Karantindan ringga: oʻzbek bokschilarini kutib turgan janglar

10:58 27 Iyul 2020 Sport
240 0

Karantin qoidalari yumshatilib, yana sport musobaqalarini tashkil etish boshlanmoqda. Bu haqda Oʻzbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, professional boksning yuragi boʻlgan Amerika Qoʻshma Shtatlarida ham boks oqshomlari tashkil etilmoqda. Jahon boksiga nafaqat havaskor, balki prof-boksda ham oʻz yulduzlarini taqdim etayotgan Oʻzbekistondan ham bokschilar asta-sekin okean ortiga borib, navbatdagi jangga tayyorgarlikni boshlab yuborishgan. Hozirga kelib, bir necha bokschimizning jang sanasi aniq boʻlib ulgurgan.

15-avgust kuni (Toshkent vaqti bilan 16-avgust tongida) AQSHning Oklaxoma shtatida “Matchroom Boxing” promouterlik kompaniyasi tomonidan boks oqshomi tashkil etiladi. Unda biryoʻla ikki nafar bokschimiz ringga koʻtariladi. 

Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Isroil Madrimov (5-0-0, 5 KO) WBA vaqtinchalik chempionlik kamari uchun amerikalik Erik Uolkerga (20-2-0, 9 KO) qarshi jang qiladi. Ushbu jang kechaning ikkinchi darajali markaziy jangi boʻlishi kutilmoqda.

Aynan ushbu kechada Olimpiya oʻyinlari sovrindori, jahon chempioni Shahram Gʻiyosov meksikalik Fransisko Roxodan oʻzining WBA International kamarini himoya qiladi.

Shuningdek, ayni paytda Amerikada boʻlib turgan Bektemir Meliqoʻziyev ham katta ehtimol bilan avgust oyida ringga koʻtariladi. Faqat hozircha uning raqibi kim boʻlishi noaniq.

Oʻzbek professional bokschilari ichida yuqori reytingga ega boʻlgan Qudratillo Abduqahhorov 10-oktyabr kuni IBF vaqtinchalik chempionlik kamari uchun rossiyalik Sergey Lipinesga qarshi ringga koʻtariladi. Faqat hozircha Qudratilloda viza bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelgan va shu sababli u AQSHga joʻnab keta olmayapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?