Yoʻl azobi…yoxud oʻzavtoyoʻllardagi muammolar

22:18 05 Fevral 2019 Jamiyat
835 0

Illyustrativ foto

Kattalarimiz bekorga yoʻlga chiqayotgan paytimizda “Yoʻling bexatar boʻlsin”, “Allohim panohida asrab, yoʻlda yoʻldoshing boʻlsin” deya duolar qilishmagan. Axir olis manzillarimizni yaqin qiladigan yoʻldir. Yoʻl qurgan odamga qancha savob yozilishi ham muqaddas kitoblarimizda keltirilgan. Bugungi kunda jahon standartlariga javob beradigan yoʻllarni qurish zamon talabiga aylanmoqda. Xoʻsh bu borada mamlakatimizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?! Yashirmaymiz, oxirgi besh-olti yil ichida avtotransport yoʻllari koʻzimizni quvontiradigan boʻldi. Manzillarimizga xotirjam va xavfsiz yetib olishga ishonchimiz oshdi.

Har yaxshining bir ammosi, har yomonning bir lekini boʻlganidek yoʻllarimizda muammolar ham yetarlicha. Muammolarning qachon hal boʻlishiga aniq ijobiy javob berolmaymiz. Bunga 2018-yil davomida yoʻldagi avtohalokatlarni ham misol keltirishimiz mumkin. Oʻtgan yilda 6236 ta yoʻl transport hodisasi yuz bergan va oqibatida 2262 ta kishi halok boʻlgan, 8458 ta kishi tan jarohati olgan (bu haqida IIV matbuot xizmati xabar qilgan). Bu bir kunda 6 ta kishi avtohalokat tufayli vafot etishi demakdir. Aynan ushbu avtohalokatlarning asosiy qismi Surxondaryo, Qamchiq dovoni (Vodiy pereval), Jizzax viloyati va Buxoro viloyatining “Romitan” yoʻllarida yuz bergan. Qayd etish joizki, shaharlararo trassalarda muntazam ravishda avtomashinalarning qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib ketishi oqibatida yoʻl transport hodisalari sodir boʻladi. Xoʻsh bunday koʻrsatkichga nima sabab boʻlmoqda?!

Taʼmirdan chiqqan “taʼmirtalab” yoʻllar…

Kuzatganmisiz nega yoʻllarimiz taʼmirdan tez chiqadiyu, ammo uzoq vaqtga chidamaydi?! Axir bitta yoʻlni qurib bitkazish uchun oz-muncha xarajat ketadimi?! Yoʻllarimizdagi taʼmirlash ishlari hechqachon tugamaydigandek tuyiladi. Qaysi viloyatga safarga bormaylik kilometrlarga choʻzilgan, buzilayotgan yoki tuzatilyotgan yoʻl ustidan chiqamiz. Qarabsizki bu yoʻllar aslida yangi qurib bitkazilgan yoʻlning qayta taʼmiri boʻlib hisoblanadi. Nega bizga yoʻllar “chidamaydi”?! Aslida muammo bizda emasligini yaxshi bilamiz.

Arxiv foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Birgina Qamchiq dovonidagi katta magistral yoʻlining 8 kilometri mana necha yildirki hanuzgacha rekonstruksiya ishlari qurib bitkazilmagan. Axir vodiy bilan Toshkentga “koʻprik” boʻlgan yagona katta yoʻlimiz shu emasmi?! Bu yerda respublikamizning 30% dan ortiq aholisi istiqomat qiladi. “Vodiy pereval” desak toʻrt faslda ham qor ketmaydigan qaysar togʻlari va hech qurib bitkazilmaydigan chuqurliklarga toʻla “ravon” yoʻllari koʻz oldimizga keladi. Telefonimizga FVVdan keladigan tinimsiz SMS xabarlar ham aynan koʻpchiligi Qamchiq dovonidagi yoʻllardan ogohlantirishdir.

D.Sobirov (haydovchi): - Toshkent-Andijon yoʻnalishida koʻp yillardan beri haydovchilik qilaman. Tirikchiligim shundan oʻtadi. Lekin har doim yoʻlga chiqqanimda “yuragimni qoʻlimga ushlab” ketaman. Chunki Qamchiq dovonida izi koʻrinmas tirbandlik bilan bir qatorda yoʻlning notekisligi, chuqurliklardan qochish oqibatida uch marta avtohalokatga uchraganman. Allohning omonatlarini oʻz manziliga omon yetkazish uchun qancha ehtiyotkor boʻlmayin, ammo muammo faqat oʻzimda emas. Bu boʻyicha “Oʻzavtoyoʻl” AKga vodiylik taksichilar bilan juda koʻp murojaat qilganmiz. Taʼmirlab beriladi degan javobdan boshqasini ololmadik.

Bu muammolar faqatgina Qamchiq dovonida emas balki, respublikamizning koʻp joylarida uchraydi. Masalan, Surxondaryo, Jizzax, Buxoro viloyotlarida ham shaharlararo katta magistral yoʻllarda aynan shunga oʻxshash muammolarga duch kelinadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Jizzax va Buxoro viloyatidagi ayanchli avtohalokatlarni misol sifatida keltirishimiz mumkin. Oʻtgan yili aprel oyida Jizzaxda boʻlgan avtohalokat tufayli 8 kishining vafot etganligi haqida xabarlardan haligacha oʻzimizga kelganimiz yoʻq. Eng achinarlisi bu fojealarning oldi olinishi oʻrniga, baxtsiz hodislar haqida xabarlarni koʻp eshitamiz.

Arxiv foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Buxoro viloyatidagi “Romitan” magistral yoʻli. Bu yoʻldagi muammolar haqida haydovchi ogʻa bilanToshkentdan Qoraqalpoqgacha suhbatlashib ketsa boʻladi. Qoraqalpoq, Xorazm va Buxoro diyorini birlashtirib turadigan bu yoʻlda avtomobilda harakatlanishning oʻzi boʻlmaydi. 70 kilometrga choʻzilgan chuqurlik va notekisliklarga toʻla yoʻlda yoʻl qoidalariga amal qilib yurishning oʻzi qiyin. Nomiga qilingan taʼmirlash ishlari va yillar davomida “oyni etak bilan yopib” kelingan bu yoʻlni yana necha yil shu holida koʻrar ekanmiz?! Oʻzimiz oʻzbekchilik deb yoʻlning uyogʻi-buyogʻidan yoʻl topib oʻtaverarmiz. Yurtimizga kelgan chet ellik sayyohlar nima qilsin?! Axir ularni birinchi qiziqtiradigan joylar Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarimiz emasmi?! Yoki shu notekis yoʻllardan qochib, harakatlanishni oʻrgatadigan alohida qoʻllanma tayyorlarmiz, balki!!!

Ortiz Netali (ispaniyalik sayyoh): – Oʻzbekiston haqida ishxonamadagi hamkasbimdan eshitganman. Bu yerdagi tarixiy shaharlar meni qiziqtirib qoʻygan. Oʻzim ham Markaziy Osiyo davlatlariga kelishni hoqladim. 2018-yilda Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlarida boʻldik. Orol dengizini ham koʻrmoqchimisiz. Ammo biz juda charchadik, poyezd yoki samolyotga chipta olmagan edik. Chunki yengil mashinada sayohat qilish qulay deb oʻyladik. Ammo yoʻllarda juda qiynaldik.

Toshkent-Termiz magistral yoʻli. Shaxsan oʻzim bu yoʻllardan shikoyat qilib Surxondaryoga uzatilgan dugonamning toʻyiga borganim uchun qancha “minnat” qilganman. Toʻyga borayotganim esimdan chiqib, faqat jonimni omonligini tilab borganman manzilimgacha. Gʻuzor va Dehqonobod yoʻllari hech taʼmirdan chiqmaydigandek tuyiladi. Ayniqsa, Oqrobot, Boysun, Oltinsoy yoʻllari shaharlararo yoʻllarni birlashtiradi. Bu yoʻllardagi muammolar, aholining tinimsiz murojaatlari OAV yuzlariga qancha olib chiqilishiga qaramay, ammo muammo muammoligicha qolmoqda. Xoʻsh bu muammolarga qachon yechim topiladi?!

Yoʻllarimizning jahon standart talablariga javob bermasligiga “xoʻrozqand chet elniki boʻlsa…” degan maqol ham yodimga tushadi. Chunki bu katta magistral yoʻllarni aynan chet ellik kompaniyalar bilan hamkorlikda qilinganligi, yoʻl qurish yoki taʼmirlash boʻyicha tenderlarda oʻzimizning tadbirkorlardan koʻra ularning qoʻli baland kelganligi hech kimga sir emas. Natijada sifatsiz, talabga javob bermaydigan yoʻllarni qurib, oʻz davlatlariga “yoʻlimizni yarim” qilib ketyabdi. Oʻzimizning tadbirkorlarning boʻlsa, katta magistral yoʻllar qurishga texnikalarining yetishmasligi katta muammoligicha qolmoqda. 2018—2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash konsepsiyasi tasdiqlanganidan xabarimiz bor. Balki, oʻzgarishlar endi boshlanar…

Yoʻl belgilari yoʻlni aniq koʻrsatadimi…

Bilaman, hozir yoʻl belgilaridagi muammolarni sanab oʻtyapsiz. Koʻpchiligimiz yoʻl belgilari va yoʻllarda joy nomlari noaniqligi sabab qiyinchiliklarga duch kelganmiz. Yoʻl belgilarining kamligi, borlarining ham noaniq tartibda joylashganligi (masalan, daraxtlarning tagida, uylarning devorlariga joylashishi) oqibatida avtohalokatlar ham talaygina. Yoʻl nomlarining toʻgʻri yozilmaganligi va statistikadagi nomlari bilan bir xilmasligi sabab yoʻllarda koʻp adashamiz. Masalan, yurtimizga kelgan sayyohlar koʻpincha avtomobilda sayohat qilishni yaxshi koʻradi. Chunki yoʻl-yoʻlakay manzaralarni tomosha qilish, oʻzi koʻrmagan joylarni xohlasa toʻxtab ketish kimni ham qiziqtirmaydi deysiz. Ammo ularning xaritasidagi yoʻl nomlari bilan “peshtaxta”ga ilingan joy nomlari boshqa-boshqa chiqib keladi. Natijada sayohat qilaman deb kelgan sayyohlarimizning sayohati yoʻl izlash bilan oʻtadi. Yoʻl belgilarini toʻgʻri oʻrnatish shunchalik qiyinmikan deb oʻylab qolasan kishi. Chunki baʼzi yoʻl belgilari shunchalik kulguli, oqibati qaygʻuli joylashtirilgan. Masalan, yoʻl belgilari daraxt turgan boʻlsa daraxtdan keyin joylashtirilgan va yoʻlda kelayotgan haydovchi “daraxtning ortiga yashirinib turgan belgini” koʻrmasdan qoidani buzadi. Umuman yoʻl belgilari va yoʻlda joy nomlarini joylashtirishga kim javobgar?!

Yoʻlni qurib bersa boʻldi, xarajatini oʻzimiz koʻtaramiz…

Uyimni sogʻinib qishloqqa boraman, shahardan olislaganim sari mashinada “sakrab-sakrab” ketaman. Bu sakrashlarim quvonch va sogʻinchdan tashqari yoʻlning notekisligi, qishloqqa yaqinlashganim sayin asfaltlar xuddi “osmonni bulutlar tark” etayotganidek yoʻqoladi. Nimaga kichkinaligimda “baland poshnali tufli” kiyishga qiynalganimni endi bilyabman. Yomgʻir bir yogʻib bersa bormi, loy koʻchalarda yurishning oʻzi amrimahol. Qishloq odamlarining samimiyligi, oqkoʻngilligini “yoʻlni qurib bersa boʻldi, yoʻlga ketadigan xarajatlarni oʻzimiz koʻtaramiz” deganlaridan bilsa boʻladi. Axir tekis va asfaltli yoʻllardan foydalanishga ularning ham huquqlari bor. Isteʼmolchilar huqularini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga fuqarolarning murojaatlarida ham aynan qishloqlarda yoʻllarni taʼmirlab berishini soʻrab, tegishli joylardan aniq javob ololmaganligi tufayli murojaat qilganlarning ham soni talaygina.

Masalan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Taxtakoʻpir tumanida yashovchi fuqaro M. Berdaqov “Qaratereng” OFIda yoʻllarning notekisligi sabab avtohalokatlarning tez-tez sodir etilishi, qish kunlarida avariyalar soni ikki barobar oshib ketishi va mahallalarda asfalt yoʻllar yoʻqligini” oʻz murojaatida keltirgan. Bunday murojaatlarni minglab misol qilishimiz mumkin.

Haydovchi tezlikni oshirma, uyda seni oilang kutyapti…

Yaxshi, talabga javob beradigan yoʻl qurib bersin uning “madaniyati”ga ham amal qilamiz deyishga shoshilmang. Muammolarni aytish va uni jar solishdan tashqari, oʻzgartirishni birinchi oʻzimizdan boshlashimiz kerak. Axir avtohalokatlarga faqat yoʻlning notekisligi sabab boʻlayotgani yoʻq. Bugungi kunda jahon statistikasiga murojaat qiladigan boʻlsak 35 % yoʻl transport hodisalari haydovchilarning aybi bilan sodir etilar ekan. Hamma narsaning oʻz kasb etikasi boʻlgani singari yoʻlda harakatlanish madaniyati ham boʻladi. Axir haydovchilik guvohnomasini olish uchun oʻqiyotganimizda birinchi boʻlib yoʻl madaniyatini oʻrgatishadi. Yoʻl nazoratchilarimiz qanchalik harakat qilmasin, ammo ularni “chuv” tushirib ketadigan haydovchilarimiz qancha. “Dadajon tezlikni oshirmang”, “Bolam tezlikni oshirma”, “Haydovchi seni uyda oyling kutyabdi”, “Omonatni asra” singari yoʻl madaniyatini targʻib qiluvchi plakatlarga koʻzi tushib tursada, ammo uni buzayotganlar talaygina.Yoʻllarni nazorat qiladigan kameralar qoʻyilganidan soʻng, biroz vaziyat oʻzgardi. Lekin doim ham insoniylik burchimizni kameralar belgilab bermaydi. Yana ogohlantiramiz “haydovchi tezlikni oshirma, uyingda seni oilang kutyabdi”!

“Umid chirogʻi soʻnmasin”…

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi “Yoʻl xoʻjaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorida sohaga oid koʻplab vazifalar belgilandi. Bu farmon va qarorning qabul qilinishini eshitib koʻpchiligimiz xursand boʻlganmiz. Ammo, ijrosi qanchalik amalda bajarilayotganligiga kelsak biroz ranjishimizga toʻgʻri kelmasmikan?!

Uzogʻimizni yaqin qiluvchi, manzilimizga xavfsiz yetib olishimizga sababchi boʻlgan yoʻllarimizdagi muammolar balki kun kelib ijobiy tarafga oʻzgarar. Bir ogʻamiz televizorda “toʻlqinlanib” aytganidek “Navoiydan Toshkentgacha moshni dumalatsa toʻsiqqa uchramay yetib boradigan yoʻlimiz bor” deb maqtanish nasib etsin. Mosh dumalamasa ham, ammo avtomobilda xotirjam manzilimizga yetib oladigan yoʻllarimiz boʻlsin. Avtotransport yoʻllardagi muammolar qachon hal boʻlinishini tegishli tashkilotlardan umumiy javob bilan emas, amaliy harakatlar bilan kutib qolamiz.

Ayjamal JOLDASBAYEVA
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya
qilish jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassis


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?