Kasim-Jomart Tokayev Qozogʻistonning toʻlaqonli prezidentiga aylandi

11:21 20 Mart 2019 Siyosat
1209 0

Qozogʻiston Senati raisi Kasim-Jomart Tokayev qasamyod qabul qilganidan soʻng Qozogʻistonning toʻlaqonli prezidentiga aylanadi. Unda bu vazifani ”vaqtinchalik bajaruvchi” qoʻshimchasi boʻlmaydi. Bu haqda mamlakatning Konstitutsion kengash sobiq rahbari Igor Rogov, maʼlum qildi, deb yozmoqda “Interfaks-Qozogʻiston”.

”Konstitutsiyamizda v.b. degan jumlalar umuman oʻrin olmagan. Bizda vazifasini bajaruvchi degan tushuncha yoʻq. Qasamyod qabul qilganidan soʻng Tokayev mamlakatning toʻlaqonli prezidentiga aylanadi. U avvalgi prezidentning muddati tugaguniga qadar prezident sifatida qoladi”, – deya tushuntirish bergan I. Rogov.

Mahalliy vaqt bilan 12:00da Kasim-Jomart Tokayev parlament palatalari qoʻshma yigʻilishida qasamyod keltirdi va mamlakat prezidenti lavozimiga kirishdi.

Ma'lumot uchun, Tokayev endilikda 2020 yilning apreliga qadar mamlakatning toʻlaqonli prezidenti sifatida faoliyat olib boradi. Shu muddatgacha mamlakatda yangi prezidentlik saylovlari oʻtkaziladi.

Eslatib oʻtamiz, 19 mart kuni Qozogʻistonning endilikdagi sobiq prezidenti Nursultan Nazarbayev isteʼfoga chiqishini maʼlum qilgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?