Kafedra mudiri: " Adabiyotshunoslik ham fan boʻptimi? Hamma savodsizlar, safsatachilar...”

17:14 12 Avgust 2019 Jamiyat
111 0

Illyustrativ foto

Ilmli, ziyoli insonlarning barchasi birday qalbi goʻzal, xulqi xush, iymon-diyonatli boʻladi, deb oʻylardim. Chunki dunyoda biror bir ilm yoʻqki, yomonlikni, yovuzlikni oʻrganishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan boʻlsa...

Qolaversa, bunday xulosaga kelishimga oliy oʻquv dargohida taʼlim bergan barcha ustozlarim sababchi boʻlishgan.

Poytaxtda doktorantura bosqichidagi tahsilim nihoyasiga yetmay, taqdir taqozosi bilan Samarqandga koʻchib keldim. Ketma-ket bola tarbiyasi uchun taʼtillar bilan boʻlib, ilmiy ishimga ham qoʻl tegmay, ancha payt chalaligicha navbat kutib yotdi. Biroq ilmiy ish qilishga boʻlgan ishtiyoq bir lahza boʻlsa-da, meni tark etgani yoʻq. Yillab miyamda charx urayotgan fikrlarni jamlab, muayyan bir tizimga solib, yuzaga chiqarish istagi tinchlik bermay boshladi. Niyatim maqsadga aylandi. Uni amalga oshirishim kerak edi. Shu niyatda nufuzli ilm dargohlaridan biriga madad istab bordim.

“Ish soʻrab keldim huzuringizga” deya kafedra mudiri, professor atalmish unvon sohibiga murojaat qildim. Kimsan, falon fanlari doktori, professor Falonchi Pistonchiyev salomimga durustroq alik olish u yoqda tursin, “Kim aytdi sizga bu yerda ish bor deb?” “Nega endi toʻgʻri mening oldimga keladi hamma? Kim sizni bu yerga joʻnatdi?” deya jahl bilan bobillab berdi.

“Hech kim joʻnatmadi, agar oʻrtada biror kim boʻlganda oʻzim kelmagan boʻlardim”, dedim. Doktorlik ishimning mavzusi adabiyotshunoslikka oid edi.

“Adabiyotshunoslik ham fan boʻptimi? Hamma savodsizlar, safsatachilar... Tilni bilmaysizlar! Fonema nima? Frazeologik birlik nima? Soʻz birikmasi nima?”

Tushunmadim. Bu professor javob berishimni kutmayotgan edi. Holbuki, adabiyotshunos boʻlsam-da, uning savollariga javobim tayyor edi. Domla esa yordam berishni ham, javob berishimni ham istamadi. Ustiga-ustak, bir fanni boshqasidan ustun qoʻyish, oʻzidan boshqalarni mensimaslik olimlik madaniyatiga toʻgʻri keladigan ishmi?

“Qayerdan kelgan boʻlsangiz, oʻsha yerga, kim joʻnatgan boʻlsa, oʻshaning oldiga boring!” Ortimdan yangragan soʻzlar hanuz quloqlarim ostida aks-sado beraveradi.

Koʻcha-koʻyda, bozor-oʻcharlarda ilm-ziyodan yiroq, kitob yuzini koʻrmagan kimsalarning muomalasidan kuyinish, aslida, nooʻrin. Chunki ular muntazam ilm bilan shugʻullanmaydigan kishilar. Ziyo maskanida chiroyli liboslarda zohir boʻlib, ilmu toliblarga saboq beradigan, professor unvoni sohiblariga esa bunday muomala uyat emasmi?! Oʻzim oʻqigan dargohdagi ustozlarimning halim xulqi, shogirdlarga boʻlgan mehr-oqibatini qoʻmsab qolaman. Hayot yoʻlimdagi mana shu voqea menga juda qattiq taʼsir qildi. Professorlik ilmini oʻrganish mumkin, lekin insonlik maqomiga erishish mushkul. Bunchalar dilozor, qoʻpol, takabbur olim boʻlgandan koʻra, yaxshi inson boʻlish sharafliroq. Iqrorim, kelgusida ilmiy ishimni yoqlab, professor olim emas, ODAM boʻlmoqchiman!

Zarina RAHMONOVA,

Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti katta ilmiy xodim-izlanuvchisi.

Manba: “Jomboy tonggi” gazetasi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?