Kanadaliklar Navoiyda oltin izlaydi

15:18 12 Mart 2019 Jamiyat
297 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi raisi Bobir Islomov rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Kanada konchilar va geologorazvedkachilar uyushmasining xalqaro togʻ-kon sanoati koʻrgazmasi(PDAC)da ishtirok etdi. Mazkur yirik forum 3-6 mart kunlari Toronto shahrida boʻlib oʻtdi.

Yurtimizning Vashingtondagi elchixonasi maʼlumotlariga koʻra, koʻrgazma davomida vakillarimiz Kanadaning taniqli B2Gold oltin qazib chiqaruvchi kompaniyasi mutasaddilari bilan muzokaralar olib borgan.

Shu oʻrinda maʼlumot uchun aytib oʻtish joizki, 2007 yilda asos solingan ushbu kompaniyaning maʼmuriy qarorgohi Vankuver shahrida joylashgan. Mazkur brend qisqa vaqt ichida oltin qazib olish sohasida Kanadadagi eng nufuzli va istiqbolli kompaniyalardan biriga aylandi. Bugungi kunda B2Gold Afrika, Lotin Amerikasi va Yevropada 5 ta yirik oltin koniga egalik qilib keladi. Uning rahbariyati asosan geologlar, yuqori toifadagi mutaxassislardan tarkib topgan. Ular MDH mamlakatlari, jumladan, Rossiyada ham faoliyat olib borish boʻyicha boy tajriba sohiblari hisoblanadi.

Kompaniya tizimida 5 ming kishi ishlaydi. 2018 yil yakunlariga koʻra, B2Gold ishlab chiqarish hajmini 92 foiz oshirib, 1 mln. unsiyalik koʻrsatkichga erishdi. Oltin qazib olishdan kelib tushgan daromad esa shunga yarasha – 1,2 milliard, naqd pul harakati esa 450 million AQSH dollariga teng boʻldi. Vaholonki, 2017 yilda bu miqdorlar mos ravishda 586 mln. va 155 mln. dollar edi. Ekspertlarning prognozlariga koʻra, kompaniya moliyaviy faoliyatidagi ijobiy surʼatlar 2019 yilda ham davom etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi hamda B2Gold oʻrtasidagi muzokaralar yakunida ushbu kompaniya tomonidan Navoiy viloyatidagi uchta istiqbolli konlarni geologik oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi. PDAC maydonida shu boʻyicha tegishli bitimni imzolash marosimi ham boʻlib oʻtdi. Kanada kompaniyasining birinchi bosqichda yoʻnaltiradigan investitsiyasi hajmi 2 mln. dollarni tashkil etadi. B2Gold loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, sarmoya hajmini koʻp marotaba oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Ushbu kelishuvning muhimligi nimada? B2Gold Oʻzbekiston togʻ-kon sektoriga investitsiya kiritayotgan deyarli ilk gʻarb kompaniyasiga aylandi. Bitimning imzolanishi Gʻarb mamlakatlari, birinchi navbatda global togʻ-kon bozorida 80 foiz ulushga ega boʻlgan Kanadadagi yirik soha kompaniyalari oʻrtasida respublikamiz jozibadorligini sezilarli darajada oshiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?