Kato Kyudzo — oʻzbeklarning yapon olimi

11:55 12 Sentyabr 2019 Jamiyat
45 0

Oʻzbekistonning yaponiyalik fidoyi doʻsti va jonkuyar olimi — atoqli arxeolog, antropolog, tarixchi va etnograf, mashhur oʻzbekistonshunos olim Kato Kyudzo haqiqiy xalq diplomati, ilm-fanning tom maʼnodagi qomusiy bilimdoni va targʻibotchisi, mohir tarjimon va publitsist, 20 ga yaqin ilmiy tadqiqot, koʻplab kitob va maqolalar muallifi boʻlgan.

Yapon olimi Markaziy Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga doir koʻplab ilmiy asarlar yaratgan. Uning “Ipak yoʻli chorrahalarida”, “Yevroosiyo sivilizatsiyasi boʻylab sayohat”, “Oʻrta Osiyoning buyuk shaxslari”, “Dalvarzintepa shahristoni” kabi kitoblari, “Oyxonum” monografiyasi shular sirasiga kiradi.

Ayniqsa, Kato Kyudzoning jahonga tanilgan oʻzbekistonlik qadimshunos olimlar — akademiklar Yahyo Gʻulomov, Galina Pugachenkova, Edvard Rtveladze hamda taniqli arxeologlar Shokir Pidayev va Bahodir Turgʻunov bilan ilmiy hamkorligi muhim ahamiyat kasb etdi. Keyinchalik ular oʻrtasida chin doʻstlik munosabatlarining oʻrnatilishi oʻzbek-yapon ilmiy aloqalari mustahkamlanishida oʻziga xos omil boʻldi.

U Oʻzbekiston olimlari qalamiga mansub “Qadimgi Panjikent”, “Koʻhna Xorazm” singari bir qator kitoblarni, shuningdek, mashhur sharqshunos A.Yakubovskiyning Samarqand tarixiga bagʻishlangan hamda L. Albaumning Afrosiyobdagi tasviriy sanʼat namunalari tavsif etilgan asarlarini yapon tiliga tarjima qilgan va Yaponiyada nashr etishga bosh-qosh boʻlgan.

Olimning ilmiy qiziqishlari koʻlami nihoyatda qamrovdorligi bilan ajralib turadi.

Xususan, Kato Kyudzo bir paytning oʻzida:

  • rus-yapon munosabatlari hamda Uzoq Sharq va Sibir tarixi;
  • Oʻrta Osiyo arxeologiyasi;
  • Qadimgi va Oʻrta asrlar tarixshunosligi va Oʻzbekiston madaniyati yodgorliklari;
  • geografik kashfiyotlar tarixi;
  • tarixchilar, geograflar hamda sayyohlarning hayoti va faoliyati yoʻnalishlarida izchil ilmiy tadqiqotlar olib borgan.

Yapon olimi XX asrning 60-yillarida oʻzbek arxeologiya maktabi asoschilaridan biri akademik Galina Pugachenkova bilan tanishgan. Natijada Markaziy Osiyo mintaqasining tarixiy yuragi hisoblangan Oʻzbekiston bilan oʻz vatani oʻrtasidagi tarixiy-madaniy va maʼnaviy-maʼrifiy aloqalar ildizlarini oʻrganishga boʻlgan qiziqishi ortgan.

Kyudzo Kato, bir tomondan, Yaponiyaning “Oltin nurli muqaddas xazina” ordeni sovrindori, Soka universiteti hamda Yaponiya Milliy etnologiya muzeyi faxriy professori boʻlsa, ikkinchi tomondan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti — “Doʻstlik” ordeni sohibi, Termiz shahrining faxriy fuqarosi, OʻzFA Sanʼatshunoslik institutining faxriy doktori hisoblanadi. Bu bejiz emas.

Chunki atoqli yapon professori uzoq yillar davomida yurtimizda arxeologik qazishma ishlari bilan shugʻullangan. U Oʻzbekiston toʻgʻrisidagi koʻplab ilmiy ishlar muallifi, mamlakatimizning haqiqiy doʻsti boʻlgan.

Bu haqda soʻz yuritganda, Kato Kyudzo oʻtgan asrning 60-yillarida Oʻzbekistonga ilk bor tashrif buyurganini qayd etish lozim. Oʻshanda u oʻz ustozi mashhur yapon yozuvchisi Yasusi Inoue (1904-1991-yillar) bilan birga Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi tarixiy shaharlarda boʻlgan. Oʻsha davrdan eʼtiboran u oʻlkamizning qadimiy boy tarixiga katta qiziqish bildirib, yapon-oʻzbek hamkorligini faollashtirish targʻibotchisiga aylangan.

Kato Kyudzo 40 yilga yaqin vaqt mobaynida Oʻzbekistonda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazgan. Kato Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatiga oid bir qancha asarlarga mualliflik qilgan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi va mamlakatimizning boshqa bir qator ilmiy institutlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borgan.

Oʻzbeklarning yapon olimi har xil ilmiy loyihalarda faol qatnashgan. Koʻp yillar davomida Dalvarzintepa va Qoratepa, Fayoztepa va Kampirtepa shaharlari xarobalaridagi budda yodgorliklarini oʻrganish maqsadida uyushtirilgan xalqaro oʻzbek-yapon arxeologik ekspeditsiyalari tadqiqotlariga rahbarlik qilgan. Uning tadqiqotlari natijalari Oʻzbekiston tarixi boʻyicha maktab darsliklarida ham oʻz aksini topgani diqqatga loyiqdir.

Yapon olimi ona tilidan tashqari, oʻzbek, rus, ingliz, fransuz, turktillaridagi kitoblarni bemalol mutolaa qilgan. U oʻzining barcha shogirdlaridan oʻzbek tilini mukammal oʻrganishlarini talab qilgan ekan. Bu talabini Kato shunday izohlagan: “Oʻzbek tilini bilish — bu barcha tillarga kalit topish, turkiy tillarni bilish esa, bu — demak Buyuk Ipak yoʻli eshigini ochish bilan barobar”.

Kato avvaliga istiqlolgacha va mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatimizga 100-martadan koʻproq safar uyushtirgan. Oxir-oqibat shu yerda yashab qolgan, yurtimizning faxriy fuqarosiga, oʻz odamimiz, oʻz olimimizga aylangan.

Oʻzbekiston qadimiy shaharlari tarixini berilib oʻrgangan, shuningdek, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi ilmiy aloqalar rivojiga katta hissa qoʻshgan yaponiyalik mashhur olim Kato Kyudzo oʻzbek xalqini sevar edi. U ushbu zaminni oʻzining ikkinchi Vatani deb atardi va shu zamin bagʻrida mangu qoʻnim topdi.

Kato Kyudzo 2016-yil 12-sentyabrda, 95 yoshida Termizdagi qadimiy ibodatxonada arxeologiya-qazishma ishlarini olib borayotganida vafot etgan. U oʻz vasiyatiga koʻra, Termizda dafn etilgan. Xalqimiz atoqli va ardoqli yapon olimini hech qachon unutmaydi. Moʻtabar Kato boboning xotirasi doimo yodimizda.

Xulosa qilib aytganda, Kato Kyudzo Oʻzbekiston bilan Yaponiya davlatlari va xalqlari oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida hamisha shunday deb taʼkidlashni xush koʻrgan: “Mamlakatlarimizning oʻzaro hamkorlik imkoniyatlari nihoyatda keng, yanada muhimi, xuddi shu hayotiy voqelik kelajagimizga ham daxldordir. Modomiki, kitoblarim xalqlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qilar ekan, bundan boshim osmonga yetadi”.

Bugungi kunda Kato Kyudzoning hayoti tarixda qoldi. Ustozning kitoblari esa muallifning ezgu ishlarini davom ettirmoqda, yaʼni mamlakatlarimiz hamkorligi rivojiga va xalqlarimiz doʻstligi mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Akmal SAIDOV,

akademik.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?