Kattaqoʻrgʻonda ijtimoiy ahvoli ogʻir, turarjoyga muhtoj 10 ta oilaga bepul uylar berildi

13:55 09 Sentyabr 2020 Jamiyat
137 0

Xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish va hal etish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash borasida faoliyat olib borayotgan respublika ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgan chora - tadbirlar dasturi ijrosi bosqichma-bosqich taʼminlab kelinmoqda.

“Dastur doirasidagi galdagi tadbir Kattaqoʻrgʻon tumanida istiqomat qilayotgan kam taʼminlangan, nogiron, boquvchisini yoʻqotgan xotin-qizlarga amaliy koʻmak doirasida boʻlib oʻtdi” deb xabar bermoqda Kattaqoʻrgʻon tumani hokimligi axborot xizmati.

Tumanning Bogʻot mahallasida har biri 3 xonadan iborat 2 sotixli 10 ta yangi uy ijtimoiy ahvoli ogʻir, turar joyga muhtoj oilalarga dastur asosida bepul berildi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda tuman hokimligi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi vakillari, sektorlar va tegishli tashkilotlar rahbarlari, quruvchilar hamda bir guruh mahalla faollari ishtirok etdi. Unda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, oila va jamiyat hayotidagi nufuzini oshirish borasida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilganligini alohida taʼkidladi.

Uy-joylar qurilishiga 1 milliard 600 million soʻm mablagʻ sarflandi. Shundan 643 million soʻmi Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yoʻnaltirilgan boʻlsa, qolgani mahalliy byudjetning orttirib bajarilgani hisobidan ajratildi. “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlaridan esa uylarni jihozlash ishlari amalga oshirildi.

- Boshiga ish tushganda muruvvat yordamlari koʻrsatilsa, koʻz yoshini yashirolmas ekan kishi, - deydi yangi uy sohibalaridan biri Xumora Ismoilova. - Uyimiz yoʻq edi. Turmush oʻrtogʻim yoʻl qurilishida ishlardi. Yaqinda baxtsiz hodisa tufayli olamdan oʻtdi. Qizim bilan qayerga borishni bilmay turganimda bepul berilgan, yashash uchun barcha sharoitlarga ega uy hayotimizga quvonch bagʻishladi. Yaxshiyam, muhtojlarni eʼtiborsiz qoldirmaydigan el farzandiman, oʻzbekistonlik ekanligimdan mamnunman.

Shundan soʻng yigʻilganlar tumanda kooperativ yoʻnalishi asosida tashkil etilgan «Jasurjon Mubina» MCHJ faoliyati bilan tanishishdi.

Kattaqoʻrgʻon tuman hokimi Azamxon Baxramov, zamonaviy dastgohga ega boʻlgan ayollarni oilaviy tadbirkorlik, tikuvchilik bilan shugʻullanishini oʻzini bandligini taʼminlash yoʻlidagi harakatlarini qoʻllab - quvvatlanishini bildirdi. 

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?