YTH xodimini urib, haqoratlagan er-xotinga jazo tayinlandi

10:27 15 Avgust 2019 Jamiyat
79 0

Jinoyat ishlari boʻyicha Karmana tuman sudi A.Navoiy MFY binosida oʻtkazilgan ochiq sayyor sud majlisida sudlanuvchilar er-xotin B.Jumayev va S.Jumayevalarga nisbatan hukm oʻqidi.

Gap shundaki, shirakayf er B.Jumayev joriy yil 23-mart kuni soat tungi 02:00larda “Kobalt” rusumli avtomashinani mast holatda Karmana-Paxtachi yoʻnalishi boʻylab boshqarib kelayotganda “Samarqand” YPX maskanida yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan toʻxtatiladi.

Haydovchining avtomashinadan tushish va hujjatlarni taqdim qilishi soʻralganda, er-xotin inspektorning qonuniy talablariga boʻysunmay, dastlab inspektorning qoʻl telefonini sindirishadi, keyin yuzini tirnab, urib, haqorat qilib, xizmat kiyimlarini yirtishgacha borishadi..

B.Jumayev va S.Jumayeva sud majlisida aybiga toʻliq iqror boʻlib, qilgan ishidan chin koʻngildan poʻshaymonligini bildirishdi.

Sud tomonidan, jinoyat ishi yuzasidan mavjud dalillar va guvohlar koʻrsatmalari har taraflama tekshirildi. Sudlanuvchilarning ayblariga toʻliq iqrorligiyu, qilgan qilmishilaridan chin koʻngildan pushaymonligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi bilan sudlanuvchi B.Jumayevga eng kam oylik ish haqining 2.027 300 soʻm, sudlanuvchi S.Jumayevaga 1.419 110 soʻm miqdorida jarima tayinlandi.

Alisher Saydullayev,

Jinoyat ishlari boʻyicha Karmana tuman sudi raisi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?