishonchni oshigʻi bilan oqladi. Shunday ekan, ishonch qudratli kuchga ega desak xato qilmaymiz.

Oʻtgan asrning 70-yillari boshida ozgʻingina Paologa «Yuventus»ning nazari tushdi. Ammo uning bu klub safiga oʻtishiga otasi qarshilik koʻrsatdi. Bunga asos bor edi.”Yuventus” ilgari Paoloning akasini oʻz safiga qoʻshib, oradan bir yil oʻtgach, u bilan xayrlashgan edi. Biroq Paolo «Yuve» safiga oʻtaman deb oyoq tirab oldi. Otasi yon berishga majbur boʻldi. Turin klubida yosh hujumchining ishlari yurishmadi. Uni “B” seriyasida oʻynayotgan “Vichensa” klubiga ijaraga berishdi. Bu yerda murabbiy Janbattista Babbri undagi katta isteʼdodni payqab, qanotdan maydon markaziga oʻtkazdi. Bunga javoban Rossi 21 ta gol kiritdi va jamoasining elita divizion yoʻllanmasini qoʻlga kiritishiga hissa qoʻshdi. Ammo “Vichensa” yana quyi divizionga tushib ketdi. Shunda uni “Peruja” klubiga ijaraga berdilar. Biroq bu yerda Paolo katta janjal girdobiga tushib qoldi. Yoshligiga borib xatoga yoʻl qoʻydi. Pul evaziga «Avvelino»ga qarshi kechadigan oʻyinda 2 ta gol kiritib, durang natija qayd etilishiga yordamlashib yubordi. Kelishuv asosidagi 2:2 hisobi hammani qoniqtirdi. Faqat politsiyani emas... Oqibatda 11 nafar oʻyinchi uch yil muddatga futboldan chetlashtirildi. Hammasi qamaldi. Yakunda muddat ikki yilga qisqartirildi.

Ispaniya mezbonlik qiladigan jahon chempionati boshlanishiga bir oy qolganda Paolo qamoqdan chiqib, «Yuventus» safida bir nechta oʻyin oʻtkazishga ulgurgandi. Terma jamoa ustozi Bearzot mutaxassislarning «Rossi uzoq davom etgan mavsumda maydonga tushgan emas. Binobarin, unda charchoq yoʻq. Sport formasi esa joyida», degan soʻzlarini inobatga oldi va uni mundialga boradiganlar roʻyxatiga qoʻshdi. Keyin esa nima boʻlganini yaxshi bilasiz. Paolo Rossi jahon kubogini boshi uzra koʻtardi. Bundan tashqari, mundialda eng koʻp — 6 ta gol kiritgan holda “Oltin toʻp” sohibi boʻldi.

Istam IBROHIMOV
tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?