Karantin va burch: Xizmatdagi 15 nafar harbiyga navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi

09:16 01 Aprel 2020 Jamiyat
682 0

Bugun oʻzbek xalqi dunyo xalqlari qatori sinovli damlarni boshidan kechiryapti. Hamma yerda uyda qolishga chorlovlar boʻlayotgan bir vaqtda erta-yu kech oʻz xizmat vazifasini sidqidildan bajarayotgan insonlar borligi har qanday kishida iftixor tuygʻusini uygʻotishi shubhasiz.

Ayni damda Toshkent shahar Sogʻlikni saqlash bosh boshqarmasiga qarashli 1-son klinik shifoxonasida karantinga olingan yurtdoshlarimiz Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi harbiy xizmatchilar tomonidan qatʼiy intizom va tartib asosida muhofaza qilinmoqda.

Shunday masʼuliyatli damlarda harbiy xizmatchilarning ruhiyatini koʻtarish, ularning oʻz kasbiga boʻlgan mehrini yana-da oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Chirchiq shahridagi harbiy qism komandiri polkovnik Ismoil Qurbonov xizmat vazifasini sidqidildan oʻtayotgan bir qator shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilarga Mudofaa vaziri hamda Toshkent harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni nomidan navbatdagi harbiy unvonlarni tantanali topshirdi. Polkovnik Ismoil Qurbonov 15 nafar harbiy xizmatchiga xizmat joyining oʻzida navbatdagi harbiy unvonlarni topshirar ekan, bugungi sinovli damlarda oʻz sadoqat va vatanparvarligini namoyon etayotgan oʻgʻlonlar nomiga yuksak ishonch bildirdi, ularga ulkan zafarlar tiladi.

Ushbu quvonchli lahzalar harbiy xizmatchilarga ular xizmat oʻtayotgan yerning oʻzida topshirilgani bilan ham esda qoladigan boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?