YPX xodimi bilan munosabatlar yozilgan audio va videolarni tarqatish taqiqlanishi mumkin

11:24 25 Iyun 2019 Jamiyat
692 0

Oʻzbekistonda 1-iyuldan YPX xodimida videokamera boʻlishi majburiy qilingandi. 24-iyun kuni 1-iyuldan bodi-kamerasi yoʻq YPX xodimiga haydovchi hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga egaligi eslatib oʻtilgandi.

“YPX xodimida videokamera boʻlishi shart. YPX xodimi xizmat vaqtida mobil videokameradan foydalanishi va bu haqida yoʻl harakati qatnashchilariga maʼlum qilishi shart. Shuningdek, noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilsa, buni isbotlash uchun ushbu video yozuvdan foydalanilishi haqida haydovchini ogohlantirishi lozim”, deyilgandi Adliya vazirligi maʼlumotida.

Lekin bu tartib, aftidan, 2019-yil 1-iyuldan kuchga kirmaydi.

Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev telegramdagi kanalida yozishicha, 14-iyun kuni Ichki ishlar vazirligi tomonidan regulation.gov.uz portalga Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi joylashtirilgan. Loyiha VMning 2018-yil 1-dekabrdagi 975-son qaroriga bir qator oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutmoqda.

“Unga koʻra, mobil videokameraga oid talablar 2019-yil 1-iyuldan emas, balki 2020-yil 1-yanvardan kuchga kirishini belgilashmoqchi.

Bu nima degani, bilasizmi? Bu Hukumat qarorlari qay darajada oʻyinchoq boʻlib qolganini koʻrsatadi. Kim nimani xohlasa, shuni qilyapti. Hozir xohlasa 2020-yil 1-yanvargacha uzaytirishadi, undan keyin xohlasa 2030-yil 1-yanvargacha uzaytirishadi, undan keyin xohlasa butunlay bekor qilib yuborishadi”, deya yozadi bloger.

Videolarni YPX xodimi ruxsati bilan joylash haqidagi oʻzgarish

Bundan tashqari, IIV oʻz loyihasida boshqa oʻzgarishlarni ham taklif etgan. Jumladan, haydovchilar oʻziga tegishli audio, foto va video qurilmaga YPX xodimi bilan oʻzaro munosabati qayd qilingan maʼlumotlarni internetga ruxsatsiz joylashtirmasligi haqida talab qoʻshilmoqda. Yaʼni, buning uchun oʻsha YPX xodimidan ruxsat olish kerak boʻladi.

“Bu nima uchun qilinyapti, YPX xodimlarining xatolari, qonunga xilof harakatlarini birovlar koʻrmasligi uchunmi? YPX xodimi davlat idorasining vakili hisoblanadi va jamoatchilik nazorati nuqtai nazaridan uning harakatlari ommaviy eʼlon qilinishi mumkin. Bu fuqarolarning axborot olish va tarqatishga oid konstitutsiyaviy huquqi bilan chambarchas bogʻliq.

Xoʻp, oʻsha videoni Internetga oʻzimas, oʻrtogʻi joylashtirdi, unda nima boʻladi? Xoʻp, oʻsha videoni oʻzi joylashtirdi, undachi, unda nima boʻladi? Jarima solinadimi? Qaysi modda bilan? Bu savollarning birortasiga javob yoʻq.

Xullas, Ichki ishlar vazirligining bir-biridan ajoyib takliflari aks etgan loyiha 29-iyungacha muhokama qilinadi. Siz ham muhokamada qatnashing va fikrlaringizni qoldiring”, — deb yozadi bloger.

Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga 2017-yilgi Murojaatnomasida yaqin vaqt ichida militsiya xodimlari yelkasiga bodi-kamera taqib ishlashini maʼlum qilgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?