Kardioxirurgiyaning noyob yutuqlari hududlardagi davolash muassasalari faoliyatida ham oʻz ifodasini topmoqda

21:10 29 Avgust 2019 Jamiyat
29 0

Bugungi kunda mamlakatimiz kardiologiyasi jahon ilm-fani bilan hamqadam odimlamoqda. Quvonarlisi, jahon ilm-fani yangiliklari boʻlgan noyob operatsiyalar nafaqat poytaxtimizda, balki viloyatlardagi kardiologiya muassasalarida ham amalga oshirilayotgani eʼtiborga molik.

Jumladan, oʻtgan yilning dekabr oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qarshi filiali oʻz faoliyatini boshlagan edi. 120 oʻringa moʻljallangan mazkur markazda reabilitatsiya va yurak ishemik kasalliklari, surunkali yurak yetishmovchiligi va aritmologiya, arterial-gipertenziya, rentgen-endovaskulyar jarrohlik, kardiojarrohlik, qabul-diagnostika kabi boʻlimlar, kunlik 100 qatnovga moʻljallangan zamonaviy poliklinika faoliyat yuritmoqda.

Filialning kadrlar salohiyati ham jahondagi nufuzli klinikalardan qolishmaydi. Bu yerda mahalliy shifokorlar bilan bir qatorda, Rossiya, Germaniyadagi yetakchi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritgan yetuk olimlar va tajribali mutaxassislar ish olib borayapti. Xususan, uzoq yillar A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir xirurgiya markazida faoliyat yuritgan tibbiyot fanlari nomzodlari Xurshid Fozilov, Oleg Poʻlatov, Berlin universitetining Sharite klinikasi malakali shifokori Adham Jalilov kabi vatandoshlarimiz yurtimizga qaytib, ushbu markazda xalqimizga zamonaviy tibbiy xizmat koʻrsatmoqda.

 

Ularning mehnatlari davlatimiz tomonidan ham yuksak qadrlanmoqda. Jumladan, kuni kecha malakali kardiolog Xurshid Fozilov Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga koʻra “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.

– Ushbu mukofot men va men kabi hamkasblarim faoliyatiga boʻlgan yuksak baho, deb hisoblayman, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qarshi filiali direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Xurshid Fozilov. – A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir xirurgiya markazida yetti yil ishlaganman. Oʻzbekistonga kelib bu yerda tibbiyot sohasida yaratilgan zamonaviy sharoitlarni koʻrib, toʻgʻrisi, juda hayratlandim. Ayniqsa, filialimizdagi imkoniyatlar dunyoning taraqqiy etgan tibbiyot markazlaridan aslo qolishmaydi. Shu tufayli bu yerda jahon tibbiyotidagi eng murakkab amaliyotlar muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Kelgusida tibbiyotimizning bunday yutuqlarini yanada rivojlantirishga munosib ulush qoʻshishni asosiy maqsad qilganmiz.

 

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ayni paytda markazda oyiga statsionar sharoitda 400 nafar bemorga tibbiy xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Shuningdek, ambulator sharoitda murojaat qiladigan kunlik qatnovlar soni 100 nafardan ziyodni tashkil etadi. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 800 nafarga yaqin bemorlarga yuqori texnologiyaga asoslangan tibbiy yordam koʻrsatilgan. Jumladan, 500 nafarga yaqin bemorda koronaroangiografiya, 120 nafar bemorda koronar qon tomir va uyku arteriyalarni stenlash, 100 nafardan ortiq bemorda aortokoronar shuntlash, 50 nafardan ziyod bemorda doimiy elektrokardiostimulyator oʻrnatish va orttirilgan yurak nuqsonlarida klapanlarni protezlash kabi eng murakkab kardioxirurgik amaliyotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Ushbu yutuqlar xalqimizga yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatish barobarida, tibbiyot turizmini rivojlanishga ham hissa qoʻshadi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?