Kattaqoʻrgʻonda ichki bozorga chiqarilgan qulupnaydan 20 milliard soʻm foyda olish moʻljallanmoqda

17:26 07 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
196 0

Samarqandda “Bir mahalla-bir mahsulot” tamoyili asosida tuproq va iqlim sharoiti hisobga olingan xolda qishloq xoʻjaligi va oziq ovqat mahsulotlari yetishtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, Kattaqoʻrgʻon tumanida azaldan poliz mahsulotlari yetishtirish, sabzavotchilik ancha rivojlangan. Yaqindan boshlab kattaqoʻrgʻonliklar qulupnay yetishtirishning ham ancha hadisini olishdi.

Tuman hokimligi tashabbusi bilan qulupnay yetishtirishda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish, asosan, “Andijon usuli” da plyonka ostida qulupnay yetishtirib, yilning toʻrt faslida ham bozorlar rastalari va dasturxonlarimizni sarxil mahsulotlar bilan taʼminlash yuzasidan tashabbus bilan chiqishdi.

— Qulupnay yetishtirish oʻziga xos tajriba va bilim talab etadigan, oʻta nozik ish. Joriy yilda tumanimiz fermerlari, tadbirkorlar va aholi vakillari bilan kelishgan xolda jami ming gektar yerga Polshadan keltirilgan qulupnay ekishni rejalashtirganmiz, — deydi Kattaqoʻrgʻon tumani hokimi Aʼzamxon Baxromov. — Qulupnay toʻliq tomchilatib sugʻorish asosida parvarishlanadi. Loyiha toʻla quvvat bilan ishlaganda yiliga 30 ming tonna eksportbop qulupnay yetishtirish rejalashtirilgan. Mahsulotning 10 ming tonnasi eksportga yoʻnaltiriladi. Shu maqsadda xorijlik hamkorlar bilan kelishuvga erishganmiz. 20 ming tonna qulupnay ichki bozorga chiqariladi. Birgina ichki bozorga yetkazib berilgan mahsulot evaziga 20 milliard soʻm foyda olishni moʻljallayapmiz.

Yana bir gap. Oʻtgan yili Kattaqoʻrgʻon tumanidagi Roʻzimurod Mavlonov fermer xoʻjaligi tomonidan Polshadan eskportbop qulupnay urugʻi keltirilib 18 gektar yer maydonida mahalliylashtirildi. Qulupnay toʻliq plyonka ostiga ekilishi eʼtiborga olingan xolda tegishli tarzdagi zaxira shakllantirilgan. Hozirgi kunda Roʻzimurod Mavlonov fermer xoʻjaligi tomonidan fermer xoʻjaliklari, tadbirkorlik subyektlari va aholi uchun sifati kafolatlangan qulupnay urugʻi yetkazib berilmoqda. Xorij tajribasi asosida 1 gektar yerga 40 ming dona koʻchat ekilmoqda.

— Eʼtiborli jihati shundan iboratki, Kattaqoʻrgʻonda qulupnay koʻchatlari zamonaviy seyalkalarda ekilyapti, — deydi «Oʻzagroinspeksiya»ning Kattaqoʻrgʻon tumani boʻlimi boshligʻi Nurali Namazov. — Mahalliy ratsionalizatorlar Turkiyadan keltirilgan zamonaviy seyalkalarga qoʻshimcha uskunalar oʻrnatib, qulupnay koʻchatlari ekish uchun moslashtirdi. Bir kunda 10 gektar yer maydoniga qulupnay koʻchatlari ekilmoqda. Mazkur tadbirda ishtirok etayotgan qishloq xoʻjaligi texnikalarining unumli ishlashi, yonilgʻi moylash materiallarining muntazam tarzda keltirilishi, dalada ishlayotganlar uchun zaruriy sharoitlar yaratilganligi xodimlarimiz tomonidan doimiy tarzda oʻrganilmoqda.

Izlagan imkon topar deganlaridek, kattaqoʻrgʻonlik dehqonlarning ushbu tashabbusi hademay butun mamlakatimiz boʻylab qanot yozib, eksportbop mahsulotlar soni va turi yana-da koʻpaysa ajab emas.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?