Kashandalik tufayli har sakkiz soniyada bir kishi nobud bo‘lmoqda

18:48 31 May 2018 Jamiyat
2169 0

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, yer yuzida chekuvchilar soni hozirda 1,2 mlrd.ni tashkil etib, har yili ularning soni 2,1 foizga ortib borib, 2025 yilda 1,6 mlrd.gacha o‘sishi e’tirof etilgan. Yiliga 5 mln.dan ortiq odam chekish tufayli vafot etmoqda. Bu esa sigaret har sakkiz soniyada bir odamning umriga zomin bo‘lmoqda deganidir. Mazkur muammoga qarshi kurashishning eng samarali yo‘li sog‘lom hayot kechirishni tanlashdir.

Mutaxassislar fikricha, sog‘lom turmush tarzini yaratishda avvalo tamaki mahsulotlari iste’moliga chek qo‘yish zarur. Undagi nikotin moddasi inson salomatligi uchun xavfli bo‘lib, yurak, qon-tomir, nafas a’zolari kasalliklarini keltirib chiqarishi, organizmda xavfli o‘smalar paydo qilish ehtimoli kuchli. Ular orasida homilador ayollar, go‘daklar, bolalar, o‘smirlar va yoshlar hammadan ko‘p jabr ko‘rmoqda.

Tamaki tutunida 4000 dan ziyod kimyoviy unsurlar mavjud bo‘lib, ular organizm faoliyatiga o‘z tasirini o‘tkazadi. Ularning 43 dan ortig‘i o‘sma (saraton) kasalliklarining kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, 400 dan ortig‘i toksik (zaharli) moddalar hisoblanadi. Bular jumlasiga: smola, nikotin, is gazi, kadmiy, formaldegid, atseton, benzol, mishak va boshqalar kiradi.

Jumladan, o‘sma kasalliklari (o‘pka raki 90 foiz), nafas olish tizimi kasalliklari (75 foiz), yurak-qon tomir kasalliklarining (yurak ishemik kasalligi 25 foiz) kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Kuzatuvlarga ko‘ra, chekmaydiganlarning har 100 mingtasidan 12 nafari o‘pka saratoniga chalingan. Kuniga bir quti tamaki chekuvchilar ichida bu ko‘rsatkich 112 kishini, ikki quti chekuvchilarda esa 284 kishini tashkil etgan.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasida bo‘lib o‘tgan“Sog‘ tanda – sog‘lom aql” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy o‘quv darsida ishtirok etgan viloyat narkologiya dispanseri vrach-narkologi N.Negmatova ishtirokchilarga chekishning zarari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Chekishning organizmga va intellektual rivojlanishga salbiy ta’sirlari, bu global muammoning barqaror rivojlanishga solayotgan xavfi, uning oldini olish, xususan, yoshlar o‘rtasida sog‘lom hayot tarzini mustahkam qaror toptirish kabi dolzarb masalalar muhokamasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu kabi tadbirlar respublikamizning boshqa hududlarida ham o‘tkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?