Kambagʻallik — ayb emas, biroq...

16:24 25 Mart 2020 Jamiyat
1474 0

Illyustrativ surat

Kambagʻallikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini ­koʻpaytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas.

Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga oʻqitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uygʻotish, infra­tuzilmani yaxshilash, farzandlarini oʻqitish, sifatli  davolanish, manzilli nafaqa toʻlash ­tizimini joriy qilish kerak.

Shavkat MIRZIYOYEV

Dunyoda global muammolar qalashib yotibdi. Urushlar, terrorchilik harakatlari, ekologik inqiroz, ocharchilik, qashshoqlik, aholi soni oʻsishi,oziq-ovqat xavfsizligi, energetika taqchilligi, OITS, onkologiya va bugungi kunda butun insoniyat sogʻligʻiga raxna solayotgan koronavirus kabi kasalliklar...

Bularning har biri insoniyat boshiga ming bir sinovu kulfatlar solishi mumkin, solyapti ham. Lekin ularni bartaraf etishga kelganda natijalar qoniqarli emas. Saʼy-harakatlar nihoyatda sust. Chunki birdamlik yoʻq. Hamjihatlik yetishmaydi.

Ammo, mana uch oydirki, hatto mikroskop oynasida zoʻrgʻa koʻrish mumkin boʻlgan virus butun dunyoni oyoqqa turgʻazdi. Odamzod, agar oʻz vaqtida kerakli choralar koʻrilmasa, shu laʼnati mitti virus ulkan baloi ofatlar keltirib chiqarishi mumkinligini anglab yetdi. Natijada jahon birlashdi, birlashyapti! Hech bir mamlakat “Bu bizning pozitsiyamizga toʻgʻri kelmaydi”, “Milliy manfaatlarimizga mos emas”, “Yondashuvimiz boshqacha” deb talmovsirab yo tusmollanib oʻtirgani yoʻq. Hamma harakatda. Hatto bir-birini qoʻllab, bir-biriga koʻmak berib ish tutish­yapti. Ishonchimiz komilki, ana shunday hamjihatlik boʻlsa, tez orada bu pandemiyani ham ortda qoldiramiz. Hayot yana oʻz maromiga tushadi.

Biroq oʻylaymanki, odam bolasi ana shu keskin vaziyatdan oʻziga tegishli xulosa chiqarishi kerak. Shundagina navbatdagi global muammolarni ham tez va oson bartaraf etishning samarali yoʻllari topiladi. ­Shulardan biri — kambagʻallik.

“Yopiq mavzu” nega ochildi?

Kambagʻallikka ilm-fanda aniq taʼrifu tavsiflar berilgan. Busiz ham mazkur tushuncha nimani ang­latishini hamma biladi. Lekin masala shuki, ushbu muammo nega endi kun tartibiga chiqdi? Jumladan, Oʻzbekistonda bu muammoga qarshi kurashish nima uchun shunchalar dolzarb boʻlib qoldi?

Ana shu oʻrinli savollarga eng asosli javobni Prezidentimizning joriy yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasidan topdik.

“...Bir oilada mashina ham, ­chorva ham boʻlishi mumkin, lekin bir kishi ogʻir kasal boʻlsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni ­davolatishga ketadi.

Xoʻsh, bunday oilani oʻziga toʻq deyish mumkinmi? Prezident sifatida meni odamlarimizning ovqatlanishi, davolanishi, bolalarini oʻqitishi, kiyintirishi kabi hayotiy ehtiyojlari nima boʻlyapti, degan savol har kuni qiynaydi...”

Illyustrativ surat

Toʻgʻri, har kim bu dunyoga baxt­li-saodatli yashash uchun keladi. Farovon hayot kechirsam, turmushda kam-koʻstim boʻlmasa, deb orzu qiladi, intiladi. Bu — tabiiy jarayon. Ammo inson oddiy minimal yashash sharoitisiz baxt tugul, xotirjamlikka ham erisha olmaydi. Qanday qilib boʻlmasin, qornimni toʻygʻazsam, egnimni butlasam, betob onam, bemor otam, xasta bolam yoki kasal xotinimga nima qilib dori olsam, degan oʻy-tashvishlar girdobida turmush kechiradiganlarni hayotdan rozi insonlar, deb boʻladimi?

Ana shu ogʻriqli masalaning gazak olishi bir necha omillarga bogʻliq. Ular orasida eng asosiysi — muammoning yashirib kelingani. Sir emas, yurtimizda kambagʻallik koʻp yillar davomida “yopiq mavzu” boʻlib keldi. Bu kategoriyaning oʻrniga dardimizni azbaroyi xaspoʻshlash uchun “kam taʼminlanganlik”, “ehtiyojmandlik” degan tushunchalardan foydalandik. Oqibatda kambagʻallik iskanjasi haqiqatda kama­yib qolmadi va ostonamizdan butunlay yoʻq boʻlib ketmadi.

Shukrki, xalq bilan muloqotning bugungiday samarali tizimi haqiqiy ahvolni koʻzgudagiday namoyon etdi. Odamlarning aslida qanday hayot kechirayotgani, ularning eng ogʻriqli nuqtalari oshkor boʻlib qoldi.

Oʻrganishlar natijasiga koʻra, hozirgi kunda hududlarimizda, ayniqsa, qishloq joylarda aholining aksariyat qismi yetarli daromad manbaiga ega emas. Dunyoning boshqa mamlakatlaridagi singari bizda ham kambagʻal qatlam mavjud. Ular taxminan 12 — 15 foizni tashkil etishi ham rost. Bu 4-5 million nafarga teng aholi degani! Qarang, ana shu yurtdoshlarimizning bir kunlik daromadi 10 — 13 ming soʻmdan oshmas ekan.

Ana shularni inobatga olgan holda davlatimiz rahbari ­Shavkat Mirziyoyev masalani kuyunchaklik bilan kun tartibiga olib chiqdi, tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga kechiktirib boʻlmas topshiriqlar berdi.

Xoʻsh, ular nimalarni koʻzda tutadi? Qanday samarali ­mexanizmlarga asoslangan?

Ishni ishsizlikni kamaytirishdan boshlash kerak!

“Hamma balo bekorchilikdan kelib chiqadi”, deydi xalqimiz. Bu — illatlarning shakllanishi, urchishiga ishora. Xuddi shunday, kambagʻallikni ham keltirib chiqaruvchi omillar bor. Shulardan eng birinchisi — ishsizlik!

“Xalq so`zi ONLINE”

Kambagʻallikni bartaraf etishning toʻgʻri va eng samarali usuli aholi bandligi darajasini oshirish, deb hisoblaydi olimlar. Odamlar uchun ularga munosib va daromadi yuqori ish oʻrinlarini yaratish maqsad sari dadil qadamdir. Buning uchun qishloq joylarda tadbirkorlik uchun shart-sharoitlar, biznes uchun qulay muhit ­yaratish kerak. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, kambagʻallikni kamaytirish — bu aholida tadbirkorlik ruhini ­uygʻotish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha kompleks iqtisodiy, ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir.

Baliq emas, qarmoq bering

Statistik tahlillarga eʼtibor qiling: Oʻzbekistonda ke­yingi ikki yil ichida ijti­moiy nafaqa oluvchilar soni 1,3 barobar koʻpayibdi, nafaqalar miqdori esa 2 barobar oshibdi. Bu, albatta, tahsinga sazovor ish. Lekin ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini toʻlash yoki ular miqdorini oshirish bilan mavjud muammo toʻliq yechimini topdimi? Afsuski, yoʻq. Nega?

Shu oʻrinda Xitoy faylasufi, daosizm taʼlimoti asoschisi Lao Szening hikmatli soʻzi yodga tushadi: “Och qolgan insonga baliq bersang, uning bir kunlik qornini toʻydirasan. Agar unga qarmoq berib, baliq ovlashga oʻrgatsang, uni bir umr ochlikdan qutqarasan”.

Buyuk mutafakkir bobomiz, sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiyning bu boradagi fikrlari yanayam jozibador:

“Bir diram olmoq chekibon dast ranj,

Yaxshiroq andinki, birov bersa ganj”.

Ana shularni chuqur anglagan Yurtboshimiz Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi va boshqa ­xalqaro nufuzli tashkilotlar bilan birga kambagʻallikni ­kamaytirish dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi. Bunda xalqaro meʼyorlar asosida chuqur va har tomonlama kompleks izlanishlar olib borilib, “kambagʻallik” tushunchasi, uni aniqlash mezonlari va baholash uslublarini qamrab olgan yangi metodologiya yaratish lozimligi taʼkidlab oʻtildi.

“Hosil pishsa, oshigʻimiz olchi boʻladi”

Jahon banki va BMT Taraqqiyot dasturi mutaxassislarining fikricha, Oʻzbekistonda kambagʻallikning kuchli mavsumiy tarkibiy qismi mavjud. Yaʼni ish bilan band boʻlganlarning taxminan 27 foizi qishloq xoʻjaligi sohasida ­faoliyat koʻrsatadi. Shu sababli farovonlik va isteʼmol ­darajasi har faslda har xil.

Masalan, hosil yigʻim-terimi paytida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tayyorlovchilar va sotadiganlar uchun koʻproq ishlash imkoniyatlari yuzaga keladi. Boshqa davrlarda esa daromad kamayadi. Oziq-ovqat ham koʻpincha zaxiralardan sarflanadi yoki sotib olinadi. Uy xoʻjaliklari isteʼmol xarajatlarining deyarli uchdan ikki qismi hali-hanuz oziq-ovqat mahsulotlariga toʻgʻri kelishini hisobga olsak, bu qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat mahsulotlari narxi, oziq-ovqat xavfsizligining mavjud emasligi va qashshoqlik oʻrtasidagi muhim bogʻliqliklarni namoyon qiladi.

Mavsumiylik ichki iqtisodiy faoliyatning koʻplab boshqa sohalarida ham mavjud. Masalan, qurilishda.

Oʻzbekistonda keyingi 10 yilda mehnat va kichik biznes daromadlarining oʻsishi kambagʻallikning qisqarishiga olib kelganini inkor qilmaymiz. Ish haqi va biznesdan keladigan daromad manbalari ahamiyati tobora ortishi bilan nafaqalar, ijtimoiy yordam dasturlari va boshqa daromad turlarining roli kamaygani ham rost. Biroq Oʻzbekistonning mehnat bozorida sezilarli zaifliklar mavjud. Xalqaro valyuta fondining mamlakatlar boʻyicha soʻnggi hisobotida, mehnat zaxirasiga yiliga 500 ming nafar yangi ishchi qoʻshilishiga qaramasdan, ish bilan bandlikning qayd etilgan oʻsishi va kishi boshiga toʻgʻri keladigan ishlab chiqarish hamda xizmatlar hajmining oʻsish surʼati oʻrtasida nomutanosibliklar saqlanib qolayotganligi taʼkidlanadi. Ushbu mulohazani yana-da rivojlantiradigan boʻlsak, iqtisodiyotda band aholi soniga toʻgʻri keladigan tovar va xizmatlar hajmi, yaʼni mehnat unumdorligi darajasi boshqa rivojlangan hamda rivojla­nayotgan davlatlar bilan solishtirganda unchalik ham yuqori boʻlmayotganligidan dalolat ­bermoqda.

Umumiy rasmiy maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda mehnat qiladigan aholining 38 foizi norasmiy ish bilan band (43 foizi yoshlar). Bu ishchi kuchining katta qismi rasmiy ijtimoiy sugʻurta dasturlaridan foydalanmayotganini anglatadi.

Qashshoqlik darajasi qanday aniqlanadi?

Oʻzbekiston — aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan milliy daromad koʻrsatkichi boʻyicha oʻrtacha daromadga ega mamlakatlar qatoridan joy olgan (kishi boshiga yiliga oʻrtacha 1533 AQSH dollari).

Aslida daromadning oʻrtacha darajasi ikki guruhga boʻlinadi. Daromadi oʻrtacha darajadan past mamlakatlar — kishi boshiga yiliga 1036 — 4085 dollar va daromadi oʻrtacha darajadan yuqori mamlakatlar — kishi boshiga yiliga 4086 — 12615 dollar. Birinchi guruhdagi mamlakatlar uchun mezonlar qabul qilingan. Bu oʻlchovlar boʻyicha kishi boshiga kuniga 3,2 dollar — kambagʻallik chizigʻining oʻrtacha koʻrsatkichi. Milliy daromadi oʻrtachadan balandroq mamlakatlar uchun kuniga kishi boshiga 5,5 dollar kambagʻallik chizigʻining oʻrtacha koʻrsatkichidir.

“Xalq so`zi ONLINE”

Demak, Oʻzbekiston uchun qashshoqlik chizigʻi — kuniga 3,2 dollardan kam pulga yashash degani. Misol uchun, besh kishidan iborat oilaning yalpi daromadi oyiga 480 dollar yoki 4,6 million soʻmdan kam boʻlsa, bu oilani kambagʻal, deb hisoblash mumkin.

Yoppasiga kredit berish — muammo yechimi emas

Maʼlumki, 2018-yildan buyon Jahon banki “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” nomli loyihani amalga oshirib kelmoqda. Mazkur loyiha doirasida “Markaziy Osiyoda tumanlar miqyosidagi qashshoqlik darajasi, oʻrtacha isteʼmol va aholining oʻrta sinfi koʻrsatkichlari” boʻyicha hisobot tayyorlandi. Unda kambagʻal va oʻrta sinf aholi yashaydigan tumanlar xaritalari butun mintaqa, xususan, Oʻzbekiston uchun alohida keltirilgan.

Bu orqali, jumladan, kambagʻallikni kamaytirishga qa­ratilgan saʼy-harakatlar ­samaradorligini oshirish yoki mahalliy darajadagi ijti­moiy guruhlar muammolarini hal qilish uchun mablagʻlar ajratilishida foydalanish maqsad qilingan. Ana shu tahlillar daromadlar taqsimlanishi omillarini tushunish hamda kerakli choralarni aniqlash va ­ishlab chiqishda qoʻllaniladi.

Natijalardan maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekistonning aksariyat hududlarida qashshoqlik darajasi kuniga 3,2 dollarni tashkil etadi. Bu Markaziy Osiyoning boshqa (Tojikiston, Qirgʻiziston) mamlakatlariga qaraganda birmuncha past koʻrsatkichdir. Oʻzbekistonning ayrim hududlarida daromad notekis taqsimlangan. Kambagʻallikning yuqori darajasi Toshkent, Samarqand, Surxondaryo, Andijon viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasining ayrim tumanlarida kuzatilyapti. Oʻrta sinf aholining umumiy aholi sonidagi ulushining eng past darajasi ham Samarqand, Surxondaryo, Andijon, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasining baʼzi tumanlariga toʻgʻri kelmoqda.

Albatta, Prezidentimiz qayd etganidek, kambagʻallikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini koʻpaytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga oʻqitish, moliya­viy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uygʻotish, infratuzilmani yaxshilash, farzandlarini oʻqitish, sifatli davolanish, manzilli nafaqa toʻlash tizimini joriy qilish kerak.

Metodologiya ilmiy xulosalar asosida yaratilishi zarur

Kambagʻallik millatning ­sogʻligʻi, mehnatga layoqati va ilmiy salohiyatiga putur yetkazadi. Shuningdek, uning oqibati natijasida Davlat byudjetining pasayishi va siyosiy ­jarayonlarning keskinlashishiga sabab boʻladi.

Ushbu oʻrinda 2019-yilda iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan olimlar ham aynan jahonda kambagʻallikni pasaytirish boʻyicha olib borgan tadqiqotlari uchun mukofotlanganligini esga olish zarur boʻladi. Bular ­amerikalik Maykl Kremer va kelib chiqishi asli hindistonlik boʻlgan Abxidjit Banerdji hamda uning rafiqasi ­Ester Dyuflo boʻlib, ular kambagʻallikni aniqlash va uni bartaraf etish borasida ijti­moiy innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etishdi.

Ularning ilmiy tadqiqot natijalariga koʻra, kambagʻallikni yuzaga keltiradigan omillar, shart-sharoitlar diagnostikasi bilan birga har bir mamlakat, hudud va oila kesimida bartaraf etish mumkinligi aniqlandi. Tabiiy fanlar va tibbiyotda olib boriladigan tajriba usullaridan (eksperiment) keng foydalangan holda, mazkur olimlar Keniya va Hindiston oilalari, individlari misolida dala tajribasi asosida kambagʻallikni aniqlash, uni pasaytirish boʻyicha izlanishlarni olib borishib, quyidagi bosh savolni qoʻyishdi: kambagʻal davlatlarda tahsil olayotgan oʻquvchi-bolalar uchun bepul tushlik foydalimi yoki oʻquv qoʻllanma?

Ular tomonidan olib borilgan koʻplab tajribalar (u 20 yil davomida amalga oshirilgan) shuni tasdiqladiki, bepul tushlik va qoʻshimcha oʻquv qoʻllanma oʻquvchilarning oʻzlashtirish koʻrsatkichiga unchalik ham sezilarli taʼsir koʻrsatmas ekan. Shu boisdan maktablarni turli xildagi zamonaviy oʻquv qurollari bilan taʼminlash, moddiy-texnika bazasini yaxshilashga yoʻnaltirilgan moliyaviy ­xarajatlarni amalga oshirish, oʻquvchilarni bepul tushlik va ki­yim-boshlar bilan taʼminlash kabi choralar qumga suv sepgan kabi singib ketar ekan.

“Xalq so`zi ONLINE”

Oʻzlashtirish koʻrsatkichi va oʻquvchilarning bilim saviyasini koʻtaradigan asosiy omil: taʼlim berish shaklini va oʻqituvchilarning taʼlim berish sifatini oshirish, oʻquvchilarga individual yondashuv usullarini kuchaytirish (dars mazmunini oshirishga) hamda bolalarni qiynab keladigan gijja kasalliklaridan forigʻ boʻlishlarini taʼminlashga bogʻliq ekan. Bolalar organizmida joylashgan parazitlardan xoli boʻlmasdan turib, ularga qanchalik bilim bermang, uning aqli va tafakkuri kengayib qolmasligini Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ham tasdiqladi.

Shu paytga qadar BMT, Jahon banki, Jahon valyuta tashkiloti va turli jamgʻarmalar tomonidan kambagʻal davlatlarga milliardlab AQSH dollari qiymatida moliyaviy yordamlar, subsidiyalar yoʻnaltirilganiga qaramay, aholining savodxonligi oshib, oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlash va tadbirkorlik qobiliyati oshib qolmadi. Bularning barchasi besamar ketdi. Ushbu davlatlar kambagʻallik balosidan qutula olishmadi. Aynan, Abxidjit Banerdji, Ester Dyuflo hamda Maykl Kremer buni isbotlab berishdi va dala tajribasi asosida kambagʻallikdan forigʻ boʻladigan “tabletka”ni kashf qilishdi hamda oʻzlarining nomlarini iqtisodiyot tarixida ­muhrlab qoʻyishdi.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, birinchi navbatda, ishsizlik darajasini pasaytirishga eʼtiborni kuchaytirish lozim. Bu borada oʻziga mustaqil yordam bera olmaydiganlarni qoʻllab-quvvatlovchi faol va taʼsirchan siyosat yuritish, ushbu maqsadlarga jamiyat va xususiy sektor resurslarini jalb etish katta samara beradi.

Binobarin, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda odamlarimizni tadbirkorlikka oʻqitishning eng ilgʻor dasturlarini ishlab chiqish va kasbga oʻqitishda nodavlat tashkilotlari faolligini kuchaytirishga ehtiyoj katta.

Kasanachilik mehnat turini rivojlantirish kerak. Bunda zamonaviy mashinalar, uskunalar, xom ashyo va materiallarni xarid qilish uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatini yaratish darkor. Kasanachilarga buyurtmachilar topishiga, tadbirkorlik subyektlari bilan kooperatsiyasini kengaytirishga koʻmaklashish zarur.

Shuningdek, ishga joylashishga muhtoj shaxslarga kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini kengaytirish, bozor ehtiyojlarini hisobga olgan holda, maqbul shart-sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgan choralar koʻrish foydadan xoli boʻlmaydi.

Aholi real daromadlari va xarid qobiliyatini oshirish, buning uchun ijtimoiy mehnat taqsimotini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish orqali jon boshiga toʻgʻri keladigan tovar va xizmatlar ishlab chiqarish hajmini, yaʼni mehnat unumdorligini keskin oshirish darkor.

Kambagʻallik holatida yoki chegarasida yashayotgan aholi qatlamini qashshoqlikdan chiqarish uchun ajratilayotgan imtiyozli kreditlar va aholi tomorqalaridan maqsadli foydalanishda mikroklaster tuzilmalarini yaratish maqsadga muvofiqdir.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, bugungi kunda ­Oʻzbekistonda kambagʻallikni kamaytirish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Fikrimizcha, mazkur yoʻnalishda jahonning ilgʻor mamlakatlari tajribasidan unumli foydalanishimiz kerak. Bu borada, biz, olimlardan ham jonbozlik, faol ilmiy izlanishlar olib borish talab etiladi. Shundagina Prezidentimiz taʼkidlagan metodologiyani yaratish va hayotga tatbiq etish imkoniyatiga ega boʻlamiz.

Sherzod MUSTAFOQULOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Universitet 3.0” xalqaro oʻquv, ilmiy-innovatsion tadqiqotlar markazi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?