Kamolotga yetaklovchi besh tashabbus

16:51 07 Fevral 2020 Jamiyat
257 0

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 30 foizini 14 dan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etadi.Kelajagimiz egalari har tomonlama sogʻlom, bilimli, yetuk, bir soʻz bilan aytganda, taraqqiyotimizga xizmat qiladigan avlod boʻlishi, zamonaviy bilim, kasb-hunarlarni, axborot texnologiyalarini puxta egallashi uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Shu bilan birga, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishni tashkil etish dolzarb masala hisoblanadi.

2019-yilda mamlakatimizda yoshlar siyosati boʻyicha davlatimiz rahbari tomonidan tarixiy ahamiyatga ega tashabbus, yaʼni ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha 5 ta muhim tashabbus ilgari surildi. 2019-yilning 30-sentyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta tashabbusi boʻyicha implementatsiya strategiyasini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlandi.Mazkur Rejaning 9-10-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi tomonidan “Rassom ustaxonasida mehmonda” loyihasi hamda “Oʻzbekiston manzaralari“ aksiyasi yoʻlga qoʻyildi.

Maʼlumki, Birinchi tashabbus yoshlarning aynan musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, isteʼdodini yuzaga chiqarishga,farzandlarimizni sanʼatga oshno qilib, yuksak did sohibi etib tarbiyalashga xizmat qiladi.Shuning barobarida tasviriy sanʼat, shubhasiz, insonni, borliqni anglashga, uning bor jozibadorligini his etishga oʻrgatuvchi, ezgulikka chorlovchi, inson ruhiyatiga beqiyos ijobiy taʼsir etuvchi qudratli kuchdir. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tizimida mazkur yoʻnalishda belgilangan vazifalar“Rassom ustaxonasida mehmonda” loyihasi hamda “Oʻzbekiston manzaralari“ aksiyasi doirasida muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda.

“Rassom ustaxonasida mehmonda” loyihasidan koʻzlangan maqsad — asosan nomutaxassis yoshlar auditoriyasini sanʼat turlariga jalb qilish, xususan, tasviriy va amaliy sanʼatga boʻlgan qiziqishini uygʻotish, ularda estetik didni shakllantirish, kasbga yoʻnaltirish, isteʼdodini yuzaga chiqarish va qoʻllab-quvvatlashdan iboratdir. Loyihada maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi va oliy taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchi va oʻquvchi-talabalari uchun ijodkorlarning shaxsiy ustaxonalarida ijodiy uchrashuv hamda mahorat darslari tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, mazkur loyiha doirasida oʻtkazilayotgan ijodiy uchrashuvlarning aynan rassomlar ustaxonalarida tashkil etilishi bejiz emas. Yoshlarga haqiqiy ijodiy muhitni koʻrsatish orqaligina tasviriy sanʼat olamini anglashlari uchun yana-da kengroq imkoniyat yaratishga, ushbu kasbga boʻlgan chin maʼnodagi muhabbatni uygʻotishga erishish mumkin.

Ushbu loyiha doirasida respublikamiz hududlaridagi maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari, umumtaʼlim maktablar oʻquvchilari va turli sohadagi oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasiga aʼzo taniqli ustoz ijodkorlar, akademik rassomlar ishtirokida mahorat darslari, ijodiy uchrashuv va muloqotlar tashkil etildi. Ulkan ijodiy tajribaga ega murabbiy moʻyqalam ustalari tomonidan olib borilgan mashgʻulotlarda yoshlar tasviriy sanʼatga oid fikrlarni tingladilar, oʻz tasavvurlarini boyitdilar. Qolaversa, oʻzlari tanlagan mavzularni ranglarda aks ettirishda mahorat maktabini oʻtadilar.

Loyiha amaliyotga koʻchgach, xayrixohlar tobora ortib borayotgani kuzatilmoqda. Misol uchun, 2019-yilning oktyabr oyida loyiha ishtirokchilari 280 nafarni (ulardan 10 foizi nomutaxassislar), noyabr oyida 493 nafarni (ulardan 49 foizi nomutaxassislar) va dekabr oyiga kelib esa 520 nafarni (ulardan 70 foizi nomutaxassis) tashkil etdi. Ushbu koʻrsatkichlar, oktyabr oyiga nisbatan dekabrda 60 foizga oshganidan dalolat beradi. 2020-yil 25-yanvar holatiga loyiha doirasida yoshlar va moʻyqalam ustalari oʻrtasida Surxondaryo viloyatida 1ta, Samarqand viloyatida 2ta, Toshkent shahrida 4ta, Sirdaryo viloyatida 1ta, Qashqadaryo viloyatida 1ta, Namangan shahrida 1ta uchrashuv oʻtkazildi.

5 ta muhim tashabbus doirasida oʻtkazib kelinayotgan yana bir loyiha bu “Oʻzbekiston manzaralari” aksiyasidir. Aksiyani oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad — amaliy sanʼat ustalari va rassomlar ishtirokida yurtimizning manzarali joylarida plenerlar tashkil etilib, tabiat manzaralarini tasvirlash va yaratilgan asarlarni turizmni rivojlantirish boʻyicha nashr etiladigan albom uchun tavsiya etishdan iborat. Mazkur aksiyaning ham koʻrsatkichlariga nazar solinadigan boʻlsa, oktyabr oyida 2 ta viloyatda, noyabr oyida 5 ta viloyatda, dekabr oyida 10 ta viloyatda plenerlar tashkil etilib, betakror Ona Vatanimizning soʻlim goʻshalari rassomlarimiz asarlarida oʻz ifodasini topdi.

2020-yilning 17-yanvar kuni Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy koʻrgazmalar zalida mazkur aksiya davomida yaratilgan asarlardan tashkil topgan hisobot koʻrgazma oʻtkazildi.

Koʻrgazma ekspozitsiyasidan taniqli rassomlar va iqtidorli yosh rassomlar tomonidan 2019-yilning soʻnggi uch oyi mobaynida yurtimizning turli goʻshalariga uyushtirilgan plenerlarda ona Vatanimizning soʻlim goʻshalari tasvirlangan asarlar munosib oʻrin egalladi. Loyihaning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, saralangan asarlar mamlakatimizda turizmni rivojlantirish boʻyicha nashr etiladigan albom uchun tavsiya etiladi.

Har ikki loyiha 2020-yil oxiriga qadar davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?