“Job Cafe” mobil ilovasi nega yaratildi?

13:40 15 Fevral 2019 Jamiyat
477 0

Yaqinda “Job Cafe” mobil ilovasining demo varianti taqdimoti va ushbu loyihani amalga oshirish mexanizmlarini amalga oshirish boʻyicha davra suhbati oʻtkazildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilgʻor texnologiyalar markazining Tijoratlashtirish va texnologiyalar transferi boʻlimining yetakchi mutaxassisi Rustam Ibrohimov oʻzi yaratgan “Job Cafe” mobil ilovasi haqida quyidagilarni gapirib berdi:

– Mazkur ilova mobil telefoni orqali ishlaydi. Unda kunlik ish qidirayotgan fuqarolar roʻyxati shakllantirib boriladi. Roʻyxatlar ish qidiruvchilar hamda hududiy agentlar, yagona darcha, sall centre operatorlari yordamida tuzilishi nazarda tutilgan boʻlib, kunlik ish qidirayotgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlar shaffofligi taʼminlanadi. Bu oʻz navbatida ham bir martalik ish beruvchilarga, ham bir martalik ish qidiruvchilarga ham qulaylik tugʻdiradi.

Ilova faqatgina bir martalik ish qidiruvchilarni ish bilan taʼminlab, bir martalik yumushini amalga oshirish uchun ish kuchi yollagan fuqarolarning talablarini qondirish bilan chegaralanib qolmasligi loyiha mualliflari tomonidan alohida taʼkidlandi. Loyiha ish qidiruvchilar, deylik, har uch oyda bir marotaba shifokor koʻrigidan oʻtishlari, har bir ish qidiruvchiga alohida ID karta ochilishi yoki QR kod berilishi, ularning ijtimoiy muhofaza qilinishi kabi masalalarni hal etishga qaratilgan. Loyiha bir martalik ish qidiruvchilarning huquqlari buzilmasligining oldini olishga, haq-huquqlari muhofaza qilinishiga xizmat qiladi. Xizmatchilarning bir martalik shartnoma bilan xizmat koʻrsatishlari ishchi va ish beruvchi oʻrtasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nizolarni hal qilishga asos boʻladi. Bundan tashqari, har bir ishchi/xizmatchi uchun mehnat daftarchasining ochilishi va fuqarolarning istagiga koʻra maʼlum miqdordagi mablagʻlarning tegishli davlat idoralariga oʻtkazilishi keyinchalik ularning pensiya taʼminotiga ijobiy taʼsir koʻrsatishiga zamin yaratadi.

Ilova muallifi hozirda mavjud boʻlgan ijtimoiy tarmoqlardagi ish qidirish guruhlari, turli saytlardan farqi , uning aynan muayyan malakaga va kasbiy koʻnikmalarga ega boʻlmagan shaxslar uchun moʻljallanganligini qayd etdi. Mazkur loyiha bugungi kunda “mardikorlar” atamasi bilan tilga olinadigan ijtimoiy qatlamning manfaatlari uchun xizmat qiladi. Oʻz navbatida, bir martalik ish qidiruvchilar xizmatlaridan foydalanayotgan fuqarolar ham notanish odamlar tomondan amalga oshirilishi mumkin boʻlgan noqonuniy harakatlardan himoyalanadilar.

Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Yoshlar ittifoqi va boshqa manfaatdor idora va muassasalar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi kutilmoqda.

Ayni kunlarda mobil ilovani mukammallashtirish va joriy etish masalasi Innovatsion rivojlanish vazirligining Jamiyat qurilishiga innovatsiyalarni joriy etish boʻlimi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?