Senator: «Kasbida qariyb 60 ming dollarlik xorijdan keltirilgan tibbiyot uskunalari malakali mutaxassislar yetishmasligi sababli ishlatilmayapti»

14:09 01 Mart 2019 Jamiyat
476 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi ONLINE”/Munisxon Karimova. Qashqadaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti yuzasidan senator T.Madumarov muzokara oʻtkazdi.

Jumladan, u quyidagi fikrlarni bildirib oʻtdi: “Ayniqsa, taraqqiyotimizning yangi bosqichida Prezident tashabbuslari bilan Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan islohotlar oʻzining samaralarini bermoqda.

2018 yilda viloyat yalpi hududiy mahsuloti hajmi 28,4 trillion soʻmga yetgan va 2017 yilga nisbatan oʻsish koʻrsatkichlari 101 foizni tashkil etgan. 2018 yilda viloyatda 2 365 ta kichik biznes subyekti oʻz faoliyatini boshlagan va ularning soni qariyb 17 mingtaga yetgan.

Natijada viloyatda yaratilayotgan yangi ish oʻrinlari soni ham oshib bormoqda. 2018 yilda yaratilgan ish oʻrinlari soni 27 mingdan oshgan va bu boradagi prognoz parametrlari 101,5 foizga bajarilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 va 2018 yillarda viloyatga 3 marotaba amalga oshirilgan tashriflari davomida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida 450 dan ortiq loyiha tasdiqlangan.

Shuningdek, 2018 yilning oʻzida yangi loyihalarni ishga tushirish hisobiga xizmat koʻrsatish va servis sohasida 1 595 ta, qishloq xoʻjaligida 2 453 ta yangi ish oʻrinlari yaratilganligi eʼtiborlidir”.

Senator Qashqadaryo viloyatida hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati samaradorligini oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan koʻplab muammo va kamchiliklar ham mavjudligini aytib oʻtdi.

“Ayniqsa, ayrim vazirlik va markaziy idoralarning viloyatdagi mavjud muammolar yechimiga kompleks yondashmayotgani, ularni hal etish boʻyicha mahalliy hokimliklarning tashabbuslari, takliflari, aholining xohish-istaklari yetarli darajada inobatga olinmayotgani oqibatida qator masalalar dolzarbligicha qolmoqda. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Qashqadaryo viloyatining ayrim tumanlarini kompleks rivojlantirish boʻyicha dasturlardagi qator chora-tadbirlar masʼul vazirlik va idoralarning sustkashligi oqibatida oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.

Dehqonobod tumanini 2018-2019 yillarda kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturiga muvofiq 2018 yil oxiriga qadar amalga oshirish va yakunlanishi lozim boʻlgan jami 143 ta vazifadan 30 tasi bajarilmagan. Jumladan, Respublika darajasida bajarilishi belgilangan tuman tibbiyot birlashmasi binosini rekonstruksiya qilish hamda “Oqrabot” qishlogʻi hududidagi “Oqsaroy” tarixiy obidasini taʼmirlash ishlari zarur moliyaviy mablagʻlar ajratilmaganligi sababli amalga oshirilmagan. Mirishkor tumanini 2018-2019 yillarda kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturiga muvofiq 2018 yil uchun belgilangan 248 ta vazifadan 76 tasi roʻyobga chiqarilmagan. Xususan, mablagʻ ajratilmaganligi sababli: “Avazchoʻl” va “Amir Temur” suv yigʻish va tarqatish inshootlarini rekonstruksiyasi, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash maqsadida yuqumli kasalliklarni aniqlash laboratoriyasini qurish; irrigatsiya inshooti uchun elektr uzatish tarmogʻini qurish va rekonstruksiya qilish vazifalari bajarilmagan.

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan ayniqsa, viloyat shaharlaridagi, tumanlar markazlaridagi yillar davomida saqlanib qolgan kommunal sohaga oid muammolar yechimiga kompleks tarzda yondashilmayotgani aholining jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Xususan, Qarshi shahridagi 1, 2-dahalardagi 46 ta koʻp qavatli uyning 60 foizini ichki isitish tizimi ishdan chiqqan. Shahardagi 222 ta koʻp qavatli uy uchun lokal qozonxonalarni qurish ishlari tegishli dasturlarda belgilangan boʻlsa-da, shu kunga qadar boshlanmagan. Investitsiya dasturiga kiritilgan “Suvoqova” DUK tizimidagi 18 ta obyektdan 7 tasida tegishli qurilish va rekonstruksiya ishlarini olib borish uchun zarur mablagʻlar oʻz vaqtida ajratilmagan.

Moliya vazirligi hamda boshqa masʼul tuzilmalar tomonidan aholi va ijtimoiy muassasalarni ichimlik suvi bilan zarur hajmda taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar yetarli emasligi oqibatida viloyatda istiqomat qilayotgan 3 mln.dan ortiq aholining qariyb 47 foizi tashib keltiriladigan ichimlik suvini isteʼmol qilmoqda (ayrim tumanlarda esa pulli)”.

Parlament aʼzosi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan sogʻliqni saqlash muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar yetarli darajada koʻrilmaganini ham bildirdi.

“Viloyatdagi sogʻliqni saqlash muassasalarining aksariyati mukammal taʼmirga muhtoj. Deyarli barchasida ichimlik suvi, gaz va issiqlik energiyasi taʼminoti bilan bogʻliq tizimli muammolar va 340 nafar shifokor yetishmasligi yuzaga kelgan, - dedi u. - Birgina Kasbi tumanidagi eng zamonaviy tibbiy texnikalar bilan jihozlangan “Kasbi madad shifo” xususiy tashxislash va davolash markazida qariyb 60 ming AQSH dollari evaziga xorijdan keltirilgan loporoskop jarrohlik amaliyotini oʻtkazishga moʻljallangan uskuna va LOR-kombayn uskunasi malakali mutaxassislar yetishmasligi sababli ishlatilmayapti”.

Uning fikricha, bu kabi aksariyat kamchiliklar faqat Qashqadaryo viloyatigagina xos emas.

“Har bir hududda mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga xalaqit berayotgan koʻplab muammolar, yechimini kutayotgan dolzarb masalalar mavjud, - deya qoʻshimcha qildi u - Qolaversa, bu muammolarni faqatgina hududlarning oʻzlari hal etolmaydi. Ularning samarali hal etilishi uchun sohaga oid markaziy idoralar (vazirlik, davlat qoʻmitalari, agentliklar va boshqalar)ning amaliy saʼy-harakatlari, tegishli masalalarni hal etishga boʻlgan kompleks yondashuvi talab etiladi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?