Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqildi

11:52 10 Oktyabr 2018 Hujjatlar
378 0

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasi uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirildi.

Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi. Loyihada nafaqalar va moddiy yordam ariza beruvchining yashash (doimiy propiska yoki vaqtincha (turgan joyi boʻyicha) hisobga olingan) joyi boʻyicha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan tayinlanishi, vaqtincha (turgan joyi boʻyicha) hisobga olingan joydan ariza bilan murojaat qilganda, doimiy propiskadan oʻtgan joyidan nafaqalar va moddiy yordam tayinlanmaganligi haqida maʼlumotnoma taqdim etishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, hujjatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, uning joylardagi organlari tomonidan nafaqalar va moddiy yordam tayinlangan va toʻlangan fuqarolar haqida maʼlumotlar elektron reyestri yuritilishini belgilovchi norma kiritilmoqda.

Elektron reyestrning joriy etilishi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan byudjet mablagʻlarining maqsadsiz sarflanishi va soxta maʼlumotlar berilishi holatlari oldi olinadi.

Kam taʼminlangan oilalarning propiskadan oʻtgan joyidan qatʼi nazar, ularning moddiy va mulkiy holatini toʻliq oʻrganish hamda haqiqatdan ehtiyojmand va davlat koʻmagiga muhtoj oilalarni aniqlash va ularga oʻz vaqtida zarur moddiy yordam koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?