Yoʻl boʻlimi hokimning uyiga asfalt bosayotgani yoʻq! — Bagʻdodda deputatlar nega iqtisodiy sudga soʻrovnoma yubordi?

18:04 15 Sentyabr 2020 Jamiyat
119 0

Ushbu savolga Fargʻona viloyati Bagʻdod tumani hokimligi axborot xizmatining ushbi ma'lumoti orqali javob olishingiz mumkin.

"Yaqin orada yurgan boʻlsangiz, Bagʻdod tumani markazidan oʻtuvchi yoʻlning maʼlum qismida taʼmirlash ishlari olib borilayotgan edi. Lekin, nima boʻldiyu, bu ishlar yarmiga yetib-yetmasdan taqqa-taq toʻxtadi-qoldi. Birov aytdi: yoʻl boʻlimi ishchilariga oylik berolmay qolibdi, deb. Boshqasi aytdi: bitum yetkazib berilmayapti ekan, deb... Xoʻsh, taʼmirlash ishlarining toʻxtab qolishiga aslida nima sabab boʻlgan edi? Tuman kengashi deputatlari ana shu masalani manzilli tartibda oʻrgandilar.

Rasmiy hujjatlarda “4R148A – “Furqat” stansiyasiga kirish yoʻli” sifatida nom olgan ushbu yoʻlning 5- va 6-kilometrlari oraligʻida, 600 metr masofada joriy taʼmirlash ishlari olib borilishi belgilangan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 4-aprel kungi “Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2020-yilda qoʻshimcha ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini shakllantirish va amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi yigʻilish bayoniga asosan yoʻlning ayni qismini taʼmirlash uchun 2 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi. Ushbu mablagʻning maʼlum qismi tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi hisob-raqamiga kelib tushishi bilanoq, keng koʻlamli qurilish-taʼmirlash ishlari boshlandi. Lekin koʻp oʻtmay, pulning boshqa “ega”lari chiqdi: Majburiy ijro byurosi katta miqdordagi tashqi qarzlarni qoplash majburiyatini yuklab, korxona hisob-raqamiga taqiq qoʻydi va pullar haqdor subyektlarga undirib berila boshlandi.

— Albatta, byuroning qonuniy talabiga hech qanday eʼtirozimiz yoʻq, — deydi tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi rahbari Yigitali Tillayev. — Lekin korxonaning qarzdorligi uzoq yillar davomida, bundan 6-7 yil avval boshqaruvdagi sustkashliklar oqibatida yigʻilib qolgan. Nega endi eski paytdagi qarzdorlik uchun bugun biz balogardon boʻlishimiz kerak?! Toʻgʻri, istaymizmi-yoʻqmi, oʻsha qarz — bizniki! Vaqti-vaqti bilan bu qarzni qaytaryapmiz. Shu kungacha 5 mlrd. soʻm miqdoridagi qarzdorlikning 2,6 mlrd. soʻmlik qismini qaytardik, qarab oʻtirganimiz yoʻq! Lekin manavi ishimiz uchun berilgan pulni toʻligʻicha haqdorlarga undirib berish qanchalik adolatdan – bilmadim...

Rahbarning maʼlum qilishicha, hozirga qadar 900 mln. soʻmlik ish bajarildi va yana 1 mlrd. 100 mln. soʻm hajmda ish bor bu yoʻlda. Bundan tashqari, piyodalar yoʻlakchasini barpo etish uchun qoʻshimcha 500 mln. soʻm mablagʻ oʻzlashtirilishi belgilangan. Lekin “xaltadagi pul”ga koʻz tikkanlar shunchalik koʻpki, buyurtmaning bajarilmasdan qolishi xavfi bor hatto.

— Yoʻl boʻlimi hokimning uyiga asfalt bosayotgani yoʻq! — deydi mahalliy kengash deputati Maqsudjon Xolmatov. — Bu yoʻl — xalqniki! Xalq roziligi uchun qilinyapti bu ishlar. Albatta, iqtisodiy munosabatlarni biz ham yaxshi tushunamiz: MIB xodimlari vakolatlari doirasida ish olib borishyapti, lekin endi-endi oʻziga kelayotgan tashkilotning “ogʻzidagi noni”niyam tortib olsak, ertaga 161 nafar ishchi-xodimning ahvoli nima kechadi? Bugungidek pandemik vaziyatda shuncha odamning oilasi, bola-chaqasi qayga boradi? Ana shularni inobatga olib, biz — deputatlar Rishton tumanlararo iqtisodiy sudiga soʻrov yuborishga kelishdikki, masala har tomonlama puxta oʻrganilsin, yoʻl boʻlimiga qarzdorlikni bosqichma-bosqich bartaraf etish imkoniyati berilsin, degan maʼnoda. Agar soʻrovimiz inobatga olingudek boʻlsa, bu — bagʻdodliklar uchun juda katta yutuq boʻladi.

Maʼlum qilinishicha, xalq deputatlari Bagʻdod tumani Kengashi tomonidan ushbu masala yuzasidan 27-avgust kuni Rishton tumanlararo iqtisodiy sudi raisi S. Rustamov nomiga № 01-09/8-sonli soʻrovnoma yuborilgan. Sud bu boʻyicha qanday qarorga keladi – tez kunda bilib olamiz. Oʻz masʼuliyatlarini toʻla-toʻkis anglagan, xalq manfaatlarini koʻzlagan holda ish tutayotgan deputatlarni esa hozirdanoq olqishlashingiz mumkin" deyiladi ushbu maʼlumotda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?