Kamoliddin Behzod tavalludining 565-yilligi munosabati bilan xalqaro simpozium oʻtkaziladi

11:38 09 Oktyabr 2020 Madaniyat
185 0

Bugun miniatyura sanʼatini nafaqat Sharqda, balki Gʻarbda ham oʻrganish rivojlanib boryapti. Xususan, «Sharq Rafaeli» deb ataluvchi Kamoliddin Behzod ijodini ham badiiy asar sifatida, ham ilmiy jihatdan tadqiq etishga eʼtibor ortib borayotgani sir emas. Milliy matbuot markazida rassom tavalludining 565-yilligi munosabati bilan 14-16-oktyabr kunlari oʻtkaziladigan Xalqaro simpoziumga bagʻishlangan matbuot anjumanida bu toʻgʻrida batafsil soʻz yuritildi.

Tadbirda taʼkidlanishicha, bu yil Xalqaro simpozium pandemiya sabab onlayn tarzda oʻtkaziladi. Unda 20 dan ortiq xorijiy davlatlardan taniqli sanʼatshunoslar, Sharq miniatyura sanʼatining yetakchi mutaxassislari, behzodshunoslar ishtiroki kutilmoqda. Yirik anjuman doirasida Kamoliddin Behzod va uning davriga doir ilmiy-ijodiy qarashlar haqida maʼlumot berilib, fondda saqlanayotgan asarlar, Sharq miniatyura sanʼati ustasi Shomahmud Muhammadjonovning 60 dan ortiq shaxsiy koʻrgazmasi, shuningdek, Toshkent fotosuratlar uyida 6 ta davlat: Eron, Buyuk Britaniya, Turkiya, Qozogʻiston, Hindiston, Pokiston kabi mamlakatlardan rassomlar ijodi namoyish etiladi.

15-oktyabr kuni Xalqaro madaniyat karvonsaroyida Kamoliddin Behzod izdoshlari tanloving respublika bosqichi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Simpozium “Kamoliddin Behzod ijodi Sharq va Gʻarb badiiy madaniyati kesimida” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya bilan yakunlanadi.

— Turkiyada 6 ta asari saqlanadi, — deydi Gulabza Qarshiyeva Xalqaro simpozium kuratori, Kamoliddin Behzod nomidagi sharq miniatyura sanʼati muzeyi direktori. — Shaxsiy fond va muzeylarda saqlanayotgan asarlari haqida ham maʼlumotlar bor. Xalqaro anjumanda K. Behzod ijodini saqlash va targʻib etish, rassom ijodining asl nusxalardan iborat koʻrgazmalar tashkil etish kabi masalalar ham muhokama etish rejalashtirilgan. Bir soʻz bilan aytganda, onlayn simpozium xalqaro doirada fikr almashishga yana-da qulay imkon yaratadi.

Yulduz Oʻrmonova
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?