Karmanadagi bir oilada mudhish qoʻsh qotillik sodir etildi

10:50 01 Iyul 2019 Jamiyat
655 0

Illyustrativ foto

1990-yilda tugʻilgan fuqaro F.S. joriy yilning 28-iyun kuni soat 0800 lar atrofida Karmana tumani, “Shibzon” MFYda istiqomat qiluvchi qudacining hovlisiga kelib, toʻrt kun muqaddam, yaʼni 24-iyun kuni oʻz joniga qasd qilgan singlisining oʻlimiga ular sababchi boʻlganligini iddao qiladi. Tortishuvlardan soʻng fuqaro F.S. xonadon egasi hamda uning ikki nafar qiziga oʻzi bilan olib kelgan oshxona pichogʻi bilan ularning tanasining turli joylariga tan jarohatlari yetkazib, hodisa joyidan yashirinadi.

Olingan ogʻir tan jarohatlari natijasida xonadon egasi voqea joyida, uning bir nafar qizi esa shifoxonaga olib borilayotganida yoʻlda vafot etadi. Uchinchi jabrlanuvchi esa hozirda Karmana tumani tibbiyot birlashmasining “jonlantirish” boʻlimiga yotqizilgan.

- Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, qotillik jinoyatini sodir etgan shaxsning singlisi ikki oy oldin mazkur xonadonga kelin boʻlib tushgan. – deydi Karmana tuman IIB huzuridagi TB katta tergovchisi B. Hamdamov. - Qashqadaryo viloyati, Koson tumanida joylashgan harbiy qismda faoliyat olib borayotgan kuyov toʻydan soʻng kelin bilan mazkur tumanda ijaraga uy olib, birga yashashgan. Taʼkidlanganidek, hodisadan toʻrt kun avval kelin ushbu ijara uyida oʻz joniga qasd qilib, vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan bugungi kunda Koson tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari oʻtkazilmoqda.

28-iyun kuni sodir boʻlgan mudhish qotillik yuzasidan esa Karmana tuman prokurori tomonidan fuqaro F.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari viloyat prokuraturasi oʻta ogʻir jinoyatlarni tergov qilish boʻlimi tomonidan olib borilmoqda.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida gumon qilinuvchi ushlanib, unga himoyachi ishtirokida himoyaga boʻlgan huquqlari tushuntirilib, Oʻzbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlandi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?