Kattaqoʻrgʻon tumanidagi fermer xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida 1000 gektar yerda qulupnay ekiladi

09:34 10 Avgust 2020 Jamiyat
210 0

Ikki yil oldin Kattaqoʻrgʻon tumanida “Sharq sanoat” konserni bilan hamkorlikda "In-vitro" laboratoriyasida koʻpaytirilgan qulupnayning «Zenga-zengana» navidan 820 ming tup keltirib ekilgan edi.

Oʻtgan yil kuzida undan olingan 5 million tup qulupnay koʻchati fermer xoʻjaliklari va aholi xonadonlariga tarqatildi.

— Ushbu yangi nav mevasi xushtaʼmligi, 7 —10 kungacha, sovutqichli omborlarda esa 20 kungacha saqlash mumkinligi bilan aholiga manzur boʻldi, — deydi “Kattaqorgon klubnika” ishlab chiqarish kooperativi rahbari M.Mavlonov. — Har bir tup qulupnay koʻchatidan 1-1,5 kilogramm, gektaridan 40 tonnagacha hosil olish mumkin. Yana bir afzalligi, bu nav yiliga ikki marta hosil beradi. Kelgusida ushbu mahsulotni ichki bozor bilan birga xorijga ham eksport qilish rejalashtirilgan.

Bu yil tumandagi fermer xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida 1000 gektar yerda qulupnay ekish rejalashtirilgan. Jumladan, 500 gektar maydon tomchilatib sugʻorish texnologiyalari asosida ekiladi. Ayni paytda tumanda bu jarayon davom etmoqda va kattaqoʻrgʻonlik dehqonlarga Ukrainadan kelgan mutaxassis oʻz tajribalarini oʻrgatmoqda. Hozir ekilgan koʻchatlar kelgusi yil bahoridan hosilga kiradi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?