Kattaqo‘rg‘ondagi voqeaga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi

22:44 05 Iyul 2018 Jamiyat
787 0

"Hech bir jamiyatda inson qadr-qimmati tahqirlanmasligi, har qanday sharoitda ham inson sha’ni qadrlanishi, uning huquqlari to‘la kafolatlanishi belgilangan.

Lekin ba’zi bir nopok xodimlar tomonidan qonun buzilishi holatlari sodir etilayotgani juda ham achinarli, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabarida.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fuqaro T. N. R.ga nisbatan sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatlar yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, holat Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili kapitan San’at Umarov tomonidan sodir etilganligi aniqlandi.

Bugungi kunda San’at Umarov ichki ishlar organlaridan salbiy harakatlari uchun bo‘shatilgan. Holat yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan bunday salbiy holatlarni aniqlash, oldini olish va ichki ishlar organlari saflarini nopok, tasodifan kirib qolgan xodimlardan tozalash maqsadida, doimiy ravishda keskin choralar ko‘rib boriladi", deyiladi munosabatda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?