Kayfiyatni buzadigan 7 mahsulot qaysilar?

13:41 06 Yanvar 2020 Lifestyle
425 0

Butun dunyodagi parhezshunos(diyetolog)lar jahldan qutulib, kayfiyatni yaxshilashda yordam beradigan mahsulotlarni aniqlashganiga ancha boʻldi. Bunday neʼmatlar isteʼmoli organizmda endorfinlar, yaʼni baxt gormonlari ishlab chiqarilishiga koʻmak beradi.

Biroq hamma isteʼmol mahsulotlari ham aslida kayfiyatni koʻtaravermas ekan. Ayrimlari bu borada na ijobiy, na salbiy taʼsir koʻrsatsa, boshqalari faqat qisqa vaqtda kayfiyatni koʻtarib, shundan soʻng insonda holatini yanada yomonlashish xavfini tugʻdiradi. Amerikalik olimlar esa odam kayfiyatini buzishga qodir yettita mahsulot roʻyxatini tuzib chiqishdi, deb yozadi “Rossiyskaya gazeta“

1. Chipslar.

Ularning tarkibida juda zararli kislota va akrimalid kanserogeni mavjud. Bu moddalar organizmga oʻta salbiy taʼsir koʻrsatadi — endorfinlar yoʻlini toʻsib qoʻyadi. Vaholonki, inson miyasiga ularning doimiy oqimi juda zarur, agar bu holat buzilsa, shu zahoti kayfiyat ham “ketdi” deyavering.

2. Dudlangan goʻsht

Sanoat yoʻli bilan tayyorlangan dudlangan goʻsht tarkibida katta miqdorda shakar, tuz, toʻldiruvchilar, konservantlar va nitratlar boʻladi. Bular insonning ovqat hazm qilish tizimiga taʼsir koʻrsatib, yomon kayfiyatni yuzaga keltiradi.

3. Shirin alkogolsiz ichimliklar

Bunday mahsulotlar isteʼmolidan keyin qonda shakarning keskin koʻtarilib-tushadi, oqibatda uning miqdori tushib ketadi va kayfiyatsizlikka sabab boʻladi. Shirin alkogolsiz ichimliklar odatda depressiya(tushkunlik) rivojlanishining potensial ehtimoliy sabablaridan biri hisoblanadi.

4. Margarin.

Ushbu mahsulot omega-6 sanoat yogʻ kislotalaridan tarkib topgan. Garchi olimlar uning zarari koʻpmi yo foydasi degan masalada uzoq vaqtdan buyon bahslashib kelishayotgan boʻlsalar-da, qator test sinovlari u rostdan kayfiyatga salbiy taʼsir qilishini koʻrsatdi.

5. Qovoqning ishlov berilgan urugʻlari

Ushbu mahsulot tarkibidagi kaliy bromat qalqonsimon bezning yodni yutishini bloklab qoʻyadi. Qolaversa, tibbiyot xodimlari ham uni kayfiyatni buzishga qodir “eng mashhur” mahsulotlardan biri sifatida baholashadi. Yaxshi tomoni, qovoq urugʻlari kayfiyatni faqat qisqa muddatga tushiradi, xolos.

6. Bublik(katta yoʻgʻon teshik kulcha)lar

Ayniqsa, ertalabni bunday mahsulot bilan boshlasangiz yomon. Umuman olganda, nonushtada katta miqdorda uglevodlar isteʼmol qilish tavsiya etilmaydi, sababi organizm miyaga nisbatan kechroq uygʻonadi va ovqat hazm qilish tizimiga bunday moʻl uglevodni qabul qilishi uchun koʻp vaqt ketadi. Oqibatda kayfiyat gormonlarini ishlab chiqarish buziladi.

7. Yeryongʻoq

Siz yongʻoqlarda qandaydir zararli narsa boʻlishi mumkin emas deb oʻylaysizmi? Xato qilasiz, doʻkon rastalaridagi shoʻr yeryongʻoqlar tarkibida natriy glutamat, ularni qayta ishlashda qoʻshilib qoladigan va kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan katta miqdordagi oziq-ovqat qoʻshilmalari boʻladi. Hayron qolish mumkin, ammo bu mahsulot ham kayfiyatni buzishga taʼsir koʻrsatar ekan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?