Kanalar oʻlim xavfi yuqori boʻlgan yuqumli kasalliklarni tashiydi

16:41 01 May 2019 Jamiyat
630 0

Illyustrativ foto

Aholining katta qismi, ayniqsa, chekka hududlarda odamlar asosan chorvachilik bilan shugʻullanishi sir emas. Bugun deyarli har bir xonadonda biror bir hayvon, yoʻq deganda bir parranda bor. Ularni boqish, yetishtirish bilan birga turli kasalliklardan himoya qilish ham jonivorga, ham inson uchun muhim va zarur hisoblanadi. Milliy matbuot markazida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi hamda davlat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi bilan hamkorlikda matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Anjuman “Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi. Uni oldini olish boʻyicha respublikamizda olib borilayotgan tadbirlar” mavzusida olib borildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish Davlat tizimiga kiruvchi tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

—Qrim-Kongo gemmografik isitma kasalligi issiq iqlimli oʻlkalarda, togʻoldi hududlarda, dasht zonalarida keng uchraydi va ular kanalardan yuqadi. — deydi Abdusami Axmatov, FVV Radiatsion, kimyoviy, biologik (bakteriologik) muhofaza boshqarmasi boʻlim boshligʻi. — Bu kasallik respublikamizning 30% hududida uchraydi, yaʼni Qoraqalpogʻiston respublikasi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarida tibbiy oʻchoqlari mavjud. Biz aholi orasida bu kasallikni oldini olish maqsadida targʻibot ishlarini olib bormoqdamiz. Xususan, yettita viloyatda laboratoriya tashkil qilindi, 650 mingdan ziyod turli tarqatma materiallari chop etib, odamlarga tarqatdik. Kelgusida targʻibot ishlarini yanada jadallashtirishda, aholining tibbiy savodxonligini yanada oshirishda OAV ga ham suyanamiz.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz hududlarida kanalarning koʻplab turini uchratish mumkin. Ularning orasida iksod kanalari aynan oʻta xavfli yuqumli kasalliklarni tashuvchi hisoblanadi. Iksod kanalari mol va qoʻylarda uchraydi. Ular hatto odamlarda ham boʻlishi mumkin. Qrim-Kongo gemmografik isitma kasalligini ular qon orqali yuqtiradi. Qoʻy junlarini qirqishda, mol soʻyishda, kanani chaqqanda va baʼzan shunchaki uni ezib oʻldirganda ham yuqishi kuzatiladi. Hayvon boqiladigan ovullarni, nurab qolgan eski joylarni dizinfeksiya qilganda doim shaxsiy ximoya vositalari: perchatka, yuzga niqob, maxsus kiyim kabilardan foydalanilsa turli kasalliklarni tarqalishining oldi olingan boʻladi.

Yulduz OʻRMONOVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?