Katta karvon: Mingbuloq — zafar marrasida

12:24 09 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
186 0

Dehqonchilik maydonlari asosan qoʻriq yerlardan iborat boʻlgan Mingbuloq tumanida viloyat boʻyicha eng koʻp - 35 ming tonnadan ziyod paxta yetishtiriladi. Bugun qabul punktlariga belgilangan miqdordagi hosil toʻla yetkazib berilib, shartnomaviy reja viloyatda ikkinchi oʻrinda uddalandi.

Bu — mingbuloqliklar uchun katta gʻalaba. Boisi, yerlarning zaxlanishi yuqori boʻlgan hududda dehqonchilik qilishning oʻziga yarasha mashaqqatlari bor va mingbuloqliklar uni mardonavor mehnat bilan yengishga muvaffaq boʻldilar. Bunda, albatta, sohani toʻla klaster tizimiga oʻtkazilib, agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida yuqori sifat bilan oʻtkazilganligi, izchil moliyaviy taʼminot, mineral oʻgʻit, yonilgʻi-moylash materiallari yetkazib berish bilan bogʻliq shartnomaviy majburiyatlar toʻla-toʻkis bajarilganligi hal qiluvchi omil boʻlganligi sir emas. Xususan, paxtachilikka ixtisoslashgan 302 ta fermer xoʻjaligiga yerlarni ekishga tayyorlashdan hosilni yigʻishtirib olishgacha boʻlgan agrotexnik tadbirlar ijrosi uchun 134 milliard soʻmdan koʻproq mablagʻ toʻlab berildi.

Mingbuloq oʻz vaqtida paxtachilikni mexanizatsiyalashtirish, jumladan, hosilni mashinalar yordamida yigʻishtirib olish boʻyicha butun respublikaga namuna koʻrsatgan tumanlardan biri. Oʻtgan yildan boshlab bu yerda ushbu anʼana tiklana boshladi. Joriy yil terim mavsumida dalalarda 9 ta “Jon Deer” va 11 ta “Keys-420” rusumli yuqori unumli terim kombaynlari ishladi. Ularning hozirgacha tergan paxtasi 3326 tonnadan ortdi.

Bugun gʻalaba nashidasini surayotgan tuman paxtakorlari muvaffaqiyatida terim mavsumida faol qatnashgan fermer xoʻjaliklari va klaster korxonalari ishchi-xizmatchilari qatorida Namangan shahridan tashrif buyurgan minglab hasharchilar, ixtiyoriy ravishda qoʻshimcha daromad topish maqsadida otlangan ish bilan band boʻlmagan mehnatga layoqatli aholining ham hissasi katta boʻldi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?