Kattaqoʻrgʻonda 420 million dollarlik sement zavodi qurilishi boshlandi

16:38 19 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
644 0

Illyustrativ foto

Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qoʻshma korxonaning qurilishi uchun tamal toshi qoʻyildi. Bu haqda “Zarafshon” nashri xabar berdi.

Yaqinda Xitoyning nufuzli “GANSU HENGYA CEMENT Co LTD” kompaniyasi hamda Oʻzbekistonning “Zamon injiniring” korxonasi hamkorligida “HENGYUAN CEMENT” Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasiga asos solingan edi.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov amalga oshirilayotgan loyihaning istiqbolli kelajagi va undan kutilayotgan natijalar haqida gapirdi. Xitoyning “GANSU HENGYA CEMENT Co LTD” kompaniyasi bosh direktori Chjay Vanmin davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik samarasi boʻlgan ushbu korxona har ikki tomon uchun ham manfaatli boʻlishini eʼtirof etdi.

Loyiha qiymati 420 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan mazkur loyihaning amalga oshirilishi bilan bu yerda yiliga 2,4 million tonna sement ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Zavod qurilishining birinchi bosqichi 2018−2020 yillarda amalga oshiriladi va bu bosqichda 220 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya hisobiga yiliga 1,2 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega dastlabki blok ishga tushiriladi.

Ikkinchi bosqich 2020−2023 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyiha yakunlangach mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?