Kelajak taqdiri bahonalar qurboni boʻlmasligi lozim

19:11 15 Iyul 2020 Siyosat
322 0

Mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida davlatimiz rahbari eng avval taʼlim tizimida hayotbaxsh islohotlarni ilgari surdi. Jumladan, maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatidagi amaliy islohotlar natijasida ijobiy siljishlarni guvohi boʻldik. Xususiy bogʻchalar tashkil etilgani sabab davlat tasarrufidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari va ular oʻrtasida raqobat muhiti paydo boʻldi.

Soʻngi toʻrt yil ichida tizim ancha qusurlardan tozalandi. Asta sekin iziga tushib bormoqda. Taʼlim sohasidagi islohotlar natijasida maktablarga erkak oʻqituvchilarning qaytishiga ham erishildi. Bunda oylik maoshlar oshirilgani ham ayni muddao boʻlgani rost.

Xususan, Prezident maktablari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Umumtaʼlim maktablarining oʻn bir yillik tizimga oʻtishi bu boradagi eng ijobiy oʻzgarishlardan biri boʻldi. Negaki, toʻqqiz yillik taʼlimdan soʻng kasb-hunar kollejida majburan tahsil olishni davom ettirayotgan ayrim yoshlar barvaqt oʻzlarini ulgʻaygan his qildilarmi, bilmadim, bekorchi ishlarga koʻproq vaqt sarflashga oʻrganib qoldilar. Na bilimni, na hunarni egallashga erishmadilar. 

Ota-onalarimiz ham bolalarining qoʻllariga mobil aloqa vositalarini olib bergan, ayrimlarining tagida mashinasi ham bor. Ular oʻqish uchun emas, kollejga oʻzlarini koʻz-koʻz qilgani keladigandek nazarimizda. Telefon oʻsmirning bilim olishiga emas, aksincha turli xil axloqsiz axborotlarni qabul qilishiga xizmat qilgani ham sir emas.

Ayrim kollejlarda forma joriy qilinmagan. Hamma xohlaganini yoki topganini kiyadi. Shu sabab yoshlar oʻrtasida kimoʻzarga kiyinish avj oldi. Imkoniyati boʻlmaganlari esa oʻqishga borishdan, taʼlim olishdan sovib, oʻsha tengdoshlaridek kiyinish uchun oʻqishdan koʻra pul topishni afzal bildilar.

Kollejni deyarli oʻqishga bormay bitirganlar ham yoʻq emas. Mana sizga ishsizlikning va oliygohlarga kira olmaslikning muhim sabablaridan biri. Na bilim olmagan, na hunar oʻrganmagan odam qanday bir ishning etagidan tuta olar edi? Xayriyatki, soʻngi yillarda mana shunday koʻngilsizliklarga barham berilmoqda.

Ammo taʼlim sifatida, yoshlar tarbiyasida hamon muammolar bor. Davlatimiz rahbari 14-iyul kungi yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida taʼlim sohasi mutasaddilariga «Nimaga ota-ona repetitor topib, bolasini oliy taʼlimga kirityaptiyu, nimaga davlat shuncha pul sarflasa-da, maktab bitiruvchilarining 50 foizi ham oliy taʼlimga kirmayapti?» deya oʻrinli savol bilan yuzlandi.

Xaqiqatdan ham taʼlim sohasida eng quyi boʻgʻin bolalar bogʻchalaridan xatolar boshlangan edi. Bu esa oʻz hosilini koʻrsatishda davom etmoqda. Prezidentimiz maktabdan bola kasb-hunarli boʻlib chiqishi kerakligini taʼkidladi. Biroq ayrim maktablarda mehnat xonalari va mehnat oʻqituvchilari faoliyati qoniqarli darajada emas. Bir necha soatga nomiga oʻtkaziladigan toʻgaraklarni hisobga olmaganda bolalar hunarga oʻrgatilmayapti. Qizlarga tikuvchilik, pazandachilik, sartaroshlik, yigitlarga duradgorlik, quruvchilik kabi hunarlarni oʻrgatish mumkin-ku.

Ammo maktablarda uskunalar, tikuv mashinalari bilan jihozlangan xonalar yoʻq. Borlari ham talab darajasida emas. Talab darajasida boʻlgan taqdirda pedagoglar yetishmaydi. Bu yil jiyanim oʻninchi sinfni tamomladi. Uni hunarli qilish uchun xususiy chevarga katta mablagʻ evaziga shogird qilib berdik. Maktabda oʻtgan oʻn yilllik umr unga biror hunarni egallashiga asqatganida edi u yana umrining qimmatli bir necha yillarini hunar oʻrganishga sarflamagan boʻlar edi.

Magʻlubiyatlarimiz zamirida oʻqituvchilarning jamoat ishlariga jalb etilganini ham taʼkidlashimiz oʻrinli boʻladi. Ular koʻcha tozalash, gul ekish, supur-sidir ishlari bilan band boʻlganida kelajak avlod taqdiri qoʻldan boy berildi hisob.

Oʻqituvchilarning faoliyatiga baho ular oʻqitgan oʻquvchilarning oʻzlashtirgan bilimlariga qarab beriladi. Biroq ota-onalarning ham farzandi oldida masʼuliyatini, javobgarlik hissini oshirmoq darkor. Qarsak ikki qoʻldan chiqadi. Bolasining taqdirini faqat maktabga yuklab, oʻzi shugʻullanmasa, bolalarining qanday oʻqiyotgani bilan qiziqmasa, pul topishga jalb etsa, faqat oʻqituvchining qilayotgan mehnati samarasiz boʻlib qolaveradi.

Davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, tizimni rivojlantirish uchun soha mutasaddilari bugunni ertaga qoʻymasdan aniq takliflar, innovatsion tashabbuslar bilan chiqishi kerak. Oʻqituvchilarni ortiqcha qogʻozbozliklardan ozod qilish va ularga oʻz ustida ishlashlari uchun imkoniyatlar yaratib berish lozim. “Yil oʻqituvchisi” kabi tanlovlar turini koʻpaytirish, faol, bilimli, tajribali, oʻquvchilarining koʻpchiligi oliygohlarga kirish imkoniyatiga ega boʻlgan pedagoglar albatta ragʻbatlantirilishi lozim.

Ragʻbatlantirish tizimi ham avval maktabdan, soʻng xalq taʼlimi boshqarmalaridan tortib, vazirlikkacha boʻlgan bosqichlarda tashkil etilishi kerak. Har bir maktab oʻqituvchilar oʻrtasida chinakam raqobat muhitini yarata olishi muhim ahamiyatga ega. Gap ertangi kun egalari taqdiri haqida borar ekan, bu masalani paysalga solish, eʼtiborsiz qoldirish Vatanga xiyonat bilan barobardir. Ushbu masala davlat rahbari eʼtiborida boʻlib, mamlakat siyosati darajasida koʻtarilayotgan ekan, uni ahamiyatini ham toʻgʻri anglamoq kerak.

Taʼbir joiz boʻlsa, kelajak taqdiri bu sening ishing, meniki emas, bu seni aybing, bizniki emas kabi bahonalar qurboni boʻlmasligi lozim. Bu borada har birimizning hissamiz koʻrinishi kerak. Kimdir pedagog, kimdir ota-ona sifatida, kimdir oʻquvchi yana kimlar targʻibotchi qoʻyingki, tashkilotchi va rahbar sifatida har bir fuqaro kelajak avlod yutuqlariga oʻz ulushini qoʻshmogʻi kerak.

Kamola Abduvaliyeva,
OʻzMTDP Andijon viloyat kengashi matbuot kotibi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?