Katerina Ueterdik: “Turizm sohasidagi eng muhim qadamlardan biri sayyohlar uchun vizasiz tartibning joriy etilishi boʻldi”

21:11 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
414 0

Bugun “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida boʻlib oʻtgan tantanali marosimda “Turizm fidoiysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlar qatorida yurtimizdagi sayyohlik salohiyatini jahonga tanitishda oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan xorijliklar ham borligi bizni quvontiradi. Ular orasida Buxoro shahridagi "Shuxov” suv inshooti restavratsiyasi va turizm namoyish obyekti barpo etilishi tashabbuskoriFransiyalik investor Katerina Ueterdik ham yuksak mukofot bilan taqdirlandi. Quyida xorijlik sovrindorning dil izhorlarini eʼtiboringizga havola etamiz:

— Oʻn toʻrt yil avval Samarqand shahridagi Registon maydonini ziyorat qilish maqsadida Oʻzbekistonga ilk bor kelgan edim. Bu yerda, ayniqsa, Buxoroda oʻzimni xuddi oʻz uyimdagidek his qilganman va yuragimning yarmini Buxoroda qoldirganman, desam yanglishmayman.

Har yili turmush oʻrtogʻim bilan sevimli  maskanlarimizni ziyorat qilish va bu koʻhna shaharning ruhiy quvvatini tuyish, shu bilan birga, Buxoroda qolgan qadrli doʻstlarimiz bilan uchrashish uchun bu qadim shaharga qayta va qayta tashrif buyurar edik. Shaharlarni kezar ekanmiz, oʻzbek xalqining turmush darajasi yuksalishi, shaharlarning oʻsishi, kundan kunga chiroy ochib borishi va biznesning ravnaq topayotganiga ham guvoh boʻldik.

Oʻn yil oldin turmush oʻrtogʻim bilan Fransiyada aynan Oʻzbekiston uchun moʻljallangan sayyohlik agentligini tuzdik. Yevropaliklarning Markaziy Osiyo haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlishlari uchun, qitʼaning yuragi boʻlmish Oʻzbekistonning goʻzalligi va xalqining naqadar mehribonligini dunyo ahliga tasvirlab berish maqsadida qoʻlimizdan kelgan barcha ishni bajardik va natijada Amir Temur izlari yotgan oʻlkaga turli millat sayyohlarini jalb etishga muvaffaq boʻldik.

Shuni alohida taʼkidlashni xohlar edimki, soʻnggi uch yil biz uchun eng yorqin va omadli kelgan yillardan boʻldi. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev qoʻl urgan iqtisodiy strategik islohotlar Oʻzbekistonning kelajakka qadam qoʻyishiga ulkan zamin yaratdi.

Turizm sohasidagi eng muhim qadamlardan biri turistlar uchun vizasiz tartibning joriy etilishi boʻldi. Sohadagi bu kabi yutuqlar biz uchun qalban yaqin boʻlgan yurtga biz qanchalik bogʻliqligimizni koʻrsatish imonini berdi. Darhaqiqat, Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy yoki mahalliy sarmoyadorlarga madaniy obyektlarni taʼmirlashga oʻz hissalarini qoʻshishlari borasidagi Farmonni imzolagan edilar. Biz esa ancha vaqtdan buyon Buxorodagi Shuxov minorasini qaytadan jonlantirmoqchi boʻlib yurgan edik. Nega aynan ushbu yodgorlik  deysizmi? Chunki uning qurilishi, tashqi koʻrinishi bizga yuragimizning qolgan yarmi, Fransiya, Parij va uning Eyfel minorasini eslatar edi.

Oʻzbekiston hukumati tomonidan “Turizm fidoiysi” koʻkrak nishoniga munosib koʻrilganimdan juda taʼsirlandim va faxr tuygʻusini his etdim. Bu dunyoning  qayerida boʻlishimizdan qatʼiy nazar, yurakka yaqin boʻlgan Oʻzbekistonimizning ochiqligi, mehmondoʻstligi va boy madaniyatini tilga olishdan charchamaymiz.

Yulduz Oʻrmonova yozib oldi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?