Kassaga emas, kissaga tushibdi

11:29 02 Iyul 2019 Jamiyat
252 0

Keksalarimiz “Baraka – halollikda”, deya doimo bizga eslatib turishadi. Isteʼmolchi va taʼminotchi oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmat oʻrniga qoʻyilsagina, turmushimiz yanada farovon va barakotli boʻladi. Biroq, guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, afsuski, oramizda turli toifadagi salbiy xislatli insonlar ham borligi achinarli hol.

Chust tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza yozgan karkadonlik Obidjon Gʻaniyev murojaatini koʻrib chiqish asnosida bunga yana bir bor amin boʻldik. Arizada yozilishicha, tumangaz korxonasi tomonidan unga nisbatan 2019-yil holatiga 594 000 soʻm miqdorida noreal qarzdorlik belgilangan. Biroq, uning shuncha miqdorda qarzi boʻlishi mumkin emasligi, chunki toʻlovni vaqtida amalga oshirib kelishini taʼkidladi. Va kiritilgan mazkur qarzdorlikni aniqlashda amaliy yordam berishimizni soʻradi.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida ariza muallifining toʻlov daftarchasidagi maʼlumotlarga hamda tumangaz korxonasidan olingan maʼlumotlarga asosan oʻrganish ishlari olib borildi va quyidagilar aniqlandi. Oʻrganish jarayonida isteʼmolchi Obidjon Gʻaniyev tomonidan oʻz vaqtida amalga oshirilgan toʻlovlartumangaz hisob raqamiga tushirilgan boʻlsa-da, isteʼmolchining abonent kodiga kiritilmagan. Nazoratchi shovvozlarning aytishlaricha, oylik maoshimizdan uning hisobiga oʻtkazib qoʻyamiz, degan niyatda u toʻlagan naqd pulni oʻzlashtirib olishgan ekan. Bu holatni “Esdan chiqib qolibdi”, degan bahonalar bilan yumshatishmoqchi boʻlishdi. Nahotki, bu esdan chiqadigan jarayon boʻlsa. Isteʼmolchining talabi qondirilib, qarzdorlik uning hisobidan chiqariladigan boʻldi. Yuqorida koʻrsatilgan miqdordagi summani toʻlash esa aybdor nazoratchilar zimmasiga yuklatildi.

M. MAHKAMOVA, Jamiyat mutaxassisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?