Karantin qoidalarini buzgan shaxs 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin

22:09 26 Mart 2020 Jamiyat
166 0

Foto: www.google.com

Avval xabar qilganimizdek, “Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” Qonun (OʻRQ–613, 26.03.2020-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonunga koʻra, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.

Xususan, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining:

tibbiy tekshiruvdan oʻtish va davolanish;

karantinni oʻtash uchun belgilangan joylarga yetib borish hamda ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik;

kasallik yuqishi mumkin boʻlgan davrda muloqotda boʻlingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi maʼlumotlarni oshkor qilish toʻgʻrisidagi hamda boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaganlik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa, buning uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. (Hozirga qadar ushbu muddat 3 yilgacha boʻlgan)

Agar oʻsha harakatlar odamning oʻlimiga sabab boʻlsa, ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati 5 yildan 7 yilgacha etib, bir qancha odamlarning oʻlimiga sabab boʻlsa, – 7 yildan 10 yilgacha etib belgilandi.

(Ilgari ushbu muddatlar tegishlicha 3 yildan 5 yilgacha hamda 5 yildan 8 yilgacha boʻlgan)

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54-moddasi niqobsiz yurganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qism bilan toʻldirildi.

Unga koʻra, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz boʻlish BHMning 5 baravarigacha (1 mln 115 ming soʻm) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?