Kelgusi yildan jamoat transportida fast-fud reklamasi taqiqlanadi

17:37 28 Noyabr 2018 Dunyo
215 0

2019 yildan boshlab Londondagi jamoat transportida zararli oziq-ovqat mahsulotlari reklamasi taqiqlanadi. Mazkur qarorni shahar meri Sodiq Xon ham qoʻllab-quvvatlagan, deb yozadi The Guardian nashri.

Jumladan, koʻplab shirin ichimliklar, gamburger, shokoladli batonchik va shoʻr yongʻoqlar reklamasi taqiqlanadi. Taqiq London metropoliteni, barcha turdagi yerusti shahar transportini oʻz ichiga olgan Transport for London tarmogʻi, London River Services suv yoʻnalishlari kabilarga joriy etiladi. Fast-fud tarmoqlari oʻz restoranlari haqidagi reklamalarni faqatgina sogʻlom taomlarni nazarda tutgandagina berishlari mumkin. Mayiz, shakarsiz ichimliklar, tuzsiz yongʻoqlar shular jumlasidandir.

Reklama industriyasi vakillari esa mazkur gʻoyani tanqid qilib chiqdi. Ularning fikricha, bu oʻzi shunday ham moliyaviy inqirozga duch kelayotgan transport tizimlarini oʻn millionlab daromaddan ayiradi. Sababi ana shunday oziq-ovqatlar reklamasi birgina birgina Transport for London tarmogʻiga yiliga 35 mln. funt sterling keltirar ekan.

Britan teleindustriyasi ham fast-fud reklamasi bilan bogʻliq cheklovlardan aziyat chekishi mumkin. Sababi bu tijoriy TV-sanoati yillik byudjetini 200 mln. funtgacha qisqartirib yuboradi.

Cheklovlar boʻyicha qaror nega qabul qilinyapti? London jamoatchilik sogʻligʻini saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, 10-11 yoshgacha boʻlgan bolalarning 37 foizi ortiqcha vaznga ega yoki semizlikdan qiynalmoqda. London meri bu muammoni “sekin harakatga keluvchi bomba” deb atagan.

Shuning uchun Sodiq Xon shu yil may oyidayoq tarkibida yogʻ, shakar va tuz miqdori yuqori boʻlgan mahsulotlar reklamasini cheklamoqchi ekanligini bildirgan edi. Mazkur gʻoya esa London jamoatchiligining aksariyat qismi tomonidan qoʻllab-quvvatlangach, soʻnggi qaror qabul qilindi.

Shu kabi cheklovlarni Tumanli Albionning boshqa hududlariga ham joriy etish boʻyicha ishlar olib borilyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?