Yoʻlovchi tashishda sifat va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi

17:37 10 May 2019 Jamiyat
302 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 may kuni “Toshkent” avtovokzalida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 10 yanvardagi qaroriga muvofiq aholiga transport xizmati koʻrsatish, shaharlar va qishloqlarda yoʻlovchilar tashish tizimi yaxshilanmoqda.

Jumladan, Chilonzor tumanidagi “Toshkent” avtovokzali rekonstruksiya qilinib, yangicha qiyofa kasb etdi. Bir vaqtning oʻzida 2 mingdan ziyod yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi. Mahalliy va xalqaro yoʻnalishlarda qatnovlar yoʻlga qoʻyildi.

Vokzal eng ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlangan. Dispetcherlik xizmati, chiptaxona, kutish zali va VIP zalda yoʻlovchilar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan. Mehmonxona, ona va bola hamda tibbiyot xonalari, savdo doʻkonlari, ayollar va erkaklar uchun alohida namozxona, barlar tashkil etilgan. 31 ta perron, 80 ta avtobus uchun joy mavjud.

Bugungi kunda Toshkentdan Yangiyer, Zomin, Samarkand, Zarafshon, Kattaqoʻrgʻon, Xatirchi, Uchquduq, Termiz, Denov, Buxoro, Qorakoʻl va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha kuniga 10 dan ortiq mahalliy reyslar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, avtovokzaldan 12 ta xalqaro yoʻnalish boʻyicha xizmat koʻrsatilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan xorijiy davlatlarga vaqtinchalik ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni manzillariga xavfsiz yetkazish maqsadida avtobusda tashishga ixtisoslashtirilgan “Uzautotrans Service” korxonasi tashkil etildi. Korxona parki Xitoyning “Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 168 ta zamonaviy avtobus bilan toʻldirildi.

Ushbu avtobuslar 53 yoʻlovchiga moʻljallangan boʻlib, ular uchun maksimal darajada qulaylik yaratilgan. Oʻrindiqlar yumshoq, har bir oʻrindiq tepasida havo deflektori va individual yoritish chiroqlari mavjud. Konditsioner va monitorlar safarlar chogʻida juda qoʻl keladi.

Shu yerda yoʻlovchi tashish tizimidagi muammolar va ularni bartaraf etish mexanizmlari, xalqaro va shaharlararo avtobus yoʻnalishlari, avtovokzal hamda avtostansiyalarni rivojlantirishga oid rejalar taqdimoti oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari har qanday ob-havo sharoitida yoʻlovchilarga yuqori darajada xizmat koʻrsatish, qatnovlarda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, narxlarni arzon qilish, haydovchi va vokzal xizmatchilari malakasini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

 



Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?