Kasb-hunar kollejlari istiqboli qanday? Deputatlar savoliga vazirlik javob qaytardi

20:08 02 Iyun 2020 Siyosat
138 0

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiyot tarmoqlariga kiritilayotgan innovatsion texnologik jarayonlar, tadbirkorlik, kichik biznes sohalarida yaratilayotgan yangi ish oʻrinlari oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlovchi mutlaqo yangi kasb-hunar taʼlimi muassasalari tarmogʻini shakllantirishni taqozo etmoqda.

Shundan kelib chiqib, 2020-yil 1-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”da “Kasb-hunar taʼlimi tizimida olib borilayotgan islohotlar, yoshlarni kasbiy taʼlimga kengroq qamrab olish chora-tadbirlari, taʼlim sifatini oshirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash holati hamda sohani rivojlantirishdagi rejalar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan xalq vakillari savollariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi javob berdi.

Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2018-yil 25-yanvardagi “Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, mavjud taʼlim dasturlariga kiradigan mutaxassisliklar boʻyicha mehnat bozoridagi real ehtiyojni aniqlash, ularning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining maqsadli koʻrsatkichlariga muvofiqligi, keyinchalik bitiruvchilarni ishga joylashtirish maqsadida tarmoqlarda potensial ish beruvchilarni aniqlash yuzasidan kasb-hunar kollejlari faoliyati har tomonlama tanqidiy oʻrganib chiqildi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2019-yil 6-sentyabrdagi “Professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq 2020-2021 oʻquv yilidan yangi professional taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil etildi. Xususan, yurtimizdagi 211 ta kasb-hunar kollejlari 26 ta vazirlik, idora va tashkilotlar tizimiga oʻtkazildi. Ushbu kollejlarda kadrlar tayyorlash “Hayot davomida taʼlim olish” prinsipi asosida kamida umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarni jalb qilish, kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshirilishi belgilandi.

“Hukumat soati”da 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasida YUNESKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO-2011) darajalari bilan uygʻunlashgan yangi boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimi hamda tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlari joriy etiladigan taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil etilgani ijobiy baholandi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda vazirlik va idoralar tizimidagi kollejlarga 80 537 nafar oʻquvchi ish beruvchilarning oʻrta boʻgʻin mutaxassislariga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda qabul qilinmoqda. Ayniqsa, oliy taʼlim muassasalari huzurida tashkil etilayotgan texnikumlarga 54 658 nafar oʻquvchini oliy taʼlimning bakalavriat taʼlim dasturlari bilan integratsiyalashgan tegishli mutaxassisliklar boʻyicha oʻqishga qabul qilish rejalashtirilmoqda.

Parlament aʼzolarining qayd etishicha, 2019-2020 oʻquv yilida kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari bilan pandemiya sharoitida mashgʻulotlarni masofaviy tarzda davom ettirish uchun vazirlik tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, ijobiy natijalarga erishilmoqda.

Xususan, bugungi kunda kasb-hunar taʼlimi tizimida internet tarmogʻidan foydalanib, ushbu jarayonga 15 602 nafar pedagog xodim jalb etildi. Ular tomonidan 136702 ta masofaviy taʼlim berish bilan bogʻliq videodarslar, taqdimotlar, infografikalar, testlar toʻplami, amaliy topshiriqlar toʻplami va boshqa elektron resurslar oʻquvchilarga yetkazildi.

Yigʻilishda deputatlar tomonidan kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilarining ish bilan taʼminlanishi yuzasidan olib borilayotgan ishlar, mamlakatdagi taʼlimning milliy standartlari xalqaro taʼlim standartlariga mosligi, oʻquv jarayoniga innovatsion gʻoyalar, zamonaviy texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish, kasb-hunar taʼlimi va ishlab chiqarishning oʻzaro yaqin hamkorligini taʼminlash masalalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga zarur boʻlgan kasblar boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash hamda tizimga oid normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish, amaldagi qonun hujjatlarini yana-da takomillashtirish masalalari yuzasidan savollar oʻrtaga tashlandi.

Deputatlar tomonidan koʻtarilgan masalalarni bartaraf etish yuzasidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining aniq yondashuvi, istiqboldagi rejalari atroflicha bayon etildi.

Qizgʻin bahs-munozaralarga boy kechgan “Hukumat soati”da Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga kasb-hunar taʼlimi tizimida olib borilayotgan islohotlar, yoshlarni kasbiy taʼlimga kengroq qamrab olish chora-tadbirlari, taʼlim sifatini oshirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash holati hamda sohani rivojlantirish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Ayniqsa, tizimda olib borilayotgan ishlarni yana-da jonlantirish, sohada oʻqitish metodikasini takomillashtirish, taʼlim-tarbiya jarayoniga ilgʻor uslublarni, xususan, individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish masalalari yuzasidan qator tavsiyalar berildi.

Sohaga oid barcha yutuq va kamchiliklar, dolzarb muammolar taʼlim tizimi masʼullari hamda parlament aʼzolari tomonidan qizgʻin va amaliy ruhda muhokama etildi, aniq vazifalar belgilandi. Kelgusida tadbirlar ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini olib borishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?