Karantindagi dunyo armiyasi u yana eng qiyin pallada koʻmakka shay

12:24 07 Aprel 2020 Dunyo
750 0

Illyustrativ foto

Tahlil

Ona sayyoramizdagi bugungi vaziyat haqida bexabar odam boʻlmasa kerak. Shunday odam topilganda ham uni jamiyat zamona kishisi sifatida qabul qilolmasdi. Chunki koronavirus balosi birgina millat yo mamlakat yoki qitʼaga emas, balki butun yer yuziga taalluqli muammoga aylanib ulgurdi. Ha, bugun dunyo ahli shu kasallikka qarshi kurashmoqda. Dunyoda hozircha yolgʻiz Xitoygina bu jangda gʻalaba qozongan davlat boʻlib turibdi.

Xoʻsh, Xitoy koronavirusni qanday yengib oʻtdi? Bu kurashda armiyaning roli qanday boʻldi? Umuman kasallikka qarshi kurashayotgan davlatlar armiyasi bu koʻrinishdagi jangovar topshiriqni qay tarzda bajarmoqda? Quyida shular haqida oʻqiysiz. (Darvoqe, rasmiy Pekin koronavirusni Xitoyga amerikalik harbiylar olib kelgan, degan taxminni ilgari surgan edi).

Xitoyda boshlangan jangovar topshiriq

Xitoyning markaziy harbiy kengashi Uxan shahrida tarqalgan koronavirusga qarshi kurashga armiyani ham jalb etadi. (Shu tariqa dunyo armiyalari mana shu koʻrinishdagi jangovar topshiriqqa birin-ketin jalb qilina boshladi). Uxanning pulmonologiya gospitali intensiv davolash boʻlimiga yuborilgan harbiy shifokorlar mahalliy shifokorlarga epidemiyaga qarshi kurashda katta yordam koʻrsatdi. Shu tariqa Xitoy bu kasallikni yengib oʻtdi.

Hozirda Xitoy koronavirus vaksinasini ishlab chiqish ustida bosh qotirmoqda. Eʼtiborlisi, COVID-19 ga qarshi vaksina Xitoy Xalq-Ozodlik Armiyasi Harbiy Tibbiyot Akademiyasi olimlari (!) va mahalliy farmatsevtika kompaniyalarining mutaxassislari tomonidan ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan.

Fransuz armiyasi “daxlsiz dushman”ga qarshi

Fransiyada ham vaziyat oʻta jiddiy. Prezident Makron mamlakat fuqarolarining alohida sababsiz uyni tark etishini taqiqlovchi farmonni imzoladi. U maktab, doʻkon, kafe va muzeylar yopilishi yetarli chora boʻlmaganini aytmoqda.

“Shifokorlar vaziyat naqadar jiddiyligi toʻgʻrisida ogohlantirganiga qaramay, odamlar xiyobon, bozor va restoranlarda yigʻilishda davom etib, hukumat farmoyishlarini inkor etmoqda”, – deydi Makron 20 daqiqalik millatga telemurojaatida.

Fransuz armiyasi asosan bemorlarni shifoxonalarga tashish bilan shugʻullanmoqda. Shuningdek, mamlakatdagi vaziyat barqarorligini taʼminlashda ham armiyaga tayanilmoqda.

Afgʻonistonda qiziq boʻlyapti

Shu kunga qadar tinchlik nimaligini bilmay kelayotgan afgʻonlar qiziq voqealarning guvohiga aylanyapti. Toliblar Afgʻoniston armiyasi ortidan koronavirusga qarshi kurashga qaratilgan chora-tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.

“Tolibon”ga boʻysunuvchi hududlarda jangarilar tinch aholiga koronavirusga qarshi qanday kurashish boʻyicha maslahatlar bitilgan varaqalar, sovun va tibbiyot niqoblarini tarqatmoqda. Hozirda “Tolibon” uyushmasi alohida diagnostika va davolash markazlarini tashkil etish va ishga tushirish maqsadida fondga mablagʻlar ajratish boʻyicha ishlar olib bormoqda. Bundan tashqari, toliblar xalqaro tashkilotlarni ham koronavirusga qarshi kurashda hamkorlikka chorlagan.

Taʼkidlash joizki, 24-mart sanasidan buyon toliblar hech qanday jangovar yoki tajovuzkor harakatlarni amalga oshirgani yoʻq. Kim bilsin, Afgʻonistondagi tinchlik kelishuvi masalasida AQSH emas, balki koronavirus yordam berar.

Qozogʻistonda nima gap?

Qozogʻiston Qurolli Kuchlari dezinfeksiya tadbirlarini oʻtkazish uchun biologik himoya boʻlinmalarini tuzmoqda, politsiya esa favqulodda vaziyatda profilaktik chora-tadbirlarni olib borish va tartibni saqlashga koʻmaklashmoqda.

Mamlakatda 15-martdan 15-aprelga qadar favqulodda holat eʼlon qilingan. 23-mart kuni Favqulodda vaziyatni nazorat qilish davlat qoʻmitasi uchrashuvida Prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayev armiya va politsiyaga profilaktik choralarni amalga oshirish va jamoat tartibni saqlashga buyruq berdi.

Shundan soʻng kasallik tarqalishiga qarshi profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish va tartibni saqlash maqsadida mamlakat boʻylab politsiya va harbiy patrullar joylashtirildi.

Ayni vaqtda Qozogʻiston Qurolli Kuchlari Biologik himoya boʻlinmalarini safarbar etishga buyruq bergan. Ular individual zararsizlantirish toʻplamlari va dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan taʼminlangan boʻlib, Qozogʻiston shaharlaridagi maktablar, bogʻchalar, tibbiyot muassasalari, savdo markazlari, bozorlar, masjidlar, temiryoʻl vokzallari, piyodalar yoʻlakchalari, bekatlar, xiyobonlar va maydonlarni tozalamoqda.

Harbiylar xorijda qolib ketgan qozogʻistonliklarni vataniga qaytarishga koʻmaklashmoqda. Qirgʻiziston, Saudiya Arabistoni va Quvaytda qolib ketgan 56 nafar qozoq fuqarosi 24-25-mart kunlari harbiy samolyotlarda Qozogʻistonga olib kelingan.

Shu bilan birga, mudofaa sohasida faoliyat yuritadigan “Kazaxstan injiniring” pudratchi korxonasi 25-mart kuni tibbiy muassasalarga 180 ta sunʼiy nafas oldirish apparati yetkazib berilganini maʼlum qildi.

Germaniya armiyasi yordamga shay

Germaniya Qurolli Kuchlari – Bundesver epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, zarur choralarni koʻrmoqda. Hozirda ular fuqarolik sohasiga yordam berishga tayyor ekanligini bildirmoqda. Bundesverning tibbiy boʻlimlarida 20 mingga yaqin qoʻshin bor. Hozirga qadar ular favqulotda vaziyat yuz bersa, yordam koʻrsatish maqsadida 5 ta dala kasalxonasining “kuchini sinab koʻrdi”. Ushbu shifoxonalarda sunʼiy nafas berish moslamalaridan intensiv terapiyaga muhtoj boʻlgan ogʻir bemorlar uchun joy hozirlangan.

Oddiy vaziyat uchun bu yetarli, ammo ekstrimal hollarda hozirlangan joylar soni kamligini Bundesver ham yaxshi anglab turibdi. Koronavirusning na millat, na elat va na kasb tanlamayotganini inobatga olib, nemis harbiylari hech boʻlmasa oʻz-oʻzini joy bilan taʼminlash masalasini birinchi galda hal etishga kirishdi. Yaʼni, joylar koʻpaytirilmoqda. Ammo vaziyat oʻta jiddiy tus oladigan boʻlsa, harbiylar tomonidan aholiga ham tibbiy xizmatlar koʻrsatilishiga ishontirilmoqda.

Qurolli Kuchlar koronavirusga qarshi qurolsizmi?

Yana shu narsani alohida taʼkidlash joizki, koronavirusga qarshi kurashda oʻz davlatiga yordam berayotgan armiyalar ham xavfdan holi emas. Kasallik jangovar saflarga ham kirib borgan. U davlatlar Qurolli Kuchlariga-da tahdid solmoqda. Chunki Qurolli Kuchlar koronavirusga qarshi qurolsiz edi va dunyo armiyasidagi vaziyat kundan kunga yomonlashmoqda.

Dunyo mamlakatlari armiyasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, koʻplab yuqori martabali harbiy xizmatchilar kasallikni yuqtirib olgan. Italiya, Gretsiya, Eron, Misr armiyalari COVID-19dan hayratda. Italiyada hatto 9 ta general kasallikka chalinib, karantinga olingan. Eron, Misr va Yunon qoʻshinlarida oʻlim holati qayd etildi. Epidemiya Belgiyada joylashgan NATO shtab-kvartirasiga ham yetib bordi.

Hozircha dunyo armiyalari ichida eng koʻp talafot koʻrgani bu AQSH armiyasi boʻlib turibdi. Boisi amerikalik harbiylar orasida koronavirusga chalinganlar soni boshqalarnikiga nisbatan koʻproq. Tahlilchilarning fikricha, bu AQSHning bir necha yil qoʻshma shtatlardan tashqari boshqa hududlarda jangovar amaliyot va mashgʻulotlarni olib borishdan cheklashi mumkin.

Nima boʻlgan taqdirda ham armiya har bir davlatning tayanchi. U mamlakat taqdiriga daxl qiladigan har qanday xavfni bartaraf etishda eng oldingi saflarda boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?