Karantinda korxona faoliyati tiklandi

12:12 13 Aprel 2020 Iqtisodiyot
284 0

Davlatimiz rahbarining “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tadbirkorlik subyektlariga bir qator imtiyoz va yengilliklar berildi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, aholini samarali ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida qabul qilingan mazkur farmon Samarqand viloyatidagi tadbirkorlik subyektlari uchun ham katta imkoniyat boʻlib, korxonalarning toʻla quvvat bilan barqaror ishlashida mustahkam asos boʻlmoqda.

Farmon talablarining ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatning barcha tumanlarida tizimli ishlar olib borilyapti. Xususan, Jomboy tumanida karantin sabab faoliyati toʻxtab qolgan tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam koʻrsatish choralari koʻrilmoqda.

Jumladan, “Zilol sut” oilaviy korxonasi bir qator muammolarga duch kelgan. Natijada, taʼsischilar vaqtincha ishlab chiqarishni toʻxtatib turishga qaror qilgan. Davlat soliq inspeksiyasi mutaxassislari ishtirokida vaziyat tahlil qilindi. Tadbirkorning muammosini qisqa fursatda bartaraf etish choralari koʻrildi.

— Bugungi kunda sutni qayta ishlashga ixtisoslashgan mazkur korxonaning faoliyati toʻliq tiklandi, — deydi 4-sektor rahbari Sh.Azamatov. — Natijada 5 nafar fuqaroning ishsiz qolishining oldi olindi. Ularga barcha sanitariya-gigiyena qoidalari tushuntirilib, zarur mehnat sharoiti yaratildi.

Shuningdek, korxona rahbarlari bilan muloqot davomida ushbu quvvatning faoliyatini kengaytirish boʻyicha ham kelishib olindi. Buning uchun bankdan 100 million soʻm kredit ajratish masalasi koʻrilyapti. Natijada kelgusida yana 3 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Yurtimizda tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar bugun ishbilarmonlarni izlanishga, yangi loyihalarni amalga oshirishga undayapti. Albatta, bularning bari mavjud xom-ashyo resurslari imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda ichki isteʼmol uchun zarur boʻladigan mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarish suraʼtini jadallashtirish, pirovardida esa mamlakatimiz iqtisodiyotining barqarorligini taʼminlashga keng yoʻl ochmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?