Kelajakni oʻylab

10:58 26 Noyabr 2018 Jamiyat
754 0

Illyustrativ foto

Yoshim 82 da. Bu yoshda allaqachon qalam va qogʻoz yigʻishtirilgan boʻladi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat ishlariga oʻz gʻayrati va shijoati bilan, yashindek shiddat bilan kirib kelgani qalbimizni uygʻotib yubordi. Kaminada koʻpdan beri tugʻilib turgan tugunni yechib yubordi.

Loqayd va beparvo boʻlolmaganim sababli bir-biriga chambarchas bogʻliq masala kishini tashvishga soladi. U ham boʻlsa, avvallari qabul qilingan ikki qonunlarning bajarilishi – oʻzbek tiliga davlat maqomi berilishi va lotin alifbosiga oʻtish haqidagi qonunlardir.

Davlat tiliga toʻliq oʻtish muddati uch marta surilib, hanuzgacha toʻliq oʻtilgani yoʻq. Buni tan olishimiz kerak. Yozishmalar ham rus, ham oʻzbek tillarida davom etmoqda. Lotin alifbosiga oʻtish uchun uni obdon oʻrganib, oʻzlashtirishimiz zarur, shuning uchun u oʻrtada gʻov boʻlib turibdi. Agar qaror kirill alifbosi bilan biror sanani belgilab lotinga oʻtilsin deyilsa, koʻpchilik bir zumda chalasavod boʻlib qolishi hech gap emas. Kitoblar chop etilmoqda, lekin ularning oʻquvchilari, ming nadomatlar boʻlsin, hozircha yoʻqdek. Gazeta va jurnallarimiz xatolarga “boy” boʻlishi mumkin. Chunki lotin alifbosining qoidalari oʻzbek tilida shuni taqozo qiladi. Joylarda, ayniqsa savdo doʻkonlarida, yozilganlarini koʻrib, dilingiz ranjiydi.

Lekin bir holatdan koʻngil taskin topadi. 1990 yilda tugʻilgan bolalarimiz va nevaralarimiz 1997 yilda birinchi sinfga borib, lotin alifbosida oʻqish va yozishni boshlab berdilar. Hozir ular biyron oʻqib yozadilaru, uni hayotga tatbiq etish masalasiga yakdillik bilan kirishilmaganligi sababli, ular ayrim xollarda noqulay ahvolga tushib qolishlari achinarli bir hol. Bir necha satrli ariza, xat yoki tarjimai xolni kirill yozuvidayu davlat tilida yozish kerak boʻlib qolsa, 15-20 yoshdagi yigit-qizlarimizning ayrimlari lotin va kirill alifbolarini aralashtirib, chalkashtirib yuboradilar. Shu yigit va qizlar yaqin 10 yil ichida hukumat va davlat idoralariga ishga keladilar, u yerda ular barcha hujjatlarni davlat tilida lotin alifbosida tayyorlashlari zarur boʻladi. Davlat tiliga toʻliq oʻtganimizcha yoʻq. Barcha idoralarda maxsus tarjimonlar mavjudligi hech kimga sir emas. Bundan voz kechish vaqti keldi. Mustaqil boʻlishni oʻrganaylik.

Aslida bu fikrimni Prezident portaliga diktant shaklida yuborsam boʻlardi. Koʻnglim toʻlmadi. Gazeta sahifasida, aynan “Xalq soʻzi” faolligida koʻtarilsa, aks-sado berib, biror yechimga kelinadi. Endi “tugunlar” ochilib ketdi, gazetalar mazmuni ancha oʻzgarganligini oʻquvchilari sezishdi. Xalq bilan muloqot tugagani yoʻq, tugamaydi ham. Yangicha qulay shaklini taklif qilishdi. Xalq mamnun, menimcha. Televideniyeda shu masalada davra suhbati oʻtkazib, lotin alifbosi “boʻlsin” yoki “boʻlmasin” degan javobni aholimiz turli tabaqasining fikrini hal qiluvchi kuch sifatida olinsa, hukumat qaror qabul qilishiga sabab boʻladi va masala oʻz yechimini topadi.

Nazarimda lotin alifbosiga oʻtishni hali hammamiz toʻlaligicha his etmadik. Yozuvlarda grammatik xatoliklar boʻlishi mumkin. Masalan, “ye” harfining yangi imloda berilishi soʻzning boshi va unli tovushdan keyin ikki tovushni, yaʼni ye -ni (yelim, yelka, yelkan) ikki undosh oʻrtasida esa, e – tovushini (kel, ket, ketmon) bildiradi. U farqlanmasa chalkashib ketadi (yer – er, yel – el, yem – em, yeng – eng, yedi - edi).

Lotincha S – harfi yangi alifboda S, oʻzlashtirilgan soʻzlarda (ofitser, ofitsiant, ssenariy) S – harfini ifodalaydi. Unli tovushdan keyin va soʻz boshida kelsa ts , boshqa xollarda kelsa S harfi shaklida yoziladi. Masalan, (militsiya, aviatsiya, ofitser, kontsert. Lektsiya, tsex, stsenariy)

Lotin alifbosida xat-savodli boʻlishi uchun 120 soat dars olish kerak ekan.

Kezi kelganda aytish joizki, mustabid davrida ham armanlar oʻz yozuvida, gruzin xalqi oʻz yozuvida, moldavanlar oʻz yozuvida qolgan ekanlar. Ozarbayjon, turkman, tojik, qozoq xalqlari oʻz yozuvlarini biror marta oʻzgartirmaganlar. Biz esa, 1929 yilda arab alifbosidan lotin yozuviga birinchi marta oʻtganimizda, kelajagimizni va qadriyatimizni oʻylagan akademik Qori Niyoziy afsuslangan ekan.

Koʻp vaqt oʻtmay, yana koʻnikuvchan oʻzbek xalqini 1938 yilda kirill alifbosiga oʻtkazilgan edi. Endi ikkinchi marta lotin alifbosiga oʻtishga oʻtib, yaqin 30 yildan beri uni toʻliq oʻzlashtirmay jahon sivilizatsiyasiga va kommunikatsiyasiga oʻylaganimizdek yaqin boʻldikmi?

Shuning uchun gazeta sahifasida aks-sado berib, 30 yoshdan oshgan, nafaqa yoshida ishlab turgan jurnalistlar ochiq muloqotga chiqib, oʻz fikr-mulohazalarini aytsalar yaxshi boʻlardi.

Shuningdek tilshunos olimlarimiz ham bu borada oʻzlarining yakuniy fikrlarini bildirishi kerak.

Davlatimiz Prezidenti bir yarim yilda 1600 dan ziyod Qonun, farmon va qarorlarga imzo chekib, misli koʻrilmagan islohotlar qilib, deyarli barcha sohalarda oʻzgarish qildi. Ancha yillardan beri toʻliq bajarilishi muammo boʻlib turgan ikki qonunga yechim bersa yoki bekor qilsa, ajab emas.

Erkin IBROHIMOV, mehnat faxriysi.
Toshkent shahri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?