Kam taʼminlangan 20ta oilaga uylar taqdim etildi

12:25 08 May 2019 Jamiyat
617 0

Qarshi shahridagi Kat mahallasida 20 nafar nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan fuqaroga yangi uy-joy kalitlari va sovgʻa-salomlar topshirildi.

Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Roʻziyev soʻzga chiqdi. Unda taʼkidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati samarasida mamlakatimizda uysiz, kam taʼminlangan, nogiron va boquvchisini yoʻqotgan oilalar zamonaviy uy-joylarga koʻchib oʻtib, baxtli hayot kechirmoqda.

Qarshi shahridagi “Qarliqbogʻot” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Lobar Usmonova turmush oʻrtogʻi vafotidan soʻng uch nafar yosh farzandi bilan qiynalib qoldi. Buning ustiga qaynotasinikida, jami 4 oila bir xonadonda yashashga majbur edi. Ikki oʻgʻli endigina maktabga bora boshlagan. Kenjasiga esa hali ona tarbiyasi zarur. Bu esa ishlash imkonini bermasdi. Xonadon bekasiga yangi uy-joy kalitining topshirilgani ushbu oila hayotida baxtli kunlarni boshlab berdi.

– Bugun men juda baxtiyorman, ayniqsa, farzandlarim xursand boʻlishdi, – deydi L.Usmonova. – Nasib etsa, bu uyda yangi hayot boshlayman. Biz kabi ehtiyojmand oilalarning holidan xabar olganlardan bagʻoyat minnatdormiz. Ilgari uy-joy masalasida koʻp bora murojaat qilgandim, lekin hech natija boʻlmagan. Mana, haqiqat bor ekan. Nihoyat bizning ahvolimiz oʻrganilib, uy ajratildi. Bu hayotimizni, fikrimizni oʻzgartirdi. Bizga koʻrsatilgan bu eʼtiborni, albatta, oqlaymiz. Yonimizdagi tikuvchilik sexida ishlab, baxtli hayot kechirishni niyat qildim.

Darvoqe, yangi xonadonlarga ega boʻlgan fuqarolarning ishlab, mehnat qilishlari uchun mahallada tikuvchilik va mebel sexi faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Bu albatta, nogironligi boʻlgan va kam taʼminlangan oila egalari mana shu sexlarda ishlab, oʻz xonadoni farovonligini oʻzlari yaratadi, demakdir.

Yangi uylarning ishga tushirilishi mahalla ahli uchun katta shodiyona, bayramga aylandi. Tadbir tashkilotchilar tomonidan uyga ega boʻlgan oilalarning 35 nafar farzandiga oʻquv-qurollari va boshqa qimmatbaho sovgʻalar ham berildi. Taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar bayramga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

A. Muhammadiyev


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?